Hozirda mazhabsizlikka targ'ib qiladigan kishilar: “Kelinglar, mazhablarni qo'yaylik, Qur'on va sunnatga birlashaylik”, deydilar. “Qur'on va hadisga qanday birlashamiz”, deyilsa, “Ijtihod qilamiz”, deyishadi. Voqelikda ham shunday bo'ldi, ularning ko'zga ko'ringan olimlari ijtihod qilib boshladi, natijada bitta yagona ummat paydo bo'lmadi, aksincha beshinchi, oltinchi, ettinchi, sakkizinchi mazhabni keltirib chiqarishdi. Paydo bo'lganiga endigina 200 yildan ortiqroq vaqt o'tgan salafiylik hozirning o'zida 4 ta katta mazhabga bo'lingan:
1. As-salafiyatul-ilmiya (1920 y.da tashkil etilgan)
2. As-salafiyatul-jihodiya (1979 y.)
3. As-salafiyatus-sururiya (1984 y.)
4. As-salafiyatul-jomiya (1990 y.)
Endi bu salafiylarning ustidan ming yillar o'tsa, qancha mazhab va firqalarga bo'linib ketarkin?! Buning ustiga mazhabga ergashuvchi musulmonlarga turli “tamg'alar”ni yopishtiradiganlar mana shunday bo'linishlardan keyin “tamg'a”ni o'zlariga yopishtirishlari ayni adolat va mardlik bo'ladi. Shu o'rinda kichik ma'lumot, Saudiyalik doktor Sa'd ibn Abdulloh Barik “Al-iyjaz fi ba'zi maxtalafa fiyhil Alboniy va Ibn Usaymin va Ibn Boz” (ya'ni, “Alboniy, Ibn Usaymin va Ibn Boz ixtilof qilgan ba'zi masalalar haqida mo'jaz (qisqa) kitob”) nomli ikki jildli kitob yozgan. Unda mavzudan ma'lum bo'lgani kabi salafiylarning keyingi yillarda eng mashhur namoyandalari o'rtalaridagi ixtiloflarning bir qismi keltirilgan. Eng qizig'i kitobda ular o'rtasidagi aqidaviy masalalardagi ixtiloflar ham keltirilgan va ular anchagina (ajabki, aqidada bir nuqtaga kela olmayotgan salafiylar boshqalarni qanday birlashtirar ekan?!). Demak, ularning har birining mazhabi bor. Endi salafiylar ularning qaysi biriga ergashadi va ulardan birini tanlaganlar boshqalari haqida qanday hukm beradi?! Yana bir haqli savol, oxir oqibat Ahli sunna val jamoa musulmonlari ham, salafiylar ham (o'z) mazhablariga ergashar ekan, qaysi jamoaning mazhabboshilari ijtihod maqomiga loyiq?! Tobe'inlar va taba tobe'inlar bilan bir zamonda yashab, ularning ilmini o'zlashtirgan Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe'iy va Imom Ahmadlarmi (rahmatullohi alayhim) yoki bizga zamondosh bo'lgan Alboniy, Ibn Usaymin va Ibn Bozlarmi (hozirgi kunda bu salafiy olimlarning har birining mazhabi shakllangan)?! Insof bilan aytganda qaysi jamoa haqqa yaqinroq?! Salafiylarning puch da'volariga mahliyo bo'lgan musulmon birodarlarimizni mana shu masalada oqilona fikr yuritishga chaqiramiz. Chunki Ahli sunna val jamoa mujtahidlarining mazhablarini 14 asrdan beri butun islom ummati bir ovozdan haq, deb qabul qilganlar. Keyingi sanalgan olimlarning mazhablari boshlangandan hozirgacha aksar olimlarning e'tiroziga sabab bo'lib kelmoqda. Ularning mazhabini o'zlari va hissiyotga berilgan yuzaki ilm bilan mashg'ul bo'lganlar qabul qilishdi xolos. Qiyomat kuni Payg'ambarimiz alayhissalom bashorat qilgan savodul a'zam (ko'pchilikni tashkil qilgan haq jamoa) bilan turgan ma'qulmi yoki jamoatga xilof qilgan ixtilofchilar bilanmi?!
Muhibulloh Hudoyberdiyev To'raqo'rg'on tumani bosh imom xatibi
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati