Alloh taolo tomonidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kelgan vahiylar ikki turga bo'linadi:
VAHIYNING IKKINChI TURI QUR_''ONI KARIMDA TASDIQLANGAN
Vahiyning ikkinchi turi Qur'oni karimda uchramaydi, ammo ko'p oyatlarda Alloh taoloning xohishi sifatida unga ishora qilinadi. Ayrim oyatlarda Alloh taoloning vahiyi faqatgina Qur'on oyatlari bilan cheklanmasligi, balki vahiyning boshqa turlari ham mavjudligi yaqqol namoyon bo'ladi.
﴿وَمَا جَعَلْنَا الْقِبْلَةَ الَّتِي كُنْتَ عَلَيْهَا إِلَّا لِنَعْلَمَ مَنْ يَتَّبِعُ الرَّسُولَ مِمَّنْ يَنْقَلِبُ عَلَى عَقِبَيْهِ﴾
“Siz yuzlangan oldingi qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg'ambarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik)” (Baqara surasi, 143-oyat).
Ushbu oyatning mazmunini tushunish uchun quyidagilarni bilish lozim:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilib kelgan dastlabki yillari musulmonlar Baytul Maqdis tomonga yuzlanib, ibodat qilishga buyurilgan edilar. O'sha vaqtda u er ular uchun qibla hisoblanardi. Ammo oradan o'n etti oy o'tib, Qur'oni karim bundan qaytarib, musulmonlarga yuzlarini yangi qibla sifatida muqaddas Ka'ba tomonga burishga buyurdi:
﴿فَوَلِّ وَجْهَكَ شَطْرَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ﴾
“Yuzingizni Masjidi Harom (Ka'ba) tomonga buring!” (Baqara surasi, 144-oyat).
Mushriklar Makkaning qibla bo'lishidan yuz o'girdilar, Baytul Maqdis yana avvalgidek qibla bo'lishini bahona qildilar. Qur'oni karimda bayon etilganidek, ushbu oyat odamlar payg'ambar alayhissalomga itoat etishliklarini sinash uchun nozil etilgandi: “Siz yuzlangan oldingi qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg'ambarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik)” (Baqara surasi, 143-oyat).
Demak, Baytul Maqdisning qibla bo'lishi Alloh taoloning irodasi bilan amal oshgan, ammo Qur'oni karimning biror oyatida Baytul Maqdis tomonga yuzni burishga oid amr uchramaydi. Bu buyruq odamlarga payg'ambar alayhissalom orqali hech qanday vahiysiz bildirilgan. Oyatda ta'kidlanganidek bu amr Alloh taoloning xohishi ila yuzaga chiqqan. Oyatda ochiq-oydin “payg'ambar qildi” emas, balki “Biz qildik” (ja'alna) tarzida kelishi hech qanday izoh talab qilmaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib quyidagi xulosalarni keltirish mumkin:
a) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil bo'lgan ayrim vahiylar Qur'oni karimda uchramaydi;
b) bu vahiylar Alloh taolo tomonidan bo'lib, undagi amrlar ham Alloh taoloning xohish-irodasidandir;
v) ikkinchi turdagi vahiylarga ham xuddi birinchi turdagi vahiy kabi amal qilish barcha mo'minlar uchun shartdir;
g) bu vahiylar mo'minlarning Qur'onda kelmagan buyruqlarga amal qilishlarini sinash uchun yuborilib turilgan.
Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalariga binoan bo'lgan, bu borada Qur'oni karimda hech qanday oyat kelmagan. Lekin ayrim musulmonlar bu qoidaga amal qila olmasdilar. Shu sababli, Qur'oni karimda ular haqida quyidagi oyatlar nozil bo'ldi va iftorlikdan keyin hatto uxlab qolingan bo'lsa ham, er kishi ayoliga yaqinlik qilishiga ruxsat berildi:
﴿أُحِلَّ لَكُمْ لَيْلَةَ الصِّيَامِ الرَّفَثُ إِلَى نِسَائِكُمْ هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ عَلِمَ اللَّهُ أَنَّكُمْ كُنْتُمْ تَخْتَانُونَ أَنْفُسَكُمْ فَتَابَ عَلَيْكُمْ وَعَفَا عَنْكُمْ فَالْآَنَ بَاشِرُوهُنَّ وَابْتَغُوا مَا كَتَبَ اللَّهُ لَكُمْ وَكُلُوا وَاشْرَبُوا حَتَّى يَتَبَيَّنَ لَكُمُ الْخَيْطُ الْأَبْيَضُ مِنَ الْخَيْطِ الْأَسْوَدِ مِنَ الْفَجْرِ ثُمَّ أَتِمُّوا الصِّيَامَ إِلَى اللَّيْلِ﴾
“Sizlarga ro'za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o'zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi, ular bilan (ro'za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya'ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha eb-ichaveringiz. So'ngra, ro'zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz!” (Baqara surasi, 187-oyat).
Ushbu oyatdan quyidagi xulosalarni keltirish mumkin:
Demak, yuqorida ta'kidlangan taqiq shar'iy va mo'min-musulmonlar unga amal qilishlari shart hisoblangan. Binobarin, bu taqiqlar faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqaligina ma'lum bo'lib, u haqda birorta oyat mavjud emas.
Qolaversa, Qur'oni karim bu taqiqni tasdiqlash bilan birga, Alloh taoloning so'zi sifatida baholaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu taqiqni hayotga tatbiq etdilar, garchi u haqda Qur'oni karimda Alloh taoloning vahiyi kelmagan bo'lsa ham.
Muxtasar qilib aytganda, ushbu oyat bir tomondan Qur'oni karimda kelmagan vahiylar mavjud ekanligini ko'rsatadi, boshqa tomondan, musulmonlar uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruq va ko'rsatmalariga amal qilish qanchalik shartligini yaqqol namoyon etadi.
﴿وَلَقَدْ نَصَرَكُمُ اللَّهُ بِبَدْرٍ وَأَنْتُمْ أَذِلَّةٌ فَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَإِذْ تَقُولُ لِلْمُؤْمِنِينَ أَلَنْ يَكْفِيَكُمْ أَنْ يُمِدَّكُمْ رَبُّكُمْ بِثَلَاثَةِ آَلَافٍ مِنَ الْمَلَائِكَةِ مُنْزَلِينَبَلَى إِنْ تَصْبِرُوا وَتَتَّقُوا وَيَأْتُوكُمْ مِنْ فَوْرِهِمْ هَذَا يُمْدِدْكُمْ رَبُّكُمْ بِخَمْسَةِ آَلَافٍ مِنَ الْمَلَائِكَةِ مُسَوِّمِينَوَمَا جَعَلَهُ اللَّهُ إِلَّا بُشْرَى لَكُمْ وَلِتَطْمَئِنَّ قُلُوبُكُمْ بِهِ وَمَا النَّصْرُ إِلَّا مِنْ عِنْدِ اللَّهِ الْعَزِيزِ الْحَكِيمِ﴾
“Badr (jangi)da (harbiy) kuchingiz oz bo'lsa-da, Alloh sizlarni g'olib qildi-ku! Bas, Allohdan qo'rqib, zora shukr qilsangiz.Mo'minlarga: «Rabbingiz (osmondan) tushirilgan uch ming nafar farishta bilan sizlarga madad bergani kifoya emasmi?!» – degan paytingizni eslang!Yo'g'-e (kifoya qilur)! Agar sabrli bo'lib, Allohdan qo'rqsangiz, ular (dushmanlar) bexos hujum qilib qolsalar – Rabbingiz sizlarga besh mingta belgili farishta bilan madad berur. Buni (madadni) Alloh sizlarga xushxabar bo'lishi va dillaringiz u bilan taskin topishi uchun berdi. Falaba esa, faqat Alloh huzuridadirki, U Aziz va Hakimdir” (Oli Imron surasi, 123-126 – oyatlar).
Alloh taoloning farishtalarini yordamga yuborishi haqidagi xabari musulmonlar uchun ulkan bashorat edi. Ammo Badr jangi vaqtida berilgan bu xushxabar haqida Qur'oni karimning biror oyatida uchramaydi. Bir so'z bilan aytganda, Qur'oni karimda Badr jangida farishtalarning yordamga tushirilgani haqida oyat kelmagan. Faqatgina ushbu bashoratga boshqa janglar o'tgandan keyin ishora beriladi. Ushbu oyatda bu xushxabar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tomonidan berilgani qat'iy ta'kidlanmoqda. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so'zlari Alloh taoloning vahiysi ekanligiga yana bir dalil (isbot) bo'ladi.
وَإِذۡ يَعِدُكُمُ ٱللَّهُ إِحۡدَى ٱلطَّآئِفَتَيۡنِ أَنَّهَا لَكُمۡ ٧
“Allohning “ikki toifadan biri sizlarning foydangizga bo'ladi”,deb va'da qilganini eslang” (Anfol surasi, 7-oyat).
Ushbu oyatda zikr etilgan ikki toifadan biri – Abu Sufyonning Suriyadan kelgan savdo karvoni, ikkinchisi esa, Makka mushriklari Abu Jahlning to'dasi edi. Bu oyatda Alloh taolo iymon keltirganlarga ushbu toifadan birining ustidan g'alaba qozonishlarining va'dasini bermoqda. Natijada haqiqatdan ham, musulmonlar Abu Jahlning qo'shini ustidan g'alaba qozondilar. Ammo Alloh taoloning musulmonlarga bu ikki toifaning biri ustidan g'alaba qozonishlari haqidagi va'dasi Qur'oni karimda kelmagan.
﴿وَإِذْ أَسَرَّ النَّبِيُّ إِلَى بَعْضِ أَزْوَاجِهِ حَدِيثًا فَلَمَّا نَبَّأَتْ بِهِ وَأَظْهَرَهُ اللَّهُ عَلَيْهِ عَرَّفَ بَعْضَهُ وَأَعْرَضَ عَنْ بَعْضٍ فَلَمَّا نَبَّأَهَا بِهِ قَالَتْ مَنْ أَنْبَأَكَ هَذَا قَالَ نَبَّأَنِيَ الْعَلِيمُ الْخَبِيرُ﴾
“Payg'ambar xotinlaridan biriga (Hafsaga) bir gapni (cho'risi Moriya talog'i va xalifalikni) xufyona aytganini eslang! Bas, qachonki, (Hafsa) u (sir) haqida (Oyshaga) xabar bergach, Alloh uni bundan voqif qildi va u (Hafsaga o'zi bilgan narsaning) ba'zisini bildirdi va ba'zisidan yuz o'girdi (bildirmadi). Bas, qachonki, (Payg'ambar Hafsaga) xabarni aytgach, u: «Kim Sizga bu xabarni berdi?», – dedi, (Payg'ambar): «Menga Biluvchi va Habardor (Alloh) xabar berdi», – dedi (Tahrim surasi, 3-oyat).
Alloh taolo Payg'ambarimiz alayhissalomga bu sir haqida O'zi bildirdi. Ammo bu haqda ham Qur'oni karimning biror oyatida zikr qilinmagan. Bu ham vahiyning ikkinchi turiga aniq misol bo'ladi.
﴿مَا قَطَعْتُمْ مِنْ لِينَةٍ أَوْ تَرَكْتُمُوهَا قَائِمَةً عَلَى أُصُولِهَا فَبِإِذْنِ اللَّهِ﴾
“(Ey, iymon keltirganlar!) Sizlar (Banu Nazir xurmozorlaridan) biror xurmo daraxtini kesdingizmi yoki uni o'z tanalarida turgan holida qoldirdingizmi, bas, (qilingan ish) Allohning izni bilan” (Hashr surasi, 5-oyat).
Musulmonlar Alloh taoloning izni ila xurmo daraxtlarini kesdilar, vaholanki, Qur'oni karimda jangi vaqtida daraxtlarni kesish haqida birorta oyat mavjud emas. Unda qanday qilib musulmonlar daraxtlarni kesishga ijozat oldilar? (Kim ularga daraxtlarni kesishga ruxsat berdi?) Javob bitta: Ularga ruxsatni Alloh taolo O'z payg'ambariga (g'oyril matluv) vahiyi orqali etkazgan.
Alloh taolo musulmonlarni asrandi farzandga nisbatan to'g'ri munosabatda bo'lishga o'rgatish maqsadida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning asrandi farzandlari (Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu) taloq qilgan ayoli Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhoga uylanishga buyurdi. Dastlab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga uylanishdan juda hijolatda bo'ldilar. Zero, bu odat johiliyat davrida sharmandalik hisoblangan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan aniq bu haqda ko'rsatma olganlaridan keyin nikohlariga oldilar. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyiladi:
﴿وَإِذْ تَقُولُ لِلَّذِي أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَأَنْعَمْتَ عَلَيْهِ أَمْسِكْ عَلَيْكَ زَوْجَكَ وَاتَّقِ اللَّهَ وَتُخْفِي فِي نَفْسِكَ مَا اللَّهُ مُبْدِيهِ وَتَخْشَى النَّاسَ وَاللَّهُ أَحَقُّ أَنْ تَخْشَاهُ فَلَمَّا قَضَى زَيْدٌ مِنْهَا وَطَرًا زَوَّجْنَاكَهَا لِكَيْ لَا يَكُونَ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ حَرَجٌ فِي أَزْوَاجِ أَدْعِيَائِهِمْ إِذَا قَضَوْا مِنْهُنَّ وَطَرًا وَكَانَ أَمْرُ اللَّهِ مَفْعُولًا﴾
“(Ey, Muhammad!) Eslang, Alloh va Siz (ne'matlarni) in'om etgan kishiga (Zayd ibn Horisaga): «Juftingni o'zingda saqla (taloq qilishga shoshma)! Allohdan qo'rqqin!» – deb, Alloh oshkor qiluvchi bo'lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz va Allohdan qo'rqishga haqliroq bo'lgan holingizda, Siz odamlardan (ta'nalaridan) qo'rqqan edingiz. Bas, Zayd undan (Zaynabdan) hojatini ado etgach (uni taloq qilgach), Biz Sizni unga uylantirdik. Toki mo'minlarga asrandi bolalari o'z xotinlaridan hojatlarini ado etishgach (taloq qilishgach), ularga (uylanishlarida) qiyinchilik bo'lmasligi uchun (shunday qildik). Allohning amri esa bajariluvchidir” (Ahzob surasi, 37-oyat).
“Alloh oshkor qiluvchi bo'lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz” oyatiga ko'ra, Alloh taolo O'z payg'ambariga Zaynab roziyallohu anhoga Zayd ibn Horisa roziyallohu anhudan ajrashganidan keyin uylanishlarini bildirgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynabni Zayddan ajrashmoqchi bo'lganini bilganlar, ammo buni hayo qilib ma'lum qilmaganlar. Hatto Zayd Zaynabning ajrashmoqchi ekani haqida aytganida ham, unga oilani saqlab qolishni maslahat berganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Zaynabning ajrashmoqchi bo'lganini Alloh taolo bildirgan. Biroq bu haqda Qur'oni karimda oyat kelmagan. Bu ilm Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tarafidan berilgan.
Oyatdagi eng muhim nuqta – “Biz Sizni unga uylantirdik” oyatidir. Ya'ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Zaynab roziyallohu anho o'rtalaridagi nikoh Alloh taoloning amri va irodasi ila bo'lgandir, buni Robbul a'lamiynning O'zi ma'lum qilmoqda. Bu haqdagi oyat buni tasdiqlaydi. Ammo uning bo'lishi haqidagi xabar Qur'oni karimning biror oyatida uchramaydi. Bu ham g'oyril matluv vahiyga navbatdagi isbotdir.
﴿حَافِظُوا عَلَى الصَّلَوَاتِ وَالصَّلَاةِ الْوُسْطَى وَقُومُوا لِلَّهِ قَانِتِينَفَإِنْ خِفْتُمْ فَرِجَالًا أَوْ رُكْبَانًا فَإِذَا أَمِنْتُمْ فَاذْكُرُوا اللَّهَ كَمَا عَلَّمَكُمْمَا لَمْ تَكُونُوا تَعْلَمُونَ﴾
“(Besh vaqt farz qilingan) namozlarni, xususan o'rta namozni saqlangiz (o'z vaqtida o'qingiz) va (namozda) Allohga bo'yin sungan holatda (kamtarlik bilan) turingiz! Agar (dushman hujumidan) xavfda bo'lsangiz, bas, piyoda yoki ulovda (namoz o'qiyveringiz). (Havfdan) xotirjam bo'lganingizda esa, bilmaganlaringizni sizga ta'lim berganidek Allohni zikr eting (namoz o'qing)”(Baqara surasi, 238-239 – oyatlar).
Ushbu oyatdan quyidagi mulohazalarni keltirish mumkin:
birinchidan, musulmonlar birdan ortiq farz namozlarni ado etishlari shart. Ammo ularning aniq soni yuqoridagi oyatda ham, Qur'oni karimning boshqa oyatlarida ham bayon etilmagan. Biroq farz namozlar besh mahal ekani faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqaligina ma'lum bo'lgan.
ikkinchidan, oyatdagi “o'rta namoz”dan qaysi namoz ekaniligini bayon qilib berish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga havola etiladi.
uchinchidan, “(Havfdan) xotirjam bo'lganingizda esa, bilmaganlaringizni sizga ta'lim berganidek Allohni zikr eting” oyatidagi “zikr eting”dan “namoz o'qing” mazmuni kelib chiqadi. Oyatning tafsiri shunga ishora qiladi.
Demak, mo'min-musulmonlar (tinch) xotirjam bo'lgan vaqtlarida namozlarini odatdagidek Alloh taolo o'rgatganidek ado etishlari lozim ekan. Biroq Alloh taolo namozni qanday o'qishni ta'lim bergani Qur'oni karimning biror oyatida kelmagan. Balki namozni qanday o'qishning tartibini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'rgatganlar. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'rgatganlari bu Alloh taoloning ta'lim bergani demakdir. Ya'ni Alloh taolo payg'ambari alayhissalomga (g'oyril matluv bo'lgan, Qur'onda kelmagan) vaxiyi orqali namoz o'qishni tartibini o'rgatgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa bu vahiy asosida musulmonlarga ta'lim berganlar.
﴿سَيَقُولُ الْمُخَلَّفُونَ إِذَا انْطَلَقْتُمْ إِلَى مَغَانِمَ لِتَأْخُذُوهَا ذَرُونَا نَتَّبِعْكُمْ يُرِيدُونَ أَنْ يُبَدِّلُوا كَلَامَ اللَّهِ قُلْ لَنْ تَتَّبِعُونَا كَذَلِكُمْ قَالَ اللَّهُ مِنْ قَبْلُ﴾
“Hali sizlar (Haybar jangidagi) o'ljalarni olish uchun ketayotgan vaqtingizda (jihodga chiqmay uyda) qolgan kimsalar: «Bizlarga ham (o'lja olish uchun) sizlarga ergashishimizga (yo'l) qo'yingiz», – derlar. Ular Allohning kalomini o'zgartirmoqchi bo'ladilar. Ayting: «Sira ham bizlarga ergashmaysiz. Alloh ilgari mana shunday degandir»” (Fath surasi, 15-oyat).
Oyatga ko'ra, Alloh taolo Hudaybiya g'azotida musulmonlar safida bo'ladiganlarning sonini avvaldan bilgan va munofiqlarning jangda qatnashishlarini bekor qilgan. Va bu haqda Qur'oni karimda oyat uchramasa-da, Alloh taolo vahiy orqali buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bildirgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qarorlari Alloh taoloning irodasidan kelib chiqqan.
﴿لَا تُحَرِّكْ بِهِ لِسَانَكَ لِتَعْجَلَ بِهِإِنَّ عَلَيْنَا جَمْعَهُ وَقُرْآَنَهُ فَإِذَا قَرَأْنَاهُ فَاتَّبِعْ قُرْآَنَهُثُمَّ إِنَّ عَلَيْنَا بَيَانَهُ﴾
“(Ey, Muhammad! Qur'onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan (ko'p) harakatlantiravermang. Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o'qisak, Siz ham uni o'qishga ergashing! So'ngra uni (Qur'onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir” (Qiyomat surasi, 16-19 – oyatlar).
Alloh taolo ushbu oyatning so'nggida Qur'on oyatlarini bayon qilib berishini ham va'da berdi. Ya'ni bayon qilish uni tafsir qilish demakdir. Tafsirlar turli ko'rinishda berilgan. Ularning ayrimlari Alloh taolodan tomonidan to'g'ridan-to'g'ri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy ko'rinishida kelgan.
﴿وَأَنْزَلَ اللَّهُ عَلَيْكَ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَعَلَّمَكَ مَا لَمْ تَكُنْ تَعْلَمُ وَكَانَ فَضْلُ اللَّهِ عَلَيْكَ عَظِيمًا﴾
“Alloh Sizga Kitob va Hikmatni nozil qildi va bilmaganingizni bildirdi. Allohning Sizga (nisbatan) fazli buyukdir” (Niso surasi, 113-oyat).
Alloh taolo ushbu oyatda Kitob va Hikmatni nozil qilganini alohida zikr etdi. Oyatga ko'ra, hikmat Qur'oni karimga qo'shimcha sifatida ishora qilinmoqda. “...bilmaganingizni bildirdi” – Alloh taolo nafaqat Kitobni, balki hikmatni ham, avval bilmagan boshqa narsalarni ham o'rgatdi. Bu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambarlik vazifalarini bajarishlarida sodir bo'lgan vahiyning ikki turiga misol bo'ladi.
﴿وَمَا كَانَ لِبَشَرٍ أَنْ يُكَلِّمَهُ اللَّهُ إِلَّا وَحْيًا أَوْ مِنْ وَرَاءِ حِجَابٍ أَوْ يُرْسِلَ رَسُولًا فَيُوحِيَ بِإِذْنِهِ مَا يَشَاءُ﴾
“Inson bilan Alloh (bevosita) so'zlashishi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin” (Sho'ro surasi, 51-oyat).
﴿قُلْ مَنْ كَانَ عَدُوًّا لِجِبْرِيلَ فَإِنَّهُ نَزَّلَهُ عَلَى قَلْبِكَ بِإِذْنِ اللَّهِمُصَدِّقًا لِمَا بَيْنَ يَدَيْهِ وَهُدًى وَبُشْرَى لِلْمُؤْمِنِينَ﴾
“Ayting (ey, Muhammad!): «Kim Jabroilga dushman bo'lsa, axir, u uni (Qur'onni) qalbingizga Allohning izni bilan o'zidan avvalgi (ilohiy kitoblar)ni tasdiq etadigan, mo'minlarga hidoyat va xushxabar holida nozil qildi-ku!” (Baqara surasi, 97-oyat).
﴿وَإِنَّهُ لَتَنْزِيلُ رَبِّ الْعَالَمِينَنَزَلَ بِهِ الرُّوحُ الْأَمِينُعَلَى قَلْبِكَ لِتَكُونَ مِنَ الْمُنْذِرِينَبِلِسَانٍ عَرَبِيٍّ مُبِينٍ﴾
“Albatta, (bu Qur'on) olamlar Parvardigorining nozil qilgan (kitob)idir. Uni Ruhul-amin (Jabroil) olib kelib, ogohlantiruvchi (payg'ambar)lardan bo'lishingiz uchun qalbingizga tushirdi, u aniq arab tilida edi” (Shuaro surasi, 192-195-oyatlar).
Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy goho farishta (Jabroil alayhissalom), ba'zan parda ortidan kelishi mumkin ekan. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelishi faqatgina Qur'oni karim bilan chegaralanmaganini ko'rsatadi.
Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin:
1) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va boshqa barcha payg'ambarlarning vazifasi Allohning kalomini odamlarga faqtagina etkazish emas, balki hikmatni o'rgatishadi va go'zal namuna o'laroq ularni zulumatdan hidoyatga boshlaydilar;
2) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Allohga itoat etishdek lozimdir. Shu bois, Qur'oni karimda ikkisi hamisha birga zikr etilgan;
3) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish bu amalda Allohga itoat etishga tengdir. Uning biri ikkinchisiz bo'lmaydi;
4) insonlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nafaqat itoat etishlari, balki ergashishlari ham shartdir.
5) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan har bir so'zlari va qilgan har qanday amallari Alloh taoloning vahiyiga asoslangan;
6) bu vahiylar ba'zan Qur'on oyatlarida o'z aksini topadi va ular bayon (tilovat) qilingan vahiy (al-vahiy al-matluv) deb ataladi. Shuningdek, ayrim hollarda vahiylar Qur'on oyatlariga qo'shimcha sifatida nozil bo'ladi va ular bayon (tilovat) qilinmagan vahiy (al-vahiy g'oyri al-matluv) deyiladi.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan