1. O'zining aka-ukasiga, opa-singlisiga zakot bersa bo'ladimi?
Bo'ladi. Zakotni faqat o'zining ota, ona, bobo, buvilariga va o'zining zurriyodi o'g'il-qiz, nabiralariga berib bo'lmaydi.
2. Ayol kishi o'zi taqib yurgan bitta yoki undan ko'proq tilla buyumlarga ham zakot beradimi?
Hanafiy mazhabida ayollarning taqinchoqlaridan, agar ulardagi tilla miqdori nisobga etsa, zakot chiqariladi. Bunda taqinchoqlarning soni emas, vazni e'tiborga olinadi. Taqinchoqlardagi tilla miqdori 85 grammga etsa, ulardan zakot beriladi. Ya'ni mazkur tilla miqdorining ikki yarim foizi qiymati zakot sifatida beriladi.
3. Ro'za tutgan ayol ovqatning tuzini torsa bo'ladimi?
Ayol kishi ba'zan ovqatning tuzini totib ko'rishiga to'g'ri keladi. Ba'zan, u-bu emish sotib olishda ham ta'mini totib ko'rmasa bo'lmaydi. Bunday hollarda, tomoqdan o'tmaslik sharti bilan emakning ta'mi yoki tuzini totib ko'rsa bo'ladi.
4. Hayz yoki nifosli ayollar ro'zani nima qiladi?
Hayz va nifos ko'rgan ayollar ro'za tutmaydilar. Ayollar Ramazonda hayzli yoki nifosli bo'lib qolsalar, poklanganlarida qazosini tutib beradilar. Bunday holatdagi ayollar iftordoshlariga ko'rsatmasdan eb-ichishlari islomiy odoblardandir.
5. Homilador va emizikli ayollar ro'za tutadimi?
Homilador va emizikli ayollar o'zlarini yo farzandlarining sog'liklariga zarar bo'lmasa, ro'za tutishlari mumkin. Ammo kasallanib qolishdan yoki bolaning salomatligiga ta'sir qilishidan xavotirlanishsa, ro'za tutishmaydi. Ko'zi yoriganidan keyin yoki emizish davri tugagach bir kuniga bir kun qazo tutib berishadi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toq (kecha)laridan izlanglar", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Qadr kechasining
1 soniyasi 23 soatdan afzal
1 daqiqasi 58 kundan afzal
1 soati 9 yilu 8 oydan afzal
1 kechasi 83 yilu 3 oydan afzal
Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam (oxirgi) o‘n kunlik kirib kelsa belbog‘larini mahkam bog‘lardilar, kechalarini tiriltirar va ahllarini uyg‘otardilar" (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu yilgi ramazon oyining oxirgi toq kechalari:
21 kecha: 10 mart (seshanba)dan — 11 mart (chorshanba)ga o‘tar kechasi;
23 kecha: 12 mart (payshanba)dan — 13 mart (juma)ga o‘tar kechasi;
25 kecha: 14 mart (shanba)dan — 15 mart (yakshanba)ga o‘tar kechasi;
27 kecha: 16 mart (dushanba)dan — 17 mart (seshanba)ga o‘tar kechasi;
29 kecha: 18 mart (chorshanba)dan — 19 mart (payshanba)ga o‘tar kechasi.
Shunday ekan, ramazon oyining oxirgi 10 kunligida ko‘proq
- zikr va duo qiling;
- Qur’on tilovat qiling;
- nafl namozlarni o‘qing;
- zakotingizni bering.
- Alloh taoloning mag‘firati va rahmatini so‘rang: “Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, fa’fu ’anniy”.
- har kuni xayr-ehson qiling;
- fitr sadaqasini bering!
Allohim barcha mo‘minlarga Ramazonning oxirgi o‘n kunligida Seni rozi qiladigan amallarni qilishga muvaffaq ayla va solih amallarimizni qabul et!
Davron NURMUHAMMAD