Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Vahiyning ikki turi (5-qism)

25.07.2022   7779   33 min.
Vahiyning ikki turi (5-qism)

Alloh taolo tomonidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kelgan vahiylar ikki turga bo'linadi:

  1. Al-vahiy al-matluv ((namozda)tilovat qilinadigan vahiy) Qur'oni karimdagi nozil bo'lgan oyatlar;
  2. Kundalik hayotda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taoloning irodasi (xohishi)ni bildirish uchun vaqti-vaqti bilan nozil bo'lgan vahiy al-vahiy g'oyri al-matluv (tilovat qilinmaydigan vahiy) deb ataladi. Ushbu vahiy odamlarga so'zlanmaydi, balki payg'ambar alayhissalom so'zi va hatti-harakati orqali etkaziladi.

 

VAHIYNING IKKINChI TURI QUR_''ONI KARIMDA TASDIQLANGAN

Vahiyning ikkinchi turi Qur'oni karimda uchramaydi, ammo ko'p oyatlarda Alloh taoloning xohishi sifatida unga ishora qilinadi. Ayrim oyatlarda Alloh taoloning vahiyi faqatgina Qur'on oyatlari bilan cheklanmasligi, balki vahiyning boshqa turlari ham mavjudligi yaqqol namoyon bo'ladi.

  1. Qur'oni karimda bunday deyiladi:

﴿وَمَا جَعَلْنَا الْقِبْلَةَ الَّتِي كُنْتَ عَلَيْهَا إِلَّا لِنَعْلَمَ مَنْ يَتَّبِعُ الرَّسُولَ مِمَّنْ يَنْقَلِبُ عَلَى عَقِبَيْهِ

“Siz yuzlangan oldingi qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg'ambarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik)(Baqara surasi, 143-oyat).

Ushbu oyatning mazmunini tushunish uchun quyidagilarni bilish lozim:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilib kelgan dastlabki yillari musulmonlar Baytul Maqdis tomonga yuzlanib, ibodat qilishga buyurilgan edilar. O'sha vaqtda u er ular uchun qibla hisoblanardi. Ammo oradan o'n etti oy o'tib, Qur'oni karim bundan qaytarib, musulmonlarga yuzlarini yangi qibla sifatida muqaddas Ka'ba tomonga burishga buyurdi:

﴿فَوَلِّ وَجْهَكَ شَطْرَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ

Yuzingizni Masjidi Harom (Ka'ba) tomonga buring!(Baqara surasi, 144-oyat).

Mushriklar Makkaning qibla bo'lishidan yuz o'girdilar, Baytul Maqdis yana avvalgidek qibla bo'lishini bahona qildilar. Qur'oni karimda bayon etilganidek, ushbu oyat odamlar payg'ambar alayhissalomga itoat etishliklarini sinash uchun nozil etilgandi: “Siz yuzlangan oldingi qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg'ambarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik)(Baqara surasi, 143-oyat).

Demak, Baytul Maqdisning qibla bo'lishi Alloh taoloning irodasi bilan amal oshgan, ammo Qur'oni karimning biror oyatida Baytul Maqdis tomonga yuzni burishga oid amr uchramaydi. Bu buyruq odamlarga payg'ambar alayhissalom orqali hech qanday vahiysiz bildirilgan. Oyatda ta'kidlanganidek bu amr Alloh taoloning xohishi ila yuzaga chiqqan. Oyatda ochiq-oydin “payg'ambar qildi” emas, balki “Biz qildik” (ja'alna) tarzida kelishi hech qanday izoh talab qilmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib quyidagi xulosalarni keltirish mumkin:

a) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil bo'lgan ayrim vahiylar Qur'oni karimda uchramaydi;

b) bu vahiylar Alloh taolo tomonidan bo'lib, undagi amrlar ham Alloh taoloning xohish-irodasidandir;

v) ikkinchi turdagi vahiylarga ham xuddi birinchi turdagi vahiy kabi amal qilish barcha mo'minlar uchun shartdir;

g) bu vahiylar mo'minlarning Qur'onda kelmagan buyruqlarga amal qilishlarini sinash uchun yuborilib turilgan.

 

  1. Ro'za tutish dastlab farz qilingan davrda iftordan keyin ro'za tutgan odam uxlab qolsayu, keyin uyg'onsa, unga eb-ichish va ayoliga yaqinlik qilish mumkin bo'lmagan.

Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalariga binoan bo'lgan, bu borada Qur'oni karimda hech qanday oyat kelmagan. Lekin ayrim musulmonlar bu qoidaga amal qila olmasdilar. Shu sababli, Qur'oni karimda ular haqida quyidagi oyatlar nozil bo'ldi va iftorlikdan keyin hatto uxlab qolingan bo'lsa ham, er kishi ayoliga yaqinlik qilishiga ruxsat berildi:

﴿أُحِلَّ لَكُمْ لَيْلَةَ الصِّيَامِ الرَّفَثُ إِلَى نِسَائِكُمْ هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ عَلِمَ اللَّهُ أَنَّكُمْ كُنْتُمْ تَخْتَانُونَ أَنْفُسَكُمْ فَتَابَ عَلَيْكُمْ وَعَفَا عَنْكُمْ فَالْآَنَ بَاشِرُوهُنَّ وَابْتَغُوا مَا كَتَبَ اللَّهُ لَكُمْ وَكُلُوا وَاشْرَبُوا حَتَّى يَتَبَيَّنَ لَكُمُ الْخَيْطُ الْأَبْيَضُ مِنَ الْخَيْطِ الْأَسْوَدِ مِنَ الْفَجْرِ ثُمَّ أَتِمُّوا الصِّيَامَ إِلَى اللَّيْلِ

“Sizlarga ro'za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o'zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi, ular bilan (ro'za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya'ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha eb-ichaveringiz. So'ngra, ro'zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz!” (Baqara surasi, 187-oyat).

Ushbu oyatdan quyidagi xulosalarni keltirish mumkin:

  1. Ramazon kechalarida ayoliga yaqinlik qilish ushbu oyat nozil bo'lguniga qadar mumkin bo'lmagan;
  2. ammo ushbu oyat nozil bo'lgunicha ayrimlar bu tartibni buzganlar;
  3. “Sizlarning o'zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi” oyatiga ko'ra, ularning bu ishlari gunoh sanalgan, chunki afv etilish gunoh qilingandan keyin bo'ladi;
  4. “Sizlarga ro'za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi” oyatiga muvofiq aynan endi ayoliga yaqinlik qilishga ruxsat etildi.

Demak, yuqorida ta'kidlangan taqiq shar'iy va mo'min-musulmonlar unga amal qilishlari shart hisoblangan. Binobarin, bu taqiqlar faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqaligina ma'lum bo'lib, u haqda birorta oyat mavjud emas.

Qolaversa, Qur'oni karim bu taqiqni tasdiqlash bilan birga, Alloh taoloning so'zi sifatida baholaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu taqiqni hayotga tatbiq etdilar, garchi u haqda Qur'oni karimda Alloh taoloning vahiyi kelmagan bo'lsa ham.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu oyat bir tomondan Qur'oni karimda kelmagan vahiylar mavjud ekanligini ko'rsatadi, boshqa tomondan, musulmonlar uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruq va ko'rsatmalariga amal qilish qanchalik shartligini yaqqol namoyon etadi.

 

  1. Uhud g'azoti kuni Qur'oni karimning ayrim oyatlari mo'min-musulmonlarga Badr jangi voqealarini eslatish uchun nozil bo'lgan. Alloh taolo farishtalarini yuborishni va'da bergan edi, va'dasini ro'yobga chiqardi:

﴿وَلَقَدْ نَصَرَكُمُ اللَّهُ بِبَدْرٍ وَأَنْتُمْ أَذِلَّةٌ فَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَإِذْ تَقُولُ لِلْمُؤْمِنِينَ أَلَنْ يَكْفِيَكُمْ أَنْ يُمِدَّكُمْ رَبُّكُمْ بِثَلَاثَةِ آَلَافٍ مِنَ الْمَلَائِكَةِ مُنْزَلِينَبَلَى إِنْ تَصْبِرُوا وَتَتَّقُوا وَيَأْتُوكُمْ مِنْ فَوْرِهِمْ هَذَا يُمْدِدْكُمْ رَبُّكُمْ بِخَمْسَةِ آَلَافٍ مِنَ الْمَلَائِكَةِ مُسَوِّمِينَوَمَا جَعَلَهُ اللَّهُ إِلَّا بُشْرَى لَكُمْ وَلِتَطْمَئِنَّ قُلُوبُكُمْ بِهِ وَمَا النَّصْرُ إِلَّا مِنْ عِنْدِ اللَّهِ الْعَزِيزِ الْحَكِيمِ﴾

Badr (jangi)da (harbiy) kuchingiz oz bo'lsa-da, Alloh sizlarni g'olib qildi-ku! Bas, Allohdan qo'rqib, zora shukr qilsangiz.Mo'minlarga: «Rabbingiz (osmondan) tushirilgan uch ming nafar farishta bilan sizlarga madad bergani kifoya emasmi?!» – degan paytingizni eslang!Yo'g'-e (kifoya qilur)! Agar sabrli bo'lib, Allohdan qo'rqsangiz, ular (dushmanlar) bexos hujum qilib qolsalar – Rabbingiz sizlarga besh mingta belgili farishta bilan madad berur. Buni (madadni) Alloh sizlarga xushxabar bo'lishi va dillaringiz u bilan taskin topishi uchun berdi. Falaba esa, faqat Alloh huzuridadirki, U Aziz va Hakimdir(Oli Imron surasi, 123-126 – oyatlar).

Alloh taoloning farishtalarini yordamga yuborishi haqidagi xabari musulmonlar uchun ulkan bashorat edi. Ammo Badr jangi vaqtida berilgan bu xushxabar haqida Qur'oni karimning biror oyatida uchramaydi. Bir so'z bilan aytganda, Qur'oni karimda Badr jangida farishtalarning yordamga tushirilgani haqida oyat kelmagan. Faqatgina ushbu bashoratga boshqa janglar o'tgandan keyin ishora beriladi. Ushbu oyatda bu xushxabar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tomonidan berilgani qat'iy ta'kidlanmoqda. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so'zlari Alloh taoloning vahiysi ekanligiga yana bir dalil (isbot) bo'ladi.

 

  1. Uhud g'azotidan keyin ushbu oyat nozil bo'ldi:

وَإِذۡ يَعِدُكُمُ ٱللَّهُ إِحۡدَى ٱلطَّآئِفَتَيۡنِ أَنَّهَا لَكُمۡ ٧

Allohning “ikki toifadan biri sizlarning foydangizga bo'ladi”,deb va'da qilganini eslang(Anfol surasi, 7-oyat).

Ushbu oyatda zikr etilgan ikki toifadan biri – Abu Sufyonning Suriyadan kelgan savdo karvoni, ikkinchisi esa, Makka mushriklari Abu Jahlning to'dasi edi. Bu oyatda Alloh taolo iymon keltirganlarga ushbu toifadan birining ustidan g'alaba qozonishlarining va'dasini bermoqda. Natijada haqiqatdan ham, musulmonlar Abu Jahlning qo'shini ustidan g'alaba qozondilar. Ammo Alloh taoloning musulmonlarga bu ikki toifaning biri ustidan g'alaba qozonishlari haqidagi va'dasi Qur'oni karimda kelmagan.

 

  1. Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zavjai mutahhoralaridan biriga bir sirni bo'lishdilar. Ammo ayollari u sirni boshqa birovga oshkora qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan xabar topganlarida, nega bunday qilgani haqida so'radilar. Ayollari buni kim aytgani haqida so'raganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo ma'lum qilganini aytdilar. Bu haqda Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi:

﴿وَإِذْ أَسَرَّ النَّبِيُّ إِلَى بَعْضِ أَزْوَاجِهِ حَدِيثًا فَلَمَّا نَبَّأَتْ بِهِ وَأَظْهَرَهُ اللَّهُ عَلَيْهِ عَرَّفَ بَعْضَهُ وَأَعْرَضَ عَنْ بَعْضٍ فَلَمَّا نَبَّأَهَا بِهِ قَالَتْ مَنْ أَنْبَأَكَ هَذَا قَالَ نَبَّأَنِيَ الْعَلِيمُ الْخَبِيرُ﴾

“Payg'ambar xotinlaridan biriga (Hafsaga) bir gapni (cho'risi Moriya talog'i va xalifalikni) xufyona aytganini eslang! Bas, qachonki, (Hafsa) u (sir) haqida (Oyshaga) xabar bergach, Alloh uni bundan voqif qildi va u (Hafsaga o'zi bilgan narsaning) ba'zisini bildirdi va ba'zisidan yuz o'girdi (bildirmadi). Bas, qachonki, (Payg'ambar Hafsaga) xabarni aytgach, u: «Kim Sizga bu xabarni berdi?», – dedi, (Payg'ambar): «Menga Biluvchi va Habardor (Alloh) xabar berdi», – dedi (Tahrim surasi, 3-oyat).

Alloh taolo Payg'ambarimiz alayhissalomga bu sir haqida O'zi bildirdi. Ammo bu haqda ham Qur'oni karimning biror oyatida zikr qilinmagan. Bu ham vahiyning ikkinchi turiga aniq misol bo'ladi.

 

  1. Musulmonlar Madina yaqinidagi yahudiy qabilasi Banu Nazir bilan bo'lgan g'azot (urush) vaqtida dushmanni engish uchun yon-atrofdagi xurmo daraxtlarini kesdilar, shunda Qur'oni karimdagi ushbu oyatlar nozil bo'ldi:

﴿مَا قَطَعْتُمْ مِنْ لِينَةٍ أَوْ تَرَكْتُمُوهَا قَائِمَةً عَلَى أُصُولِهَا فَبِإِذْنِ اللَّهِ﴾

(Ey, iymon keltirganlar!) Sizlar (Banu Nazir xurmozorlaridan) biror xurmo daraxtini kesdingizmi yoki uni o'z tanalarida turgan holida qoldirdingizmi, bas, (qilingan ish) Allohning izni bilan” (Hashr surasi, 5-oyat).

Musulmonlar Alloh taoloning izni ila xurmo daraxtlarini kesdilar, vaholanki, Qur'oni karimda jangi vaqtida daraxtlarni kesish haqida birorta oyat mavjud emas. Unda qanday qilib musulmonlar daraxtlarni kesishga ijozat oldilar? (Kim ularga daraxtlarni kesishga ruxsat berdi?) Javob bitta: Ularga ruxsatni Alloh taolo O'z payg'ambariga (g'oyril matluv) vahiyi orqali etkazgan.

 

  1. Ma'lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni (tutingan) o'g'il qilib olgan edilar. U Jahshning qizi Zaynabga uylandi. Ammo ularning turmushi baxtli bo'lmadi. Vaqt o'tib munosabatlari yomonlashib, oila buzilishigacha borib etdi. Johiliyat davrida asrandi farzand barcha munosabatlarda xuddi o'z farzandidek ko'rilgan. Qur'oni karim asrandi farzand aslo o'z farzandidek bo'lmasligini e'lon qildi.

Alloh taolo musulmonlarni asrandi farzandga nisbatan to'g'ri munosabatda bo'lishga o'rgatish maqsadida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning asrandi farzandlari (Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu) taloq qilgan ayoli Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhoga uylanishga buyurdi. Dastlab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga uylanishdan juda hijolatda bo'ldilar. Zero, bu odat johiliyat davrida sharmandalik hisoblangan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan aniq bu haqda ko'rsatma olganlaridan keyin nikohlariga oldilar. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyiladi:

﴿وَإِذْ تَقُولُ لِلَّذِي أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَأَنْعَمْتَ عَلَيْهِ أَمْسِكْ عَلَيْكَ زَوْجَكَ وَاتَّقِ اللَّهَ وَتُخْفِي فِي نَفْسِكَ مَا اللَّهُ مُبْدِيهِ وَتَخْشَى النَّاسَ وَاللَّهُ أَحَقُّ أَنْ تَخْشَاهُ فَلَمَّا قَضَى زَيْدٌ مِنْهَا وَطَرًا زَوَّجْنَاكَهَا لِكَيْ لَا يَكُونَ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ حَرَجٌ فِي أَزْوَاجِ أَدْعِيَائِهِمْ إِذَا قَضَوْا مِنْهُنَّ وَطَرًا وَكَانَ أَمْرُ اللَّهِ مَفْعُولًا

(Ey, Muhammad!) Eslang, Alloh va Siz (ne'matlarni) in'om etgan kishiga (Zayd ibn Horisaga): «Juftingni o'zingda saqla (taloq qilishga shoshma)! Allohdan qo'rqqin!» – deb, Alloh oshkor qiluvchi bo'lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz va Allohdan qo'rqishga haqliroq bo'lgan holingizda, Siz odamlardan (ta'nalaridan) qo'rqqan edingiz. Bas, Zayd undan (Zaynabdan) hojatini ado etgach (uni taloq qilgach), Biz Sizni unga uylantirdik. Toki mo'minlarga asrandi bolalari o'z xotinlaridan hojatlarini ado etishgach (taloq qilishgach), ularga (uylanishlarida) qiyinchilik bo'lmasligi uchun (shunday qildik). Allohning amri esa bajariluvchidir” (Ahzob surasi, 37-oyat).

 

“Alloh oshkor qiluvchi bo'lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz” oyatiga ko'ra, Alloh taolo O'z payg'ambariga Zaynab roziyallohu anhoga Zayd ibn Horisa roziyallohu anhudan ajrashganidan keyin uylanishlarini bildirgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynabni Zayddan ajrashmoqchi bo'lganini bilganlar, ammo buni hayo qilib ma'lum qilmaganlar. Hatto Zayd Zaynabning ajrashmoqchi ekani haqida aytganida ham, unga oilani saqlab qolishni maslahat berganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Zaynabning ajrashmoqchi bo'lganini Alloh taolo bildirgan. Biroq bu haqda Qur'oni karimda oyat kelmagan. Bu ilm Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tarafidan berilgan.

Oyatdagi eng muhim nuqta – “Biz Sizni unga uylantirdik” oyatidir. Ya'ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Zaynab roziyallohu anho o'rtalaridagi nikoh Alloh taoloning amri va irodasi ila bo'lgandir, buni Robbul a'lamiynning O'zi ma'lum qilmoqda. Bu haqdagi oyat buni tasdiqlaydi. Ammo uning bo'lishi haqidagi xabar Qur'oni karimning biror oyatida uchramaydi. Bu ham g'oyril matluv vahiyga navbatdagi isbotdir.

 

  1. Qur'oni karimning qator oyatlarida musulmonlar namozni qoim etishlari lozimligi zikr qilingan. Ammo bu oyatlarning birida quyidagi bir istisno keladi: agar jang vaqtida musulmonlar dushman hujumidan xavfda bo'lsalar, namozni otda, tuyada yoki piyoda yurib ado etishlari mumkin. Havf yo'qolgandan keyin yana odatdagidek ibodatlarini bajaraveradilar. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿حَافِظُوا عَلَى الصَّلَوَاتِ وَالصَّلَاةِ الْوُسْطَى وَقُومُوا لِلَّهِ قَانِتِينَفَإِنْ خِفْتُمْ فَرِجَالًا أَوْ رُكْبَانًا فَإِذَا أَمِنْتُمْ فَاذْكُرُوا اللَّهَ كَمَا عَلَّمَكُمْمَا لَمْ تَكُونُوا تَعْلَمُونَ

(Besh vaqt farz qilingan) namozlarni, xususan o'rta namozni saqlangiz (o'z vaqtida o'qingiz) va (namozda) Allohga bo'yin sungan holatda (kamtarlik bilan) turingiz! Agar (dushman hujumidan) xavfda bo'lsangiz, bas, piyoda yoki ulovda (namoz o'qiyveringiz). (Havfdan) xotirjam bo'lganingizda esa, bilmaganlaringizni sizga ta'lim berganidek Allohni zikr eting (namoz o'qing)(Baqara surasi, 238-239 – oyatlar).

Ushbu oyatdan quyidagi mulohazalarni keltirish mumkin:

birinchidan, musulmonlar birdan ortiq farz namozlarni ado etishlari shart. Ammo ularning aniq soni yuqoridagi oyatda ham, Qur'oni karimning boshqa oyatlarida ham bayon etilmagan. Biroq farz namozlar besh mahal ekani faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqaligina ma'lum bo'lgan.

ikkinchidan, oyatdagi “o'rta namoz”dan qaysi namoz ekaniligini bayon qilib berish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga havola etiladi.

uchinchidan, (Havfdan) xotirjam bo'lganingizda esa, bilmaganlaringizni sizga ta'lim berganidek Allohni zikr etingoyatidagi “zikr eting”dan “namoz o'qing” mazmuni kelib chiqadi. Oyatning tafsiri shunga ishora qiladi.

Demak, mo'min-musulmonlar (tinch) xotirjam bo'lgan vaqtlarida namozlarini odatdagidek Alloh taolo o'rgatganidek ado etishlari lozim ekan. Biroq Alloh taolo namozni qanday o'qishni ta'lim bergani Qur'oni karimning biror oyatida kelmagan. Balki namozni qanday o'qishning tartibini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'rgatganlar. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'rgatganlari bu Alloh taoloning ta'lim bergani demakdir. Ya'ni Alloh taolo payg'ambari alayhissalomga (g'oyril matluv bo'lgan, Qur'onda kelmagan) vaxiyi orqali namoz o'qishni tartibini o'rgatgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa bu vahiy asosida musulmonlarga ta'lim berganlar.

  1. Ayrim munofiqlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Hudaybiya g'azotida ishtirok etmadilar. Musulmonlar kofirlarga qarshi janglarni davom ettirishayotganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqat Hudaybiya jangida ishtirok etganlargina navbatdagi g'azotlarda qatnashishlari mumkinligini e'lon qildilar. Musulmonlarning g'alaba qozonishayotgani hamda taqsimlanayotgan o'ljalarni ko'rgan munofiqlar ham janglarda qatnashishga qiziqib qolishdi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning iltimoslarini rad etdilar, urushda ishtirok etishlariga ruxsat bermadilar. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyiladi:

﴿سَيَقُولُ الْمُخَلَّفُونَ إِذَا انْطَلَقْتُمْ إِلَى مَغَانِمَ لِتَأْخُذُوهَا ذَرُونَا نَتَّبِعْكُمْ يُرِيدُونَ أَنْ يُبَدِّلُوا كَلَامَ اللَّهِ قُلْ لَنْ تَتَّبِعُونَا كَذَلِكُمْ قَالَ اللَّهُ مِنْ قَبْلُ

Hali sizlar (Haybar jangidagi) o'ljalarni olish uchun ketayotgan vaqtingizda (jihodga chiqmay uyda) qolgan kimsalar: «Bizlarga ham (o'lja olish uchun) sizlarga ergashishimizga (yo'l) qo'yingiz», – derlar. Ular Allohning kalomini o'zgartirmoqchi bo'ladilar. Ayting: «Sira ham bizlarga ergashmaysiz. Alloh ilgari mana shunday degandir»” (Fath surasi, 15-oyat).

Oyatga ko'ra, Alloh taolo Hudaybiya g'azotida musulmonlar safida bo'ladiganlarning sonini avvaldan bilgan va munofiqlarning jangda qatnashishlarini bekor qilgan. Va bu haqda Qur'oni karimda oyat uchramasa-da, Alloh taolo vahiy orqali buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bildirgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qarorlari Alloh taoloning irodasidan kelib chiqqan.

 

 

  1. Payg'ambarlikning ilk davrlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur'on oyatlari nozil bo'lganda ularni esdan chiqarmaslik uchun ovoz chiqarib yoddan qaytarardilar. Bir vaqtda Qur'oni karim oyatlarini eshitib, ularni tadabbur qilib, qalbda saqlab, eslab qolish mushkul edi. Alloh taolo bu mushkullikni oson qilib, quyidagi oyatni nozil qildi:

﴿لَا تُحَرِّكْ بِهِ لِسَانَكَ لِتَعْجَلَ بِهِإِنَّ عَلَيْنَا جَمْعَهُ وَقُرْآَنَهُ فَإِذَا قَرَأْنَاهُ فَاتَّبِعْ قُرْآَنَهُثُمَّ إِنَّ عَلَيْنَا بَيَانَهُ﴾

(Ey, Muhammad! Qur'onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan (ko'p) harakatlantiravermang. Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o'qisak, Siz ham uni o'qishga ergashing! So'ngra uni (Qur'onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir” (Qiyomat surasi, 16-19 – oyatlar).

Alloh taolo ushbu oyatning so'nggida Qur'on oyatlarini bayon qilib berishini ham va'da berdi. Ya'ni bayon qilish uni tafsir qilish demakdir. Tafsirlar turli ko'rinishda berilgan. Ularning ayrimlari Alloh taolodan tomonidan to'g'ridan-to'g'ri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy ko'rinishida kelgan.

 

  1. Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday marhamat qiladi:

﴿وَأَنْزَلَ اللَّهُ عَلَيْكَ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَعَلَّمَكَ مَا لَمْ تَكُنْ تَعْلَمُ وَكَانَ فَضْلُ اللَّهِ عَلَيْكَ عَظِيمًا

Alloh Sizga Kitob va Hikmatni nozil qildi va bilmaganingizni bildirdi. Allohning Sizga (nisbatan) fazli buyukdir(Niso surasi, 113-oyat).

Alloh taolo ushbu oyatda Kitob va Hikmatni nozil qilganini alohida zikr etdi. Oyatga ko'ra, hikmat Qur'oni karimga qo'shimcha sifatida ishora qilinmoqda. “...bilmaganingizni bildirdi – Alloh taolo nafaqat Kitobni, balki hikmatni ham, avval bilmagan boshqa narsalarni ham o'rgatdi. Bu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambarlik vazifalarini bajarishlarida sodir bo'lgan vahiyning ikki turiga misol bo'ladi.

 

  1. Qur'oni karimda vahiyning turlicha ko'rinishlari zikr etilgan:

﴿وَمَا كَانَ لِبَشَرٍ أَنْ يُكَلِّمَهُ اللَّهُ إِلَّا وَحْيًا أَوْ مِنْ وَرَاءِ حِجَابٍ أَوْ يُرْسِلَ رَسُولًا فَيُوحِيَ بِإِذْنِهِ مَا يَشَاءُ﴾

Inson bilan Alloh (bevosita) so'zlashishi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin(Sho'ro surasi, 51-oyat).

 

﴿قُلْ مَنْ كَانَ عَدُوًّا لِجِبْرِيلَ فَإِنَّهُ نَزَّلَهُ عَلَى قَلْبِكَ بِإِذْنِ اللَّهِمُصَدِّقًا لِمَا بَيْنَ يَدَيْهِ وَهُدًى وَبُشْرَى لِلْمُؤْمِنِينَ

“Ayting (ey, Muhammad!): «Kim Jabroilga dushman bo'lsa, axir, u uni (Qur'onni) qalbingizga Allohning izni bilan o'zidan avvalgi (ilohiy kitoblar)ni tasdiq etadigan, mo'minlarga hidoyat va xushxabar holida nozil qildi-ku!” (Baqara surasi, 97-oyat).

 

﴿وَإِنَّهُ لَتَنْزِيلُ رَبِّ الْعَالَمِينَنَزَلَ بِهِ الرُّوحُ الْأَمِينُعَلَى قَلْبِكَ لِتَكُونَ مِنَ الْمُنْذِرِينَبِلِسَانٍ عَرَبِيٍّ مُبِينٍ﴾

“Albatta, (bu Qur'on) olamlar Parvardigorining nozil qilgan (kitob)idir. Uni Ruhul-amin (Jabroil) olib kelib, ogohlantiruvchi (payg'ambar)lardan bo'lishingiz uchun qalbingizga tushirdi, u aniq arab tilida edi” (Shuaro surasi, 192-195-oyatlar).

Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy goho farishta (Jabroil alayhissalom), ba'zan parda ortidan kelishi mumkin ekan. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelishi faqatgina Qur'oni karim bilan chegaralanmaganini ko'rsatadi.

Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin:

1) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va boshqa barcha payg'ambarlarning vazifasi Allohning kalomini odamlarga faqtagina etkazish emas, balki hikmatni o'rgatishadi va go'zal namuna o'laroq ularni zulumatdan hidoyatga boshlaydilar;

2) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Allohga itoat etishdek lozimdir. Shu bois, Qur'oni karimda ikkisi hamisha birga zikr etilgan;

3) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish bu amalda Allohga itoat etishga tengdir. Uning biri ikkinchisiz bo'lmaydi;

4) insonlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nafaqat itoat etishlari, balki ergashishlari ham shartdir.

5) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan har bir so'zlari va qilgan har qanday amallari Alloh taoloning vahiyiga asoslangan;

6) bu vahiylar ba'zan Qur'on oyatlarida o'z aksini topadi va ular bayon (tilovat) qilingan vahiy (al-vahiy al-matluv) deb ataladi. Shuningdek, ayrim hollarda vahiylar Qur'on oyatlariga qo'shimcha sifatida nozil bo'ladi va ular bayon (tilovat) qilinmagan vahiy (al-vahiy g'oyri al-matluv) deyiladi.

 

 

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning

"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan

Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD

1-qism2-qism3-qism, 4-qism, Davomi bor...

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   8478   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA