Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Payg'ambarimiz alayhissalomga itoat (3-qism)

21.07.2022   4507   19 min.
Payg'ambarimiz alayhissalomga itoat (3-qism)

Qur'oni karimning juda ko'plab oyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish ta'kidlangan bo'lib, ularning aksariyati Alloh taologa itoat etish bilan bir o'rinda zikr etiladi.

قُلۡ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَٱلرَّسُولَۖ فَإِن تَوَلَّوۡاْ فَإِنَّ ٱللَّهَ لَا يُحِبُّ ٱلۡكَٰفِرِينَ ٣٢

«Ayting: Alloh va Payg'ambarga itoat etingiz! Agar yuz o'girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas»(Oli Imron, 32-oyat).

 

وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَٱلرَّسُولَ لَعَلَّكُمۡ تُرۡحَمُونَ ١٣٢

Allohga va Payg'ambarga itoat qiling, shoyad, shunda sizlarga rahm qilinsa(Oli Imron, 132-oyat).

 

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ وَأُوْلِي ٱلۡأَمۡرِ مِنكُمۡۖ ٥٩

Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg'ambarga va o'zlaringizdan (bo'lmish) boshliqlarga itoat etingiz!(Niso surasi, 59-oyat).

وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ وَٱحۡذَرُواْۚ ٩٢

Allohga itoat qilingiz va Rasuliga itoat qilingiz hamda (man etilgan narsalardan) saqlaningiz!(Moida surasi, 92-oyat).

 

فَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَأَصۡلِحُواْ ذَاتَ بَيۡنِكُمۡۖ وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥٓ ١

Bas, Allohdan qo'rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo'min bo'lsangiz, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingiz!(Anfol surasi, 1-oyat).

 

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَلَا تَوَلَّوۡاْ عَنۡهُ وَأَنتُمۡ تَسۡمَعُونَ ٢٠

Ey, iymon keltirganlar! Allohga va (Uning) Rasuliga itoat etingiz! O'zlaringiz eshitib turib, Undan yuz o'girib ketmangiz!(Anfol surasi, 20-oyat).

 

وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَلَا تَنَٰزَعُواْ فَتَفۡشَلُواْ وَتَذۡهَبَ رِيحُكُمۡۖ ٤٦

Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz(Anfol surasi, 46-oyat).

 

﴿قُلْ أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ فَإِنْ تَوَلَّوْا فَإِنَّمَا عَلَيْهِ مَا حُمِّلَ وَعَلَيْكُمْ مَا حُمِّلْتُمْ وَإِنْ تُطِيعُوهُ تَهْتَدُوا

Ayting: “Allohga bo'yin suningiz va Payg'ambarga bo'yin suningiz! Shundan so'ng agar yuz o'girsangiz, bas, (Payg'ambar) zimmasida o'ziga yuklangan narsa (Allohning buyrug'ini etkazish) va sizlarning zimmangizda o'zlaringizga yuklangan narsa (unga bo'yin sunish) bordir. Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz” (Nur surasi, 54-oyat).

 

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَوَلَا تُبْطِلُوا أَعْمَالَكُمْ

“Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz va Payg'ambarga itoat etingiz!Amallaringizni zoye qilmangiz!” (Muhammad surasi, 33-oyat).

﴿فَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ﴾

“Namozni barkamol ado etingiz va zakotni beringiz hamda Alloh va Uning payg'ambariga itoat etingiz!” (Mujodala surasi, 13-oyat).

﴿وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ فَإِنْ تَوَلَّيْتُمْ فَإِنَّمَا عَلَى رَسُولِنَا الْبَلَاغُ الْمُبِينُ

“Allohga itoat etingiz va Payg'ambarga bo'yin suningiz! Bas, agar (itoatdan) bosh tortsangiz, u holda (bilingizki) Bizning (yuborgan) payg'ambarimiz zimmasida faqat (vahiylarimizni sizlarga) aniq etkazish bor, xolos” (Tag'obun surasi, 12-oyat).

Mazkur oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish majburiy tarzda zikr qilinmoqda. Quyidagi oyatlarda Payg'ambarimiz alayhissalomga itoat etishning mukofoti (ajri) bayon etiladi, ushbu oyatlar ham Allohga itoat etish bilan birgalikda keladi:

﴿وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ يُدْخِلْهُ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَذَلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ﴾

“Kim Alloh va (Uning) payg'ambariga itoat etsa, uni ostidan anhorlar oqib turadigan bog'larga (jannatga) kiritur. (Ular) u erda abadiy (bo'lurlar). Bu ulkan yutuqdir” (Niso surasi, 13-oyat).

 

﴿وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَالرَّسُولَ فَأُولَئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِمْ مِنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاءِ وَالصَّالِحِينَ وَحَسُنَ أُولَئِكَ رَفِيقًا﴾

Kimda-kim Alloh va Payg'ambarga itoat etsa, aynan o'shalar Allohning in'omiga erishgan zotlar, ya'ni payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go'zaldir!(Niso surasi, 69-oyat).

 

﴿وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُقِيمُونَ الصَّلَاةَ وَيُؤْتُونَ الزَّكَاةَ وَيُطِيعُونَ اللَّهَ وَرَسُولَهُ أُولَئِكَ سَيَرْحَمُهُمُ اللَّهُ إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٌ﴾

“Mo'minlar va mo'minalar bir-birlariga do'stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o'shalarga Alloh marhamat ko'rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).

 

﴿وَإِنْ تُطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ لَا يَلِتْكُمْ مِنْ أَعْمَالِكُمْ شَيْئًا﴾

“Agar sizlar Allohga va Uning payg'ambariga itoat etsangiz, U sizlarga (qilgan yaxshi) amallaringizdan (savobidan) biror narsani kamaytirmas” (Hujurot surasi, 14-oyat).

Qur'oni karimda payg'ambarga itoat etish faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xos bo'lmay, balki avval o'tgan barcha payg'ambarlarga ham tegishli ekanligi bayon etilgan:

﴿وَمَا أَرْسَلْنَا مِنْ رَسُولٍ إِلَّا لِيُطَاعَ بِإِذْنِ اللَّهِ﴾

“Qaysi bir payg'ambarni yuborgan bo'lsak, Allohning izni bilan unga itoat qilinishi uchun (yuborganmiz)(Niso surasi, 64-oyat).

Shuningdek, payg'ambarlar alayhimmusalom Alloh taoloning vahiyi (irodasi)ni etkazuvchilar ekanliklari, ularga itoat etish Alloh taologa itoat etish bilan tengligi ta'kidlanadi:

﴿مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللَّهَ

Kimda-kim Payg'ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi(Niso surasi, 80-oyat).

Payg'ambar alayhissalomga itoat etish Qur'on oyatlarida zikr etilgani hamda Nabiyga itoat Alloh taologa itoat etish ekanligi ta'kidlanganidek, ularga itoatsizlik ham Allohga itoatsizlik sifatida zikr etiladi:

﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾

Kim Alloh va (Uning) payg'ambariga itoatsizlik qilsa va hududlaridan tajovuz qilsa, uni do'zaxga abadiy (qolishi uchun) kiritur(Niso surasi, 14-oyat).

﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا مُبِينًا﴾

“Kimki Alloh va Uning payg'ambariga itoatsizlik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yo'ldan ozibdi” (Ahzob surasi, 36-oyat).

 

﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَإِنَّ لَهُ نَارَ جَهَنَّمَ خَالِدِينَ فِيهَا أَبَدً﴾

“Kimki Alloh va Uning payg'ambariga itoatsizlik qilsa, bas, albatta, unga jahannam olovi bordirki, (ular) o'sha joyda mangu qolurlar” (Jin surasi, 23-oyat).

 

 

وَمَن يُشَاقِقِ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ فَإِنَّ ٱللَّهَ شَدِيدُ ٱلۡعِقَابِ ١٣

Kimki Alloh va Rasuliga muxoliflik qilsa, bas, Alloh jazosi qattiq zotdir(Anfol surasi, 13-oyat).

 

﴿أَلَمْ يَعْلَمُوا أَنَّهُ مَنْ يُحَادِدِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَأَنَّ لَهُ نَارَ جَهَنَّمَ خَالِدًا فِيهَا﴾

Kimki, Alloh va Rasuli (belgilagan) haddan tajovuz etsa, uning uchun mangulikdagi jahannam olovi bo'lishini bilmaganmidilar?!(Tavba surasi, 63-oyat).

Shu tariqa, Qur'oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish va itoatsizlik qilish Alloh taolga itoat etish hamda etmaslik sifatida birga zikr qilinadi.

Biror oyatda Allohga itoat etish alohida ta'kidlanmagan, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish bilan birgalikda zikr etilgan. Ammo ayrim oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Alloh taologa itoat etish ta'kidlanmagan holda zikr etilgan:

﴿وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ﴾

“Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg'ambarga itoat etingiz, zora rahm qilinsangiz” (Nur surasi, 56-oyat).

﴿وَإِنْ تُطِيعُوهُ تَهْتَدُوا﴾

“Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz” (Nur surasi, 54-oyat).

 

﴿يَوْمَئِذٍ يَوَدُّ الَّذِينَ كَفَرُوا وَعَصَوُا الرَّسُولَ لَوْ تُسَوَّى بِهِمُ الْأَرْضُ

Kofir bo'lganlar va payg'ambarga itoatsizlik qilganlar o'sha kuni er bilan yakson bo'lishni orzu qiladilar(Niso surasi, 42-oyat).

 

﴿وَمَنْ يُشَاقِقِ الرَّسُولَ مِنْ بَعْدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُ الْهُدَى وَيَتَّبِعْ غَيْرَ سَبِيلِ الْمُؤْمِنِينَ نُوَلِّهِ مَا تَوَلَّى وَنُصْلِهِ جَهَنَّمَ وَسَاءَتْ مَصِيرًا

Kimga hidoyat aniq bo'lgandan keyin Payg'ambarga muxoliflik qilsa va mo'minlar yo'lidan o'zgasiga ergashsa, Biz uni o'zi ketayotgan yo'liga qo'yib beramiz va (oxiratda) uni jahannamda kuydiramiz. Naqadar noxush joy u! (Niso surasi, 115-oyat).

Ushbu oyatlarda faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish ta'kidlanishining sababi – Allohga itoat etish payg'ambarga itoat etish bilan bo'lishligidir. Zero, Alloh taolo O'z dinini payg'ambarlari orqali insonlarga etkazadi.

﴿وَمَا كَانَ لِبَشَرٍ أَنْ يُكَلِّمَهُ اللَّهُ إِلَّا وَحْيًا أَوْ مِنْ وَرَاءِ حِجَابٍ أَوْ يُرْسِلَ رَسُولًا فَيُوحِيَ بِإِذْنِهِ مَا يَشَاءُ إِنَّهُ عَلِيٌّ حَكِيمٌ﴾

Inson bilan Alloh (bevosita) so'zlashishi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha'ni) oliy va hikmat sohibidir” (Sho'ro surasi, 51-oyat).

Darhaqiqat, Alloh taolo O'z xohish, irodasini payg'ambarlari orqali yuboradi. Agar payg'ambar alayhissalom biror narsaga buyursa yoki biror narsadan qaytarsa Allohning elchisi sifatida qilgan bo'ladilar. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda payg'ambarga itoat etish va unga ergashishni O'ziga itoat bo'lishini ta'kidlagan:

﴿مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللَّهَ﴾

Kimda-kim Payg'ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi(Niso surasi, 80-oyat).

Shunday ekan, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Alloh taologa etishdir. Chunki u zot alayhissalom o'z nafslaridan so'zlamaydilar, balki Allohning irodasini etkazadilar:

﴿وَمَا يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَىإِنْ هُوَ إِلَّا وَحْيٌ يُوحَى﴾

(Yana u Qur'onni) xomxayoldan olib so'zlayotgani ham yo'q! U (Qur'on) faqat (Alloh tomonidan) nozil qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir” (Najm surasi, 3-4 – oyatlar).

Shu nuqtai nazardan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Allohga itoat etish demakdir. Shu bois, ayrim oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish zikr qilinib, Allohga itoat etish ta'kidlanmagan. Bu Allohga itoat – payg'ambarga itoat etish orqali bo'lishini anglatadi.

Qur'oni karimning Allohga itoat etish borasida kelgan har bir oyat albatta Payg'ambar alayhissalomga itoat etish bilan birgalikda zikr qilingan.

 

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning

"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan

Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD

1-qism. , 2-qism, Davomi bor...

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   3981   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.