Bizning hanafiylik mazhabimiz mo''tadilligi, milliy urf-odatlarga bag'ri kengligi, turli mintaqalardagi shart-sharoitlarga mos kelishi va boshqa omillar tufayli ko'plab musulmon mamlakatlari xalqlari tomomnidan qabul qilingan. Hozirda musulmonlarning taqriban 47 % hanafiy mazhabiga ergashadilar. Bugungi kunda musulmonlarning birligini ko'rolmayotgan bir qancha oqimlar namoyon bo'lib qoldi. Ba'zi birlari hanafiy mazhabiga qarshi targ'ibot olib borsa, yana ba'zilari butunlay mazhablarga qarshi faoliyat olib borishadi. Bularning har ikkisi ham islom dinini parchalanishga olib boruvchi toifalardir. Ayrimlar so'rashadi: “Shialik yaxshiroqmi yo soxta salafiylikmi?”. Bularning birortasi ham yaxshi emas. Balki ikkisi ham adashgan, bir-biridan yomon oqimlardir. Ularni adashgan aka-ukalar deyish ham mumkin. Bunga bir nechta dalillar keltirish mumkin:
1. Shialik yo'nalishida 3 taloqni umuman e'tiborga olishmaydi. Soxta salafiylikda esa, 3 taloqni bir taloqqa hisoblanadi. Bizning hanafiy mazhabimizda ham, qolgan 3 mazhabda ham, sarohatan aytilgan 3 taloq 3 taloqqa o'tadi. Bunga ijmo' qilingan.
2. Shialik yo'nalishida umuman tarovih namozi o'qilmaydi. Soxta salafiylikda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tahajjudlariga qiyosan 8 rakat o'qiladi. Bizda esa, Umar roziyallohu anhu zamonida sahobalar ijmosi bilan joriy qilingan 20 rakat tarovih namozi o'qiladi.
3. Shialik yo'nalishida tahoratda oyoqqa mash tortilsa, soxta salafiylikda yupqa paypoqqa mash tortiladi. To'rttala mazhabda oyoqqa ham, yupqa paypoqqa ham mash tortilmaydi. Paypoqqa mash tortish haqidagi bittagina zaif hadisni e'tiborga olgan holda barcha fuqaholar aytishadiki, agar paypoqda mahsiga qo'yilgan shartlar topilsa, masalan, o'zi tikka tura olsa, urfiy safar – 1 farsax (5554m)lik yo'lda yurishga yarasa, ichiga suv kiradigan yupqa va teshik bo'lmasa, unga mash tortish joizdir.
4. Shialik yo'nalishining zohiriy belgisi shuki, ular Payg'ambarimiz sahobalarini so'kishadi, ularga nisbatan noloyiq gaplar gapirishadi. Soxta salafiylar sahobalarni so'kmasalarda, ularning gaplarini, ishlarini qabul qilishmaydi. Misol uchun, boya aytganimiz 3 taloqni 3 taloqqa hisoblashmaydi, holbuki, bu Umar roziyallohu anhu davrida amalda joriy qilingan. Tarovihni ham 20 rakatligini qabul qilishmaydi, bu ham Umar roziyallohu anhu davrida sahobalar ijmosi edi. Usmon roziyallohu anhu davrida joriy qilingan jum'a namozidagi ikkinchi azonni bid'at deb qabul qilishmaydi. Amr ibn Oss roziyallohu anhu kichik farzandi bo'yniga oyat va duolardan tumor taqqanini qabul etishmaydi. Bu ikki oqimni bir-biridan yomon demasdan yana nima deyish mumkin. Bular xuddi ikki farzanddan biri otasini so'ksa, ikkinchisi unga itoatsizlik qilib, aytganini qilmayotganga o'xshaydi. Sahobalarni badnom qildi nimayu, ularni xalq oldida e'tiborsiz qildi nima?! Bular sahobalarning nomini aytsa yo eshitsa roziyallohu anhu ham deyishmaydi. Huddi bir o'rtog'ini tilga olingandek muomalada bo'lishadi. Abu Hurayra deb qo'yadi. Sahobaga nisbatan ehtiromi yo'qmi, Imom Abu Hanifaga va boshqa mujtahid ulamolarga ehtirom ko'rsatisharmidi. Musulmonlarga nisbatan juda odobsiz muomalada bo'lishadi. Namoz o'qiyotgan kishini kofir deyishadi. Nimaga? Namozda Fotiha surasini o'qish farz. 3-4 rakatda o'qimasa, yo bilmagani uchun o'qimagan bo'lsa, u farzni tark etdi, kofir bo'ldi deyishadi, ayrim chalasavodlari.
Soxta salafiylar orqasida namoz o'qisa namoz qaytarib o'qiladimi?
Bu savolning javobi tafsilotni talab qiladi. Agar soxta salafiy yupqa paypoqqa mahs tortuvchi va shunga o'xshash tahoratni to'liq bajo etmaydiganlaridan bo'lsa, muqtadiy namozini qaytadan o'qib oladi.
Soxta salafiylar avliyolarni va karomatni tan olishmaydi. Holbuki, ularning da'volariga qarshi Qur'oni karimda va ahodisi nabaviyda ko'plab dalillar va misollar mavjud. Zakariyo alayhissalom kafillikka olgan Bibi Maryamning mehrobda, ibodatxonalarida paydo bo'lgan nozu ne'matlar Alloh taolo tomonidan Bibi Maryamga berilgan karomat va avliyolik ekani Kalomullohda sobit bo'lgan. Osim roziyallohu anhuni o'ldirilgach, mukofot sifatida belgilangan katta miqdordagi pulni olish maqsadida uning boshini kesishga borgan mushriklarni bir guruh arilar talagani va Osim roziyallohu anhuning jasadlarini himoya qilgani, keyinchalik jasad yuqolib qolgani kabi jonli misollar hadislarda serob.
Jum'a kunlarining birida bir imom domlaga telefonga bir musulmon tomonidan sms xabar yuborilgan. Unda quyidagi ma'nodagi gaplar yozilgan edi: “Ey falonchi! Allohning senga va oilangga la'nati bo'lsin. Chunki sizlar Moturidiy aqidasidasizlar. Sen minbardan turib she'r aytasan...” Buni qarang, jum'a kunida jum'a bilan tabriklash o'rniga bir musulmonni, imomini avlodu ajdodi bilan qo'shib la'natlamoqda. Sababni qarang, imom Moturidiyning aqidaviy mazhabida bo'lganligi uchun. Agar bunday soxta salafiylarga, hatto ularning katta-katta rahnamolariga ham imom Moturidiyning kitobini bersangiz, uni to'liq o'qib, tushuna olishmaydi. Uning so'zini tushinishga ilmu aqllari ham etmaydi. Masjidda minbardan turib she'r aytmaslik da'vosiga keladigan bo'lsak, masjidda hech bir imom man' qilingan lag'v, bema'ni va masjidga, minbarga noloyiq she'rlar aytmaydi. Aytiladigan she'rlar oyat, hadislarning sharhi, ezgulikka chorlaydigan, yovuzlik, nojo'ya ishlardan qaytaradigan hikmatli so'zlar bo'ladi. Qolaversa, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning shoirlari bo'lgan. Masjidi nabaviyda Hasson ibn Sobit roziyallohu anhu uchun minbar qo'yilgani haqida “Jomi-ut Termiziy”da Oisha roziyallohu anhodan rivoyat sobit bo'lgan. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam Hasson roziyallohu anhuga mushriklarga she'rlari bilan javob qaytarishini buyurganlar va unga Jabroil (alayhissalom)ni ilhom berib turishi uchun Allohdan madad so'raganlar. “Sunani Abu Dovud” va “Sunani Nasoiy” kitoblarida kelganki, Makkaga qazo umrasini qilishga borilganida Rosululloh sallallohu alayhi va sallam Ka'bani tavof qilayotganlarida u zotning oldlarida bir rivoyatda Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu, boshqa rivoyatda Ka'b ibn Molik she'r aytib turib borishardi. Umar roziyallohu anhu ularni malomat qilmoqchi bo'lganlarida, Rosululloh ularning she'rlari mushriklarga nayza sanchishdan ko'ra og'riqliroq ekanini aytib, ularni tinch qo'yishini aytganlar.
Bugungi globallashuv va noxolis axborotlar keng tarqalib borayotgan zamonda biz musulmonlar zirak bo'lishimiz, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata oladigan bo'lishimiz lozim. 14 asrdan beri e'tiqod qilib kelayotgan hanafiy mazhabimizni mahkam tutishimiz, uni yaxshilab o'rganib, amal qilishimiz, har xil guruh va toifalarning tuzog'iga tushmasligimiz uchun diniy bilimlarimizni oshirib borishimiz zarur.
Hoshimjon Nizomiddinov - Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi o'qituvchisi.
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati