Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2026   |   22 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:59
Xufton
21:35
Bismillah
09 Iyun, 2026, 22 Zulhijja, 1447

Payg'ambar alayhissalomga itoat rahbarga itoat etishdan farqlidir (6-qism)

27.07.2022   5443   9 min.
Payg'ambar alayhissalomga itoat rahbarga itoat etishdan farqlidir (6-qism)

Sunnatni inkor etuvchilar: “Qur'oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etishni buyurar ekan, bunda payg'ambar sifatida emas, balki rahbarga itoat qilishga buyurgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlar rahbari bo'lganlari uchun u zotga itoat qilinadi va ergashiladi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so'ng esa, u zot sollallohu alayhi vasallamga ergashish majbur bo'linmaydi. Endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'rinlariga kim rahbar bo'lsa, musulmonlar unga ergashadilar”, degan iddaoni qilishadi.

Bu erdagi xato tushuncha shundan iboratki, ular Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga payg'ambar deb emas, balki rahbar sifatida ergashish lozim deydilar. Bunga yuqorida ko'rsatilgan oyatlarga noto'g'ri yondoshuv sabab bo'lgan. Uning sabablari quyidagilardan iborat:

  1. Qur'oni karimning qator oyatlaridaRasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashishga buyurilgan, u zot sollallohu alayhi vasallamning shaxsiyatlari yoki rahbarga emas. Agar bir kishiga: “Otangga itoat qil!” deyilsa, otalik mavqei otaga itoat kilishning asosi bo'ladi. Agar “Ustozingga ergash!” deyilsa, ustozlik maqomi ergashishlikni taqozo qilgan bo'ladi.

Huddi shuningdek, Alloh taolo “Payg'ambarga itoat eting! deb amr qilsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg'ambar bo'lganlari uchun itoat etish lozimligini anglatadi.

  1. Qur'oni karim itoatetishni noto'g'ri talqin qilinishidan qaytaradi:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ

«Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg'ambarga va o'zlaringizdan (bo'lmish) boshliqlarga itoat etingiz(Niso surasi, 59-oyat).

Oyatda Payg'ambar alayhissalomga itoat boshliq (rahbar)larga itoatdan alohida zikr qilindi. Zero, Payg'ambarga va rahbarga itoat etishning o'ziga xos alohida xususiyatlari mavjud. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda esa har ikki xususiyat ham jamlangan edi. Chunki u zot sollallohu alayhi vasallam ham payg'ambar, ham rahbar edilar.

Agar Alloh taolo Payg'ambarga itoatni faqat hayotlari bilan cheklaganda edi, Qur'oni karimda aniq va ravshan qilib "Muhammad sollallohu alayhi vasallamga itoat eting!" degan buyruq bo'lardi. Qur'oni karimda bu ikki xususiyat bir-biridan ajratilib, alohida zikr qilindi va noto'g'ri talqin qilish bartaraf etildi.

Shuningdek, oyatda nozik bir jihat bor, ya'ni ishboshilar lafzi ko'plik shaklida, "Payg'ambar" so'zi esa birlik shaklida kelgan. Bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi Payg'ambar ekanliklari va u zotdan keyin payg'ambar kelmasligi ochiq-oydin ravshanlashadi.

Payg'ambarga itoat faqat u zot sollallohu alayhi vasallamga xos xususiyat ekaniga dalolat qiladi. Kelajakda hech kim bu borada Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga teng kelolmaydi. Qolaversa, ishboshi (rahbar)lar payg'ambardan farqli o'laroq ko'p kelishi tabiiy holdir. Bu ko'rinishdagi bo'yinsunish, ya'ni ishboshilarga itoat etish vahiy zamonidagina emas, balki barcha zamonlardagi ishboshilarga ham tegishlidir.

Demak, Payg'ambar alayhissalomga itoat Allohga itoat ekan. Bunga qarshi biror rahbar yoki davlat boshlig'i vahiy olganini da'vo qilolmaydi. Rahbar ishxona buyruqlari asosida o'z qo'lostidagi ishchilarini boshqara oladi, lekin rahbarlik maqomida shariat qoidalarini chiqarib, uni qo'llay olmaydi.

Rahbar Qur'oni karim va sunnatdan olingan shar'iy ahkomlarni hukmsiz qo'llay olmaganidek, o'z buyruqlarini shar'iy ahkomlar kabi butun zamonlar uchun rioya qilinishi majburiy qoida sifatida qo'llay olmaydi. Shar'iy ahkomlar Alloh taolodan kelgan va turli ko'rinishdagi vahiyga asoslangan bo'ladi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning holatlari esa tamomila farqli bo'lib, Alloh taolodan tilovat qilinadigan va tilovat qilinmaydigan vahiy oladilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning nabaviy amrlari shaxsiy xohish-irodalariga asoslangan buyruq emas, balki vahiy, vahiy tarafidan tasdiqlangan buyruqdir.

Ushbu ikki holatni yanada kengroq tahlil qilib ko'raylik:

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyruqlari ba'zan asl manba matluv va g'oyri matluv shaklida vahiy qilinishini aytdik. Vahiy bo'lmasa, u zot sollallohu alayhi vasallam buyruq bermasdilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ilohiy xulqlariga ishora qilishiga aslo shubha yo'q. Shu bois, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyruqlari shariatning bir bo'lagi sanaladi.

Shuningdek, ayrim o'rinlarda buyruqlar vahiyga emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning voqealar tahliliga asoslanishlari tashkil etadi. Biroq ular ham vaqti bilan vahiy orqali o'z tasdig'ini topadi.

Tasdiqlar ham ikki turli bo'ladi: Gohida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qarorlari vahiy tarafidan ochiq-oydin tasdiqlanishi bilan namoyon bo'ladi, ayrim hollarda, yashirin tasdiqlash (qo'llab-quvvatlash) orqali o'z tasdig'ini topadi.

Agar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ma'lum bir harakat (amal)larini Alloh taolo isloh etmayotgan bo'lsa, bu o'sha amal (harakat)ning tasdiqlanganini anglatadi.

Buning boisi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning elchisi (payg'ambari), U Zotning irodasining etkazuvchisi o'laroq ilohiy kuzatuv ostidadirlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima desalar yoki qanday amal qilsalar Alloh taolo tarafi (irodasi)dan ekaniga ishonch hosil qilishimiz lozim. Qur'oni karimning bir nechta oyatlarida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amal, niyatlari o'z tasdig'ini topgani bayon etilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amal qilganlarida yoki biror narsaga amr etganlarida hech qanday vahiy kelmasa ham, buyurilgan buyruq yoki amal Alloh taolo tomonidan tasdiqlanganini bildiradi. Agar o'sha buyruq yoki amal noto'g'ri bo'lganda, albatta vahiy orqali ma'lum qilingan bo'lardi: Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xato-kamchiliklarni tuzatish uchun ham alohida vahiy kelardi.

Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror ishga buyurganlarida yoki biror amal qilganlarida ularning ziddiga vahiy kelmasa, u zot sollallohu alayhi vasallamning buyruq yoki harakatlari ma'qullangandir.

Muxtasar qilib aytganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha aytgan so'z va qilgan amallari vahiyga asoslangan. Ular ba'zan ochiq-oydin yoki maxfiy vahiy orqali o'z tasdig'ini topgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan keyin birorta rahbar bu kabi boshqaruvga ega bo'la olmaydi, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so'ng vahiy kelishi to'xtagandir.

Shu bois, Qur'oni karim oyatlarida rahbarlarga bo'ysunishdan farqli ravishda Payg'ambar alayhissalomga itoat etishlik alohida ta'kidlangan. Shuning uchun, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish majburiydir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Payg'ambardirlar va xulq-atvorlarida Alloh taoloning xohish-irodasini namoyon etadilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so'z va fe'llari tasdiqlangan sunnat, Alloh va Uning Kalomiga iymon keltirgan barcha mo'min-musulmonlarni birdamlikka boshlovchi dasturul amaldir.

 

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning

"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan

Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD

1-qism2-qism3-qism4-qism, 6-qism, Davomi bor...

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kiber xavfsizlik va internetdagi aldovlardan ehtiyot bo‘lish

09.06.2026   100   2 min.
Kiber xavfsizlik va internetdagi aldovlardan ehtiyot bo‘lish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo insonga aql, ilm va texnologiya ne’matlarini ato etdi. Bu ne’matlardan yaxshilik yo‘lida foydalanish bandaning vazifasidir. Ammo bugungi kunda internet tarmoqlarida firibgarlik, aldov, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va boshqalarning molini nohaq yo‘l bilan qo‘lga kiritish kabi jinoyatlar kengayib bormoqda.

Qur’oni Karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Bir-birlaringizning mollaringizni nohaq yo‘l bilan yemanglar" (Baqara surasi, 188-oyat).

Internet orqali bank kartalarini buzish, soxta havolalar yuborish, odamlarning pullarini firib bilan tortib olish ushbu oyatda qaytarilgan nohaq ishlar jumlasidandir.

Yana Alloh taolo deydi: "Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z egalariga topshirishingizni buyuradi" (Niso surasi, 58-oyat).

Insonning shaxsiy ma’lumotlari, parollari va elektron hisoblari ham omonat hisoblanadi.

Ularni himoya qilish va boshqalarning ma’lumotlariga tajovuz qilmaslik musulmonning burchidir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim bizlarni aldasa, bizdan emas" (Imom Muslim rivoyati).

Internetda yolg‘on reklama berish, soxta savdo qilish, odamlarning ishonchini suyiste’mol qilish ushbu hadis tahdidiga kiradi.

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Musulmon — boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda inson faqat qo‘li bilan emas, balki telefoni, kompyuteri va internet orqali ham zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun haqiqiy musulmon boshqalarning mol-mulki va ma’lumotlariga ziyon yetkazmaydi.

Rivoyat qilinishicha, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davlat molidan foydalanishda shunchalik ehtiyotkor edilarki, shaxsiy ishlari uchun davlat chirog‘ini o‘chirib qo‘yar edilar. Bu voqea musulmon kishi o‘z haqqi bo‘lmagan narsaga hatto arzimas darajada ham ko‘z olmasligi lozimligini o‘rgatadi.

Aziz yoshlar! Internetda noma’lum havolalarga kirmang, parollaringizni boshqalarga bermang, soxta sovrinlar va tez boyish va’dalaridan ehtiyot bo‘ling. Texnologiyadan ilm, ma’rifat va halol rizq uchun foydalaning.

Alloh taolo barchamizni internet fitnalari, firibgarlik va jinoyatlardan asrasin. Texnologiyalarni insonlarga manfaat yetkazish yo‘lida ishlatuvchilardan qilsin. 

Abdulloh Muhiddinov,
Namangan shahar “Yoqubboy hoji” jome masjidi imom noibi 

MAQOLA