Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Mart, 2025   |   10 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:25
Quyosh
06:43
Peshin
12:38
Asr
16:38
Shom
18:27
Xufton
19:40
Bismillah
10 Mart, 2025, 10 Ramazon, 1446

Rizq borasida mo'minning e'tiqodi

8.08.2022   2643   16 min.
Rizq borasida mo'minning e'tiqodi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.

Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Har bir sohada bo'lganidek, mo'min kishining rizq borasida ham o'z qarashi bo'ladi. Rizqning manbai qayerda? Rizqni kim yaratadi va uni maxluqotlarga kim etkazadi? Mo'min banda rizq, ne'mat, kasb haqida qanday e'tiqodda bo'lishi kerak? Rizqning kelishida kasb qanchalik ahamiyatga ega? Keling, bu savollarga javobni Qur'oni karim va hadisi shariflardan izlaymiz.

Alloh taolo aytadi: “Yerda o'rmalagan narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir. U Zot ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hamma narsa ochiq-ravshan Kitobda bordir(Hud, 6).

Biz oyat tarjimasida “o'rmalagan narsa” deb ifodalagan so'z asliyatda “daabbatun” kalimasi bilan berilgan. Mazkur so'z xoh erkak, xoh ayol, xoh aqlli, xoh aqlsiz bo'lsin, joni bor tirik mavjudot borki, hammasini o'z ichiga oladi.

Alloh taoloning qudrati, ilmi va ne'mati butun borliqni qamrab olgan. Yer yuzida, osmonda, suvda va er ostida qimirlagan jonzot borki, Alloh ularning rizqini yaratish va uni jonzotlarga etkazishni O'z zimmasiga olgan. U Zot maxluqotlarining hayotlik chog'larida qayerga borib, qayerga qaytishlari, qayerlarni makon tutib, qay tariqa ozuqa topishlarini ham biladi. Har bir narsa Allohning huzuridagi Kitob – Lavhul Mahfuzda taqdir qilib, yozib qo'yilgan. Hususan, jonzotlarga rizq berilishi, uning miqdori va qancha ekani ham o'sha Kitobda yozib qo'yilgan.

Ba'zi ulamolar: “Rizq faqat haloldan bo'ladi, harom narsalar bandaga rizq emas”, deb aytishgan. Ammo Ahli sunna val jamoa ulamolari ushbu oyatni dalil qilib, harom narsalar ham bandaga rizq bo'ladi. Aks holda, umri bo'yi haromdan kasb qilganlar (masalan, o'g'ri, riboxo'rlar) rizqdan benasib bo'lar edilar, deyishgan.

Rivoyat qilinishicha, Muso alayhissalomga vahiy nozil qilinayotganida uning qalbi ahli-oilasining holati bilan chalg'ib qoladi. Shunda Alloh taolo unga asoyi bilan bir xarsangni urishni buyuradi. Muso buyruqni bajarganida xarsang ichidan ikkinchi bir xarsang chiqadi. Uni ham aso bilan urganida uchinchi xarsang, uchinchi xarsangni ham unganida uning ichidan mitti qurt chiqadi. Ana shu qurtning og'zida ozuqasi bor edi. Shunda Muso alayhis salom Alloh taoloning izni va qudrati bilan qurtning: “Meni unutib yubormay eslab turgan Zot har qanday aybu nuqsondan pokdir”, deb aytganini eshitadi (“Tafsirur Roziy”, “Tafsirul Alusiy”).

Alloh taolo aytadi: “O'z rizqini ko'tara olmaydigan qanchadan-qancha jonzotlar bordir. Alloh ularga ham, sizlarga ham rizq beradi. U Eshituvchi, Bilguvchidir(Ankabut, 60).

Ankabut surasining 59-oyatida sabr qilib, Alloh taologa tavakkul qiladigan zotlar haqida zikr qilingan bo'lsa, ushbu oyatda tavakkulga yordam beradigan narsa – rizq masalasi xususida so'z boradi.

Ibn Uyayna rahimahulloh aytadi: “Inson, chumoli va sichqondan boshqa biron jonzot o'z rizqini zaxira qilib saqlab qo'ymaydi”.

Hasan Basriy “rizqini ko'tara olmaydigan” birikmasini “zaxira qilib saqlab qo'ya olmaydigan” deb tushuntirgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, mushriklar Makkadagi oz sonli musulmonlarga aziyat etkazganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularni Madinaga hijrat qilishga buyuradilar. Ammo ular: “Bizlar uchun u erda uy-joy ham, er-mulk ham yo'q”, deb unashmaydi. Ana shunda Alloh taolo yuqoridagi oyatni nozil qilgan.

Alloh taoloning rizq berishi muayyan hudud yoki makonga xos emas, balki qayerda bo'lishlaridan qat'iy nazar, U Zot maxluqotlariga rizqlarini etkazib turadi. Zaifligi tufayli o'z rizqini topa olmaydigan yoki zaxira qilib to'plab qo'ya olmaydigan, hech narsasi yo'q bo'lgan holda tong ottiradigan qanchadan-qancha jonzotlar bor. Alloh ularni ham, inson bolalarini ham rizqlantiradi. Zero, Alloh bandalarining so'zlarini, duoyu iltijolarini, maxluqotlarining hollaridan mutloq xabardor bo'lgan Zotdir.

Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta rizq bandani xuddi ajali qidirganidek qidiradi”, dedilar (Ibn Hibbon, Bazzor va imom Tabaroniy hasan sanadi bilan rivoyat qilgan. Imom Tabaroniy keltirgan rivoyatda: “Albatta rizq bandani ajalidan ham ko'proq qidiradi”, deyilgan).

Inson hali onasi qornida ekanida rizq, ajal, umr va shu kabi narsalar unga taqdir qilinadi. Inson dunyoga kelgach esa, o'sha yozilgan rizqi xohlasa, xohlamasa, unga nasib bo'ladi. Umr paymonasi to'lgandan keyin ajal insonni qidirib topishi muqarrar. Huddi shunday, bandaning rizqi ham ajali izlaganidek uni izlab topadi. Bu Alloh taolo tomonidan azalda bitib qo'yilgan taqdirdir.

Abdulloh ibn Hasan ibn Ali otasidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Tabuk g'azoti kuni minbarga ko'tarilib, Allohga hamdu sano aytdilar va: “Ey odamlar, Allohga qasamki, men sizlarni faqat Alloh buyurgan narsagagina buyurib, Alloh qaytargan narsadan qaytaraman. (Rizqlaringizni) chiroyli suratda talab qilinglar! Abulqosimning joni qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, har biringizning rizqi ajali uni qidirganidek qidiradi. Agar undan biron narsa sizlarga kechiksa, uni Alloh azza va jallaning toati bilan talab qilinglar!” dedilar (Imom Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan).

Ushbu hadis musulmonlar uchun juda qiyin va mashaqqatli kechgan Tabuk g'azotida aytilgan. O'shanda musulmonlar havo nihoyatda issiq, sharoit og'ir bo'lgani uchun oziq-ovqat, suv va boshqa masalalarda qiyinchilikka duch kelishgandi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odatga ko'ra, so'z boshlashdan oldin Alloh taologa hamdu sano aytib, keyin: “Ey odamlar, Allohga qasamki, men sizlarni faqat Alloh buyurgan narsaga buyurib, Alloh qaytargan narsadan qaytaraman”, dedilar.

Ya'ni, Allohning amriga ko'ra sizlarni yaxshi amallarga buyuraman va U Zotning amriga muvofiq yomon ishlardan, harom amallardan qaytaraman. Men bu narsalarni o'zimdan aytayotganim yo'q.

“(Rizqlaringizni) chiroyli suratda talab qilinglar!”

Ya'ni, rizqingizni chiroyli tarzda, Shariat ahkomlariga amal qilgan holda, halol yo'l bilan topinglar!

“Abulqosimning joni qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, har biringizning rizqi ajali uni qidirganidek qidiradi”.

Bu erda Nabiy sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning nomi bilan qasam ichib aytmoqdalarki, har bir bandaning rizqi xuddi ajali kabi uning ortidan ta'qib qilib yurar ekan.

U zotning bu narsani Alloh nomi bilan qasam ichib aytishlaridan uning o'ta muhim va ayni vaqtda shak-shubhasiz ekanini bilib olamiz.

“Agar undan biron narsa sizlarga kechiksa, uni Alloh azza va jallaning toati bilan talab qilinglar!”

Ya'ni, agar sizlarga Alloh taqdir qilgan rizqning kelishi biron sababga ko'ra kechiksa, shoshqaloqlik, sabrsizlik qilib uni har xil gunoh va noshar'iy yo'llar bilan emas, Allohning amriga itoat etish bilan, halol vositalar orqali talab qilinglar. Rizqingizda tanglik yuz berishi sizni harom yo'l yo'llarga undamasin!

Abu Said Hudriy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar birontangiz rizqidan qochmoqchi bo'lsa ham, albatta (rizqi) uni xuddi o'limi ta'qib etganidek quvib etadi”(Imom Tabaroniy “Avsat” va “Sog'iyr”da hasan sanadi bilan rivoyat qilgan).

Alloh taolo: “Qayerda bo'lsangiz, hatto mustahkam qal'alar ichida bo'lsangiz ham o'lim sizlarni albatta topib olur”, degan (Niso, 78).

Avvalgi ikki hadisda rizq bandani xuddi ajali singari quvib etishi aytilgan bo'lsa, ushbu rivoyatda shunga o'xshagan boshqa bir misol keltirilmoqda. Hech bir banda o'z xohishi bilan o'ziga kelayotgan rizq-nasibadan ko'z yumib, undan qochishga urinmaydi. Mabodo shunday bo'lgan taqdirda ham hech qachon o'limdan qochib qutilib bo'lmaganidek, banda taqdiriga bitilgan nasibasini, rizqini olishdan ham qochib keta olmaydi. Banda rizq-nasibasini olmasdan boshqa iloji yo'q. Bu esa, har bir bandaning belgilangan o'z rizqi borligini anglatib, xotirjamlik bilan rizq talabida bo'linglar, harom yo'llarga kirib ketmanglar, degan ma'noni ta'sirli usul bilan tushuntirilmoqda.

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Albatta bandaning o'z rizqi bor. Agar jin va insonlar u (rizq)dan biron narsani un(ga kelishi)dan to'sish uchun yig'ilsalar, bunga qodir bo'lmaydilar”(Imom Tabaroniy “Avsat”da layyin (zaifga yaqin) sanadi bilan rivoyat qilgan).

Yuqoridagi hadisi shariflarda rizq bandani ajali kabi quvib etishi haqida so'z bordi. Bu erda esa hech kim va hech narsa bandaga taqdir qilingan rizqining kelishiga to'sqinlik qila olmasligi ta'kidlanmoqda.

“Albatta bandaning o'z rizqi bor”.

Hoh mo'min, xoh kofir bo'lsin, har bir bandanning o'z rizqi, nasibasi bo'lib, bu narsa Alloh tarafidan belgilab qo'yilgan ulushdir. O'sha rizqi bandaga etmasdan qolmaydi. Bu rizqning sohibiga etib borishiga hech narsa qarshilik ham ko'rsata olmaydi.

“Agar jin va insonlar u (rizq)dan biron narsani un(ga kelishi)dan to'sish uchun yig'ilsalar, bunga qodir bo'lmaydilar”.

Inson va jin toifalarining avvalgilariyu oxirgilari bir joyga to'planib, hamjihatlik bilan harakat qilishgan taqdirda ham, ular bandaga faqat Alloh taqdir qilgan darajada foyda yoki ziyon etkaza oladilar. Shuningdek, Alloh taolo bandaga taqdir qilib yozib qo'ygan rizqdan zig'ircha kamaytirish yoki butunlay mahrum qilish inson va jinlarning qo'lidan keladigan ish emas. Demak, Alloh va oxirat kuniga imon keltirgan banda rizqi haqida qalbi xotirjam bo'lishi, rizq talabida faqat Alloh rozi bo'ladigan tarzda halol yo'l bilan harakat qilishi va tirikchilik yuritishi kerak.

Holidning ikki o'g'li Habba va Savo' roziyallohu anhumolar rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga borsak, u zot bir narsani tuzatayotgan ekanlar. Shunda biz u zotga yordamlashib yubordik. So'ngra u zot: “Toki hayot ekansizlar, zinhor rizqdan noumid bo'lmanglar. Chunki insonni onasi qizil holida tuqqanida, uning ustida libos bo'lmaydi. Keyin Alloh uni rizqlantiradi”, dedilar (Ibn Moja, Tabaroniy, imom Buxoriy “Adabul mufrad”da va Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan).

Rivoyatga ko'ra, Habba va Savo' roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga borishganida, u zot bir yumush bilan mashg'ul ekanlar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda “u zot devor yoki uylarini tuzatayotgan edilar” deb keltirilgan.

Ha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning ulug' payg'ambari, eng mukarram va eng suyukli bandasi bo'lishlariga qaramay, o'ta kamtar va mutavoze' zot edilar. Uyda ro'zg'or ishlarini o'zlari bajarib, hatto muhtarama onalarimizga ham uy ishlarini yordam berar edilar.

Nabiy sollallohu alayhi va sallamning bir yumush bilan band ekanliklarini ko'rgan Habba va Savo' roziyallohu anhumo u zotga yordamlashib yuborishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam u ikkisiga qarab: “Toki hayot ekansizlar, zinhor rizqdan noumid bo'lmanglar”, dedilar.

Ya'ni, rizq haqida ko'nglingiz xotirjam bo'lsin, hech qachon Allohning rizq berishidan noumid bo'lmanglar, har bir bandaning o'ziga ajratilgan rizqi-nasibasi bordir. Axir inson onasi qornidan qip-qizil go'sht parchasi holida tushgach, Alloh unga rizq berib mukammal bir inson holiga keltiradi-ku! Bas, rizqdan noumid bo'lmanglar va kasb-korni chiroyli suratda olib borib, halol yo'llar bilan rizq talab qilinglar.

Mo'min kishining rizq haqidagi e'tiqodi quyidagicha bo'lishi kerak:

1 – Har bir bandaning rizqi azalda Alloh tarafidan taqdir qilib qo'yilgan. Ana o'sha rizq bandaga etmay qolmaydi.

2 – Rizq bandani xuddi ajali kabi qidirib yuradi.

3 – Rizqning kelishida kasb-hunar bir vosita sanaladi. Kasb-hunarga ortiqcha baho berib, kasbim orqasidan non topayapman, shu hunarim meni boqayapti, deb e'tiqod qilish shirkka olib boradi. Shuni unutmaslik kerakki, Alloh belgilab qo'ygan rizq ana o'sha kasb-kor sababli bandaga etib keladi.

4 – Yer va suv ham bandaga rizqi kelishida vosita qilib qo'yilgan. Ammo, ko'pchilikda erda etishtirilgan mahsulotlarni “tabiat in'omlari”, “tabiat bizni boqadi” degan noto'g'ri fikr shakllangan. Aslida er ham, suv ham Allohning izni bilan bandalarga rizqlarini chiqaradi. Bu ikkisi bizlar rizqlanishimiz uchun bir vosita ekanini, rizqimiz esa Allohning dargohidan nozil bo'lishini yaxshi anglab etishimiz zarur!

 

Odilxon qori Yunusxon o'g'li

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda

9.03.2025   493   2 min.
Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda

Ramazon oyi davomida bir guruh ulamolar, imom-domlalar va mohir qorilar chet eldagi vatandoshlar bilan ma’rifiy suhbatlar qilish, Ramazoni sharif bilan qutlash, ularning diniy savollariga javob berish hamda taroveh namozida ishtirok etish maqsadida AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya singari mamlakatlarda xizmat safarida bo‘lib turibdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov, Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrullo domla Abdullayev, Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar “Islom” masjidi imom-xatibi Alisher domla Naimov, , Toshkent shahar Olmazor tumani “Imom at Termiziy” masjidi imom-xatibi Yahyo domla Abduraxmonov, Toshkent shahar Yunusobod tumani “Yunus ota”  masjidi imom noibi Jamoliddin domla Qodirov,  Andijon shahar “Chinor” masjidi imom-xatibi Avazbek domla Mo‘minov, Andijon tumani “Usmoni Zinnurayn” masjidi imom-xatibi Fazliddin  domla Abdullayev Janubiy Koreyaning Seul, Chengju, Mokpo, Dayegu kabi shaharlaridagi tadbirlarda qatnashib, manfaatli suhbatlar o‘tkazmoqdalar.

AQSHning Nyu-York, Filadelfiya, Orlando, Sinsinnati, Chikago, Nyu-jersi shaharlaridagi vatandoshlar Toshkent shahar “Siroj solih” masjidi imom-xatibi Hasan domla Qodirov,  Toshkent shahar “Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf” masjidi imom-xatibi Ismoil domla Muhammad Sodiq, Andijon viloyati “Eski Gumbaz” masjidi imom-xatibi Botir domla Tojiboyev, Toshkent shahar “Firdavs” masjidi imom-xatibi Baxtiyor domla Sattorov, Namangan shahar “Mulla Bozor Oxund” masjidi imom-xatibi Zoxidjon domla Nomonov, Toshkent shahar “Hazrati Umar” masjidi imom-xatibi Fazliddin domla Mamadaliyev, Samarqand viloyati “Xo‘ja Abdu Darun” masjidi imom-xatibi Zafar domla Mahmudov, Farg‘ona viloyati “Xo‘ja Abdulloh” masjidi imom-xatibi Abduvohid domla Mansuraliyevning ma’ruzalari va xatmi Qur’onlariga some’ bo‘lmoqdalar. 

Mana shunday tadbirlar Rossiya Federatsiyasining Magandan va Xabarskiy kabi hududlariga ishlash, ta’lim olish uchun borgan vatandoshlarimiz uchun ham tashkil etilmoqda. Ushbu mintaqalardagi uchrashuvlarda Namangan viloyati “Mulla Abduqodir” masjidi imom-xatibi Muzaffar domla Ibragimov, Toshkent shahar Chilonzor tumani “Choshtepa” masjidi imom-xatibi  Hakimjon domla Xotamov  ishtirok etmoqda. 

Safar davomida diniy soha xodimlari vatandoshlar bilan muloqotlarda Islom dini qadriyatlari, Ramazon oyi fazilatlari, ona-Vatanga muhabbat va buzg‘unchi g‘oyalarga aldanmaslik kabi mavzularda ham suhbatlar qilmoqdalar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda Ulamolarimiz AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada Ramazon tadbirlarida ishtirok etmoqda
O'zbekiston yangiliklari