Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Islom shariatining muhim manbasi sifatida Qur'oni karimdan keyingi o'rinda turadi. Shu sababli, sunnatning o'rni asrlar o'tishi bilan o'zgarmadi va aslo o'zgarmaydi ham.
Musulmonlar orasida fiqiy masalalarda turli xilma-xillik mavjud bo'lsada, biroq Qur'oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlarining ahamiyati biror faqih tomonidan rad etilmagan. Ahli sunna val jamoadan ajralib chiqqan firqalardan tashqari, hech kim sunnat Islom shariatining muqaddas manbasi ekanini inkor qilmadi.
Bugungi ahvol ham shu tariqa davom etmoqda. Ammo afsuski so'nggi yillarda ba'zi toifalar sunnatni shariat manbai ekanini inkor etib, hadisi shariflarga tosh otishga, sunnatga nisbatan asossiz shubhalarni uyg'otishga qattiq harakat qilishmoqda. Natijada Islom ta'limotini asl manbadan o'rgana olmaydigan ba'zi musulmonlarda sunnatga nisbatan shubhali fikrlar paydo bo'lmoqda.
Qo'lingizdagi ushbu risola Islom ta'limotining asl manbalariga tayangan holda sunnatning asl va xolis ta'rifini bayon etishga xizmat qiladi. Bu risola bilan foydasiz hamda bexuda bahs-munozara qilish emas, balki haqiqatni ochiq-oydin qo'rsatish niyat qilindi.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
Davomi bor...
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.
Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati