Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Yoshlarni mutaassib g'oyalardan asraylik

20.07.2022   1336   6 min.
Yoshlarni mutaassib g'oyalardan asraylik

Halqimizning aksariyati, barcha aloqa vositalari, xossatan internet yo'nalishi bo'yicha tarqatilayotgan buzg'unchi yot g'oyalar va mafkuralarga nisbatan nozik va pok xilqatdirlar. Chunki xalqimizning yoshlarida mazkur illatlarga qarshi kurashish quvvati umuman yo'q yoki o'ta oz bo'lishi mumkin. Buning uchun esa yuqorida aytib o'tilganidek yoshlarning ongida mazkur illatlarga qarshi kurashish immunitetini hosil qilish uchun ularni ommatan emlash kerak. Voqelikda esa mana shu emlashdan yuz o'girilib, «yoshlarning ongi hali shakllanmagan, o'zlari oq bilan qorani ajratadigan bo'lib, hayot yo'lini tanlash yoshiga etganida o'zi ajratib olaveradi, hozir esa ularni har xil g'oyalar va mafkuralar bilan chalg'itmaslik kerak» deb kerakli fursat qo'ldan boy berilmoqda. Albatta, hozirgi kunda bong urib xalqimizni ogohlantirilayotgan yot g'oyalardan biri ekstremistik g'oyalarni tarqatayotgan turli-tuman firqalarning g'oyalaridir.

Bunga qarshi kurashishni esa bir qancha yo'llari bor, ulardan:

Birinchi va eng muhimi, hozirgi kunda e'tibor berilmayotgani yoshlarning ongida o'zlarining dini, e'tiqodiga bo'lgan ma'lumotlarni to'g'ri, sof va rejali asosda joylashtirish kerak. Buning uchun esa yoshlarni shifokorlar tomonidan ommatan emlash yo'lga qo'yilganidek, diniy mutaxassislar tomonidan yoshlarni sof Islom aqiyda va tushunchalari bilan emlash kerak. Bu ma'naviy emlashni esa barcha majburiy ta'lim muassasalarida qo'llash eng samarali uslubdir. Aks holda kech bo'ladi. Kasallik rivojlanib, katta jarohatlarni, balki qurbonlarni keltirib chiqaradigan darajaga borganidan keyin unga har xil chora va muolajalarni qo'llashning foydasi bo'lmay qoladi. Mazkur haqiqatni bir emas, bir necha mamlakatlarning aholisini ichida bo'layotgan hodisalardan ham bilib olsak bo'ladi.

Ikkinchi: hozirgi kunda hayotni internetsiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Demak, o'z-o'zidan uni mutlaqo man etib, uning faoliyatini to'xtatib qo'yishga imkoniyat yo'q. Shuning uchun ham yoshlarni ongida ularga ijobiy ta'sir qila oladigan uslub bilan internetdan foydalanish qonun-qoidalari va birinchi o'rinda dinimiz belgilab bergan odoblar bilan tanishtirish kerak va bu borada tanishtiruvchilarni o'zlari ibrat bo'la olar darajada bo'lishlari maqsadga muvofiqdir.

Uchinchi: Yoshlarning ongida har xil ko'ngilochar o'yinlar yoki bo'sh vaqtlarni zerikmaslik uchun har xil bekorchi mashg'ulotlar bilan zoye qilishni o'rgatadigan har qanday tashviqot va targ'ibot uslublariga qarshi kurashish kerak.

To'rtinchi: yoshlarni mazkur illatlardan ogohlantirib, qaytarish bilan birgalikda ularni ko'ngillarini egallay oladigan, har taraflama foydali va samaraliroq bo'lgan g'oyalar bilan ta'minlash kerak.

Beshinchi: Internet saytlarida yoshlarni zeriktirmaydigan, balki ular uchun yangilik va kashfiyot sifatida qabul qilinadigan darajadagi ijobiy, axloqiy, diniy ma'lumotlarni ko'plab tarqatish kerak (bunda savob nimayu gunoh nima va bu ikkalasiga nisbatan qanday munosabatda bo'lish kerak va ularni amalga oshirayotganlarga Alloh taolo tarafidan qanday muomala qilinadi). Yoshlarning qalbida esa har qanday narsani bilib, har qanday maxfiy narsani ko'rib va kuzatib turuvchi Alloh taoloning borligi va Yagonaligi to'g'risidagi e'tiqodni shakllantirish kerak.

Oltinchi: Yoshlar nima uchun yot g'oyalarni tarqatayotgan internet saytlaridan ko'plab foydalanadiyu, kerakli g'oyalarni tarqatayotgan internet saytlaridan deyarli umuman foydalanmaydi. Buni ham tahlil qilib, o'z o'rnida muolaja qilish kerak. Buning asosiy sabablaridan biri esa, yot g'oyalarni tarqatayotgan saytlar bir necha o'n minglab bo'lsa, milliy qadriyatlar, diniy va axloqiy ma'lumotlarni to'g'ri holda tarqatayotgan saytlar barmoq bilan sanarli darajada ozligidir. Qolaversa, yot g'oyalarni tarqatayotganlar uchun hech qanday cheklov va har xil to'siqlar umuman yo'q. Lekin ularga qarshi immunitetni hosil qiladigan ma'lumotlarni tarqatadiganlar uchun esa albatta har xil cheklov va to'siqlar bor. Ba'zida mana shu cheklov va to'siqlar taqdim qilinayotgan ma'lumotlarni soxtalashtirib, uning ijobiy ta'sirchanligini yo'qotadi. Natijada u ma'lumotni o'rganayotganlar bir ikki marta kirib o'qiganlaridan keyin o'zlarida zerikishni his qiladi, natijada “qarmoq” sifatida taqdim qilingan yot g'oyalarning o'ljasiga aylanadi. So'zimiz isboti uchun ba'zi bir ma'lumotlarni taqdim etamiz. Masalan: jamiyatimiz ravnaqi va yoshlarimizning tarbiyasi uchun hech qanday manfaati bo'lmaydigan saytlar borki bir kunda bir necha minglab yoshlar aynan shu saytlarga kiradi va o'zlariga qandaydir befoyda ma'lumotlarni oladi. Biz bu o'rinda xorijdan turib yot g'oyalarni va har xil ko'ngilochar o'yinlar, buzg'unchilik va fahshni targ'ib qiladigan saytlarni keltirmadik. Chunki ularning son-sanog'i yo'qdir. Va shunday rasmiy saytlar ham borki (ba'zilarning shaxsiyatiga tegib ketmasligi uchun ularning nomlarini zikr qilmaymiz) ularga barmoq bilan sanarli darajada odamlar kiradi, hattoki o'sha sohaning mutaxassislari majbur bo'lganligidan foydalanadigan saytlar ham bor. Yoki milliylik, ma'naviyat va ba'zi bir diniy ma'lumotlarni tarqatadigan saytlar ham borki, ulardan foydalanayotganlar ham o'ta ozchilikni tashkil etadi. Buning sababi esa hammaga ma'lum.

Yettinchi: Yot g'oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish uchun safarbar qilingan mutaxassislar xolis, haqiqiy vatanparvar, millatparvar va shu bilan birga o'zi targ'ib qilayotgan milliylik va ma'naviyat talablariga haqiqatan amal qilib, jonli o'rnak bo'la oladigan bo'lishi kerak.

Sakkizinchi: Bu borada har taraflama xalqning hurmat va e'tiboriga sazovor bo'lgan, ularning ishonchini qozongan, doimo o'zining shaxsiy manfaatlaridan ko'ra yurt va xalqining manfaatlarini yuqori ko'ra oladigan darajadagi namunali mutaxassislar ish olib borishlari kerak. Buni belgilash uchun esa har xil ilmiy unvonlarining ko'pligi emas, balki uning etkazayotgan ma'lumotlariga ko'pchilikning quloq solib, unga amal qilayotganiga nazar solish kerak.

 

Hoshimjon Nizomiddinov,

Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim

muassasasi o'qituvchisi 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   10734   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari