Dinimiz ta'limotiga ko'ra, farzand Alloh taoloning ulug' ne'mati va omonatidir. Bu ne'mat shukrini ado qilish zimmamizdagi eng muhim burchlardan hisoblanadi. Buning uchun uni asrab-avaylash, chiroyli tarbiyalab, kamolga etkazish lozim. Farzandlarimizni yomon xulq, buzuq g'oyalardan ehtiyot qilmog'imiz shart.
Chunki bu borada Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan: “Sirka asalni buzganidek, badfe'llik va axloqsizlik ham kishining amallarini buzadi”, degan muborak hadis vorid bo'lgan.
Farzandlarimizni turli illat va axloqsizliklardan asrashning bosh omili chiroyli ta'lim-tarbiya berib, Allohni tanitish, imon-e'tiqodli inson qilib voyaga etkazishdir. Zotan, farzand uchun ta'lim-tarbiya, odob-axloq suv va havodek zarur. Hadisda: “Ota-ona farzandiga go'zal odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deyiladi (Imom Termiziy rivoyati). Chunki e'tiqodi va dunyoqarashi sog'lom farzand ota-ona xizmatini qiladigan, el-yurtiga sadoqatli, komil inson bo'lib voyaga etadi.
Farzandlarimizning solih, komil inson bo'lib, jamiyatda o'z o'rinlarini topishida ilmning o'rni beqiyos. Zero, chiroyli tarbiya bilan ziynatlangan ilmli inson yurtimiz ravnaqi va kelajagi hisoblanadi. Insonning o'sib, kamolga etishida ilmning zarurligini qisqa satrlarda bayon qilish qiyin, albatta. Dono xalqimiz: “Bola – aziz, odobi – undan aziz”, deydi. Halqimizda odob-axloq va tarbiyaga bu qadar e'tibor berilishi bejiz emas. Chunki inson ilmi bilan eta olmagan cho'qqilarni chiroyli odob-axloqi bilan zabt etadi.
Bola tarbiyani dastlab oilasida oladi. Kattalarning xatti-harakatlarini xuddi suratga olgandek ongiga joylab, ulg'aygach, ularni hayotiga tatbiq etadi. Axloqi yomon bolalar asosan muhiti buzuq oilalardan chiqishi ma'lum. “Bugungi o'g'ri, firibgar va xulqi yomon kimsalar kecha tarbiyasiga e'tibor berilmagan bolalardir!” degan edi Abdulla Avloniy. Oiladagi tarbiyadan tashqari, bolalarimizning ko'cha-ko'yda yurish-turishlariga va kimlar bilan aloqa qilayotganlariga ham alohida ahamiyat berishimiz kerak.
Farzandlarning kelajakda qaysi toifadagi kishilarga o'xshab qolishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ushbu hadisi sharif vorid bo'lgan: “Har bir farzand musulmon fitratida tug'iladi, lekin uni yahudiyga aylantirib yuboradigan ham, nasroniy yoki majusiyga aylantirib yuboradigan ham uning ota-onasidir” (Imom Buxoriy rivoyati). Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimizning baxtu saodati yo'lida yoshlarimizning ilmu fan va kasbu hunar sohiblari bo'lib etishishlari uchun davlatimiz ko'rsatayotgan g'amxo'rlik bilan birga ota-onalarning bu boradagi doimiy harakatlari ham juda ahamiyatlidir.
Farzandlarini yoshligidanoq kuchi, qobiliyatiga mos tushadigan ilm-fan, mehnat va kasb-hunarlarga yo'naltirishlari va “ommaviy madaniyat” va turli g'oyaviy hujumlardan ehtiyot qilishlari juda zarur.
Husayn Voiz Koshifiy “Axloqi muhsiniy” asarida farzand tarbiyasida muhim bo'lgan jihatlarga to'xtalib: “Farzand Haq taoloning omonatidir. Ota-onadan mahshar vaqtida bu omonat haqi talab qilinadi. Bu omonat go'yoki oyna – butun borliq ko'zgusi, avvalidir. Haqiqat javohiri uni nimaga xohlasa, o'shanga moyil qilish mumkin. Demak, zarurat bo'yicha farzandni to'g'ri tarbiya qilish kerak, toki yoqimli sifatlarga ega bo'lsin. Avvalo unga chiroyli nom berish kerak. Agar farzandning nomi munosib bo'lmasa, ma'lum muddat yashagandan so'ng unda o'z ismiga nisbatan nafrat paydo bo'ladi. Yana mo''tadil tabiatli, xushmuomala va pokiza ko'rinishli bo'lsin”, deydi.
Hadisi sharifda: “Farzanding yo jannating, yo do'zaxingdir”, deyilgan. Agar ota-ona farzandini yaxshi xulqli, odobli va imon-e'tiqodli qilib tarbiyalasa, bunday farzand qiyomat kuni ota-onasini jannatga etaklaydi. Shunday ekan, har bir ota-ona farzandlarining tarbiyasiga ko'proq e'tibor berishi, ularga alohida vaqt ajratib, odob-axloqdan ta'lim berishi, ularni doimo nazorat qilib borishi, yomonlarga yaqin yo'latmasligi lozim.
Muhammadjon QORAYeV,
Qarshi shahar “Qumqishloq” jome masjidi imom-xatibi
"Hidoyat" jurnalining 7-21 betlari
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati