Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Soxta salafiylar xilofi va unga raddiyalar

21.07.2022   10238   7 min.
Soxta salafiylar xilofi va unga raddiyalar

Bizning hanafiylik mazhabimiz mo''tadilligi, milliy urf-odatlarga bag'ri kengligi, turli mintaqalardagi shart-sharoitlarga mos kelishi va boshqa omillar tufayli ko'plab musulmon mamlakatlari xalqlari tomomnidan qabul qilingan. Hozirda musulmonlarning taqriban 47 % hanafiy mazhabiga ergashadilar. Bugungi kunda musulmonlarning birligini ko'rolmayotgan bir qancha oqimlar namoyon bo'lib qoldi. Ba'zi birlari hanafiy mazhabiga qarshi targ'ibot olib borsa, yana ba'zilari butunlay mazhablarga qarshi faoliyat olib borishadi. Bularning har ikkisi ham islom dinini parchalanishga olib boruvchi toifalardir. Ayrimlar so'rashadi: “Shialik yaxshiroqmi yo soxta salafiylikmi?”. Bularning birortasi ham yaxshi emas. Balki ikkisi ham adashgan, bir-biridan yomon oqimlardir. Ularni adashgan aka-ukalar deyish ham mumkin. Bunga bir nechta dalillar keltirish mumkin:

1. Shialik yo'nalishida 3 taloqni umuman e'tiborga olishmaydi. Soxta salafiylikda esa, 3 taloqni bir taloqqa hisoblanadi. Bizning hanafiy mazhabimizda ham, qolgan 3 mazhabda ham, sarohatan aytilgan 3 taloq 3 taloqqa o'tadi. Bunga ijmo' qilingan.

2. Shialik yo'nalishida umuman tarovih namozi o'qilmaydi. Soxta salafiylikda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tahajjudlariga qiyosan 8 rakat o'qiladi. Bizda esa, Umar roziyallohu anhu zamonida sahobalar ijmosi bilan joriy qilingan 20 rakat tarovih namozi o'qiladi.

3. Shialik yo'nalishida tahoratda oyoqqa mash tortilsa, soxta salafiylikda yupqa paypoqqa mash tortiladi. To'rttala mazhabda oyoqqa ham, yupqa paypoqqa ham mash tortilmaydi. Paypoqqa mash tortish haqidagi bittagina zaif hadisni e'tiborga olgan holda barcha fuqaholar aytishadiki, agar paypoqda mahsiga qo'yilgan shartlar topilsa, masalan, o'zi tikka tura olsa, urfiy safar – 1 farsax (5554m)lik yo'lda yurishga yarasa, ichiga suv kiradigan yupqa va teshik bo'lmasa, unga mash tortish joizdir.

4. Shialik yo'nalishining zohiriy belgisi shuki, ular Payg'ambarimiz sahobalarini so'kishadi, ularga nisbatan noloyiq gaplar gapirishadi. Soxta salafiylar sahobalarni so'kmasalarda, ularning gaplarini, ishlarini qabul qilishmaydi. Misol uchun, boya aytganimiz 3 taloqni 3 taloqqa hisoblashmaydi, holbuki, bu Umar roziyallohu anhu davrida amalda joriy qilingan. Tarovihni ham 20 rakatligini qabul qilishmaydi, bu ham Umar roziyallohu anhu davrida sahobalar ijmosi edi. Usmon roziyallohu anhu davrida joriy qilingan jum'a namozidagi ikkinchi azonni bid'at deb qabul qilishmaydi. Amr ibn Oss roziyallohu anhu kichik farzandi bo'yniga oyat va duolardan tumor taqqanini qabul etishmaydi. Bu ikki oqimni bir-biridan yomon demasdan yana nima deyish mumkin. Bular xuddi ikki farzanddan biri otasini so'ksa, ikkinchisi unga itoatsizlik qilib, aytganini qilmayotganga o'xshaydi. Sahobalarni badnom qildi nimayu, ularni xalq oldida e'tiborsiz qildi nima?! Bular sahobalarning nomini aytsa yo eshitsa roziyallohu anhu ham deyishmaydi. Huddi bir o'rtog'ini tilga olingandek muomalada bo'lishadi. Abu Hurayra deb qo'yadi. Sahobaga nisbatan ehtiromi yo'qmi, Imom Abu Hanifaga va boshqa mujtahid ulamolarga ehtirom ko'rsatisharmidi. Musulmonlarga nisbatan juda odobsiz muomalada bo'lishadi. Namoz o'qiyotgan kishini kofir deyishadi. Nimaga? Namozda Fotiha surasini o'qish farz. 3-4 rakatda o'qimasa, yo bilmagani uchun o'qimagan bo'lsa, u farzni tark etdi, kofir bo'ldi deyishadi, ayrim chalasavodlari. 

Soxta salafiylar orqasida namoz o'qisa namoz qaytarib o'qiladimi?

Bu savolning javobi tafsilotni talab qiladi. Agar soxta salafiy yupqa paypoqqa mahs tortuvchi va shunga o'xshash tahoratni to'liq bajo etmaydiganlaridan bo'lsa, muqtadiy namozini qaytadan o'qib oladi.

Soxta salafiylar avliyolarni va karomatni tan olishmaydi. Holbuki, ularning da'volariga qarshi Qur'oni karimda va ahodisi nabaviyda ko'plab dalillar va misollar mavjud. Zakariyo alayhissalom kafillikka olgan Bibi Maryamning mehrobda, ibodatxonalarida paydo bo'lgan nozu ne'matlar Alloh taolo tomonidan Bibi Maryamga berilgan karomat va avliyolik ekani Kalomullohda sobit bo'lgan. Osim roziyallohu anhuni o'ldirilgach, mukofot sifatida belgilangan katta miqdordagi pulni olish maqsadida uning boshini kesishga borgan mushriklarni bir guruh arilar talagani va Osim roziyallohu anhuning jasadlarini himoya qilgani, keyinchalik jasad yuqolib qolgani kabi jonli misollar hadislarda serob.

Jum'a kunlarining birida bir imom domlaga telefonga bir musulmon tomonidan sms xabar yuborilgan. Unda quyidagi ma'nodagi gaplar yozilgan edi: “Ey falonchi! Allohning senga va oilangga la'nati bo'lsin. Chunki sizlar Moturidiy aqidasidasizlar. Sen minbardan turib she'r aytasan...” Buni qarang, jum'a kunida jum'a bilan tabriklash o'rniga bir musulmonni, imomini avlodu ajdodi bilan qo'shib la'natlamoqda. Sababni qarang, imom Moturidiyning aqidaviy mazhabida bo'lganligi uchun. Agar bunday soxta salafiylarga, hatto ularning katta-katta rahnamolariga ham imom Moturidiyning kitobini bersangiz, uni to'liq o'qib, tushuna olishmaydi. Uning so'zini tushinishga ilmu aqllari ham etmaydi. Masjidda minbardan turib she'r aytmaslik da'vosiga keladigan bo'lsak, masjidda hech bir imom man' qilingan lag'v, bema'ni va masjidga, minbarga noloyiq she'rlar aytmaydi. Aytiladigan she'rlar oyat, hadislarning sharhi, ezgulikka chorlaydigan, yovuzlik, nojo'ya ishlardan qaytaradigan hikmatli so'zlar bo'ladi. Qolaversa, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning shoirlari bo'lgan. Masjidi nabaviyda Hasson ibn Sobit roziyallohu anhu uchun minbar qo'yilgani haqida “Jomi-ut Termiziy”da Oisha roziyallohu anhodan rivoyat sobit bo'lgan. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam Hasson roziyallohu anhuga mushriklarga she'rlari bilan javob qaytarishini buyurganlar va unga Jabroil (alayhissalom)ni ilhom berib turishi uchun Allohdan madad so'raganlar. “Sunani Abu Dovud” va “Sunani Nasoiy” kitoblarida kelganki, Makkaga qazo umrasini qilishga borilganida Rosululloh sallallohu alayhi va sallam Ka'bani tavof qilayotganlarida u zotning oldlarida bir rivoyatda Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu, boshqa rivoyatda Ka'b ibn Molik she'r aytib turib borishardi. Umar roziyallohu anhu ularni malomat qilmoqchi bo'lganlarida, Rosululloh ularning she'rlari mushriklarga nayza sanchishdan ko'ra og'riqliroq ekanini aytib, ularni tinch qo'yishini aytganlar.

Bugungi globallashuv va noxolis axborotlar keng tarqalib borayotgan zamonda biz musulmonlar zirak bo'lishimiz, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata oladigan bo'lishimiz lozim. 14 asrdan beri e'tiqod qilib kelayotgan hanafiy mazhabimizni mahkam tutishimiz, uni yaxshilab o'rganib, amal qilishimiz, har xil guruh va toifalarning tuzog'iga tushmasligimiz uchun diniy bilimlarimizni oshirib borishimiz zarur.

   

Hoshimjon Nizomiddinov - Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi o'qituvchisi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   28587   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari