SUNNAT ISTILOHI
Muhaddislar sunnat so'zini quyidagicha ta'riflaydilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan asar bo'lib qolgan gap, amal va tasdiqlash (ma'qullash) sunnatdir”.
Tasdiqlash arab tilida “taqrir” deb ataladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalar tomonidan sodir etilgan gap, so'z, amallarni ma'qullashlari yoki e'tiroz bildirmay indamasliklari ham sunnat hisoblanadi.
Demak, sunnat ushbu jami uch (so'z, amal, taqrir) asos bilan bevosita Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bog'liq ekan, u zot alayhissalomning mavqelarini o'zlashtirmay (o'rganmay) turib, fiqhni to'liq tushunib bo'lmaydi.
RASULULLOH ALAYHISSALOMNINGMAQOMLARI
Payg'ambarimiz alayhissalom insoniyatga yuborilganlarida qanday mavqe (maqom)ga ega edilar? U zot sollallohu alayhi vasallam pochta xodimi kabi faqat etkazib beruvchi va xatning nima bo'lishi haqida o'ylamaydigan bo'lganmilar?
Javob aniq: Aslo yo'q! Payg'ambarlar alayhimussalom faqat Alloh taoloning kalomini odamlarga etkazish uchun yuborilmagan. Ulardan ilohiy ta'limotni etkazish, uni tushuntirish va amaliy namuna bo'lish talab etiladi. Ilohiy kitoblarni etkazish bilan payg'ambarlarning vazifalari tugamaydi, balki, ular insoniyatga Kitobdagi ko'rsatmalarga muvofiq yashashni o'rgatishlari lozim. Qur'oni karimning ushbu oyati bunga shubha qoldirmaydi:
لَقَدۡ مَنَّ ٱللَّهُ عَلَى ٱلۡمُؤۡمِنِينَ إِذۡ بَعَثَ فِيهِمۡ رَسُولٗا مِّنۡ أَنفُسِهِمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِهِۦ وَيُزَكِّيهِمۡ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَإِن كَانُواْ مِن قَبۡلُ لَفِي ضَلَٰلٖ مُّبِينٍ ١٦٤
“Alloh o'z ichlaridan Allohning oyatlarini o'qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta'lim beradigan Payg'ambarni yuborish bilan, mo'minlarga in'om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar” (Oli Imron surasi, 164-oyat).
هُوَ ٱلَّذِي بَعَثَ فِي ٱلۡأُمِّيِّۧنَ رَسُولٗا مِّنۡهُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِهِۦ وَيُزَكِّيهِمۡ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ ٢
“U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni o'rgatadigan (bir) payg'ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir”(Jum'a surasi, 2-oyat).
Ushbu oyat ma'nolari Ibrohim alayhissalom duolarida ham o'z aksini topgan:
رَبَّنَا وَٱبۡعَثۡ فِيهِمۡ رَسُولٗا مِّنۡهُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِكَ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَيُزَكِّيهِمۡۖ ١٢٩
“Ey, Robbimiz, ularga (kelajak ummatlarga) o'zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur'on va Hadis)ni o'rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg'ambarni yuborgin!” (Baqara surasi, 129-oyat).
Ushbu oyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to'rt payg'ambarlik vazifalari bayon etilmoqda:
Demak, ushbu oyatlardan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vazifalari faqatgina Allohning buyruqlarini etkazish emas, balki o'sha buyruqlar asosida insonlarni yashashga o'rgatish ekani ma'lum bo'ladi.
Shuningdek, u zot alayhissalomdan hikmatni o'rgatish talab etiladi. Yana bu hali hammasi emas. Nabiy alayhissalom amaliy namuna bo'lib, insonlarni zalolatdan hidoyat nuri sari boshlashlari zarur.
a) Demak, Qur'on oyatlarini etkazish Nabiy alayhissalomning vazifalaridan biri ekanligini Qur'oni karim tasdiqlaydi;
b) u zot alayhissalomning Qur'on tafsiridagi sharhlari hal qiluvchi asos sanaladi;
v) Nabiy alayhissalom ilohiy ko'rsatmaga asoslangan hikmatni o'rgatuvchi yagona asos hisoblanadilar;
g) insonlarni Islom shariati asosida yashashga o'rgatishda namuna o'laroq bo'lishlariga ishonch bildirilgan.
Musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etishlari va ergashishlari shart bo'lmaganida u zot alayhissalomning ushbu vazifalari bajarilmagan bo'lardi. Inchunun, Nabiy alayhissalom so'zlariga amal qilish u zotning ergashuvchilariga majburiydir, amallari esa ummat uchun go'zal namunadir.
Alloh taolo qator oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etishga va ergashishga buyuradi. Bu borada, Qu'roni karimda ikki so'z: “itoat” – bo'yinsunish va “ittibo” – ergashish ishlatiladi.
Birinchi so'z (itoat) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruq va so'zlariga itoat etishni anglatadi, ikkinchisi (ittibo) esa, u zot alayhissalomning amallariga ergashishni bildiradi.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
1-qism. Davomi bor...
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV