Internetning o'zbek tilidagi maydonida o'rta asrlardan beri Islom dinini yot g'oyalardan saqlashga xizmat qilib kelayotgan moturidiya ta'limotiga tosh otayotgan, muborak dinimiz ta'limotini soxta talqin etish orqali nizo, tortishuv va ixtilof chiqarishga urinayotganlar ko'payib qolgan.
Diniy masalalardagi ixtiloflar o'ta hassos ekanini e'tiborga olsak, dindoshlarimizni hanafiylik mazhabi va moturidiya aqidasi ta'limoti, aksar ulamolarning ilmiy qarashlari asosida diniy ixtiloflardan ogohlantirish va ulardan asrab-avaylash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Har qanday ixtilof isloh etish yoki vayron qilish xususiyatiga ega. Ko'p ulamolar sahobalar, tobeinlar, musulmonlarning ehtiromiga sazovor bo'lgan to'rt fiqhiy mazhab ixtilofi misolida tabiiy ixtiloflar yaxshi niyat va urinish oqibatida kelib chiqishi hamda yaxshilik bilan tugashini ta'kidlaydi. Ammo buzg'unchi maqsadlarda, sun'iy ravishda keltirib chiqarilgan ixtiloflarga vaqtida chora ko'rilmasa, tomonlarning tajovuzkorligiga sabab bo'lishi, to'g'ridan-to'g'ri zo'ravonlik darajasiga etishi mumkin.
Diniy asosdagi ixtiloflarni shartli ravishda muayyan dinga e'tiqod qiluvchi shaxs yoki guruhlar o'rtasida aqida, shariat, amallarni bajarish, muqaddas manbalardagi ko'rsatmalarga tayanish va boshqa masalalarda keskin munozarali holatlarning yuzaga kelishi deb tasniflash mumkin.
Islom dinida ixtilof chiqarish o'zlaridan boshqa musulmonlarni xatokorlikda, bid'at va zalolatda, Qur'on va sunnatni tark etishda ayblashda aks etmoqda. Jumhur ulamolar ixtilof chiqarayotgan toifalarning ko'zga yaqqol tashlanadigan belgisi bemazhablik ekanini qayd etadi. Ulamolar ixtilof chiqarayotganlar Abu Sulaymon Asbahoniy Zohiriy (883 y. v.e.) tomonidan ta'sis etilgan, “Zohiriya mazhabi” nomini olgan huquqiy maktab tarafdorlari singari Qur'on va hadislarning faqat zohiriga (yuzaki ma'nolariga) amal qilishlarini ta'kidlashadi.
“Zohiriylar” huquqiy amaliyotda Qur'on va sunnatni aynan tushunish va talqin qilishni tan olganlar. Ular Qur'on matnidagi yashirin (majoziy) ma'noni rad etib, uni majoziy talqin etib bo'lmaydi, deb hisoblaganlar. “Zohiriylar” usulul fiqh (huquq asoslari) ilmiga oid masalalarda mantiqiy usullar (ra'y, istihson va b.)dan foydalanishga keskin qarshi edi.
Yuqoridagi sabablarga ko'ra, ulamolar bugungi zamonda ixtilof chiqarayotganlarni “yangi zohiriylar” deb ham atashadi. Ixtilofchilarga xos xususiyatlar quyidagicha:
– Qur'onda majoziy ma'nolarda kelgan oyatlarni qanday bo'lsa, shunday tushunish va rioya etish, Qur'ondagi umumiy ko'rsatma ma'nosida kelgan oyatlar bilan buyruq sifatida kelgan oyatlarni buzib talqin etish, oyat va hadislarni tushunishda sirtqi ma'nolariga yopishib, harfma-harf tahlil qilish hamda matnlarning ortidagi maqsad va hikmatlarni e'tiborga olmaslik;
– ma'naviy kamolot, ota-onaga hurmat, farzand tarbiyasi, bilim olish, muhtojlarga yordam berish, olim-ulamolarni hurmat qilish kabi asl islomiy qadriyatlarga e'tiborsizlik qilish va rioya etmaslik, asosiy e'tiborni shaklga, masalan, tartibsiz soqol qo'yish va o'z nazdlarida go'yoki islomiy hisoblanadigan libos kiyishga, shuningdek, suratga tushish, televizor ko'rish, davlat va xalq bayramlarini nishonlashni man etish kabilarga qaratish;
– o'z fikrini to'g'ri deb hisoblab, g'uluvga ketish hamda fikrlariga qo'shilmaganlarga nisbatan o'zlarining “bid'at–zalolat”, “zalolat–do'zax” qoidalari asosida keskin murosasiz munosabatda bo'lish;
– o'zlaridan boshqa barcha musulmonlarni “fosiq”, “bid'atchi” yoki “kofir”ga chiqarish, din, mazhab va boshqa masalalarda beparvo bo'lish;
– o'tgan ulug' ulamolarni tanqid qilish orqali o'zlarini ularning o'rniga qo'yishga harakat qilish;
– bugungi kun voqeligi, tarixiy va ob'ektiv qonuniyatlarni tushunmaslik va tan olmaslik, masalan, barcha musulmonlarni birlashtiruvchi yagona xalifalik qurish kabi xomxayolni mutaassiblik bilan ilgari surish.
Ixtilof chiqarayotganlarning Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekistonda buzg'unchilik ishlari qatorida quyidagilarni keltirish mumkin:
– Imom Abu Hanifa va Imom Moturidiy rahimahumalloh haqida tanqidiy fikrlar tarqatish, rasmiy diniy idora va masjidlarda ishlaydigan ulamolarni “saroy mullalari” deb masxara qilish;
– hanafiylik mazhabi ta'limotiga zid ravishda namozda “omin” lafzini ovoz chiqarib aytish, oyoqlarni kerib turish, namozda rukuga borayotganda va undan qaytayotganda ikki qo'lni ko'tarish orqali tafriqa chiqarish, sunnat namozlarni masjidda o'qimaslik, namozdan keyin jamoat bilan duo qilishni, qabristonda yoki o'tganlarga atab tilovat qilishni “bid'at” deb e'lon qilish;
– dunyoviy hayot kechirayotgan fuqarolarni, ayniqsa, davlat boshqaruv organlari xodimlarini ommaviy ravishda “kufr”da ayblash va shu kabilar.
Islomda dinni odamlarga qiyin qilib tushuntirish va og'ir talablar bilan cheklash, mazkur masalada ixtilof chiqarish man etilgan. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Osonlashtiringlar, qiyinlashtirmanglar, xotirjam qilinglar, bezdirmanglar”, dedilar (“Sahihul Buxoriy”, 6125-hadis).
Jumhur ulamolarning ilmiy manbalarida, jumladan, marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning asarlarida (“Ixtiloflar, sabablar, echimlar”, 38–64, 227–293- betlar) ixtilof chiqarayotganlarning namoz va boshqa masalalardagi da'volari Islom ta'limotiga zid ekani muqaddas manbalar, ahli sunna val jamoa aqidasi hamda hanafiylik ta'limoti asosida mustahkam hujjat va dalillar bilan isbotlab berilgan.
Ulamolar dinda ixtilof chiqarayotganlardan saqlanish uchun sunniylik yo'nalishi va hanafiylik mazhabi ahkomlarida mahkam turish, mutaassib va ekstremistik g'oyalarga berilmaslik zarurligini ta'kidlaydi va ixtilofchilarning jamiyatga buzg'unchi ta'siridan saqlanishda quyidagilarni tavsiya qiladi:
– har bir musulmon ahli sunna val jamoada bo'lishi;
– dinni o'rganishda solih musulmon ajdodlar izidan borish;
– ulamolarni hurmat qilish va ularga ergashish;
– farzand tarbiyasiga alohida e'tibor qaratish;
– turli buzg'unchi toifa, firqa va guruhlardan ehtiyot bo'lish;
– kishilar o'rtasida ahil-inoqlik va do'stlikni mustahkamlash;
– din, Vatan va xalq foydasi uchun xizmat qilish;
– ixtiloflardan chetda bo'lish.
Tarixdan ma'lumki, qaysi xalq yoki jamiyatda ixtilof va o'zaro nizolar avj olsa, ular katta fitnalarni keltirib chiqargan hamda ushbu o'lka zaiflashib, oxir-oqibat muqarrar tanazzulga yuz tutgan. Aksincha, oshkora va botiniy fitna va ixtiloflarga qarshi ilm, adolat va birdamlik bilan qarshi turgan yurtlar barqaror rivojlanib, dunyo hamjamiyatida o'zining munosib o'rnini egallagan.
Shu nuqtai nazardan, musulmonlar aqida, shar'iy amallarni ado etish masalalarida ulamolarimizga ergashishlari, jamoadan ajralmasliklari, o'zlarini buzg'unchi toifalar ta'siriga tushib, diniy mavzularda nizo va tortishuv chiqarishdan tiyishlari, ixtilofli masalalarning echimini jumhur ulamolarning Qur'on va sunnat, moturidiya aqidasi asosida yozilgan asarlaridagi tahlillardan, hujjat-dalillardan topishlari to'g'ri yo'l hisoblanadi.
O'tkir HASANBAYeV
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati