Odamzod o'ziga ato etilgan aql va ilmni ishga solib, jahonda ro'y berayotgan ilmiy kashfiyot va izlanishlardan boxabar bo'lib turmasa va o'z hayotiga tadbiq etishni kechiktirsa, taraqqiyotda qoloqlikka mubtalo bo'ladi. Hozirgi zamonimizda texnika taraqqiyoti markazida qaysi mamlakatlar turibdi, nima uchun ular shu darajada ilgarilab ketdi, degan savolga javob qidirib ko'raylik. Oddiygina qilib aytadigan bo'lsak, ular ilmsizlik, ko'r-ko'rona hayot kechirishdan ko'ra, mashaqqatli va og'ir bo'lsa-da, ilmiy kashfiyot va izlanishlar yo'lini tanladi. Bu yo'lda qanday yo'qotishlar, umidsizliklarga duch kelmasin, baribir muayyan maqsad sari olg'a intilaverdi. Nihoyat, ularga ilm yorug' yo'l ko'rsatdi.
Bugungi kunda johillik va ilmsizlikka cho'mgan xalqlar eng oxirgi rusumda yaratilgan jihoz va mato ishlab chiqaradigan davlatlarga qaram bo'lib qolaëtgani sir emas. Chunki bunday xalqlar ustiga bostirib borish shart bo'lmay qoldi. Bir parcha temirni olgin-da, komp'yuter yoki shunga o'xshash narsa shakliga aylantiru tillo bahosida sot, o'zi kelib jon-jon deya olib ketadi, degan shior bugungi kunning “taraqqiyot shiori” desak noto'g'ri bo'lmasa kerak. Bir asr oldin ilmiy texnika yutuqlaridan etarli darajada foydalanilmagan yurtimizda hammasi o'z o'rniga qayta boshladi.
Endigi avlod ham ilm yo'lida shunga yarasha harakat qilib, fidoyilik ko'rsatsa, jaholat va ilmsizlikdan tezroq qutulamiz va ilg'or xalqlar safiga qo'shilamiz, inshaalloh.
"Hijriy-qamariy taqvim"dan.
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati