Hiromantiya so'zi qadimgi grek tilidagi χείρ-qo'l va μαντεία-fol ochish, gumon qilish, taxmin qilish so'zlaridan kelib chiqqan bo'lib, istelohda qo'l tuzilishi va kaft izlariga qarab inson taqdirini oldindan aytib berish bilan shug'ullanishlikka aytiladi.
Hiromantiya, ya'ni qo'l kaftiga qarab insonning kelajagini bashorat qilish faqatgina taxmin-gumonlarga asoslangan bo'lib, hech qanday ilmiy asosga ega emas. Hiromantiya yolg'iz Alloh taoloning O'zi bilishi mumkin bo'lgan narsalar haqida bo'lgani hamda gumonga asoslangani uchun dinimizning asosiy ta'limoti – tavhidga ziddir. Islom dini aqidasining asoslaridan biri g'aybga, ya'ni ko'z ko'rib, qo'l bilan tutib bo'lmaydigan narsalarga ishonishdan iborat.
Islom manbalarida munajjim va kelajak haqida xabar beradiganlarga murojaat qilish taqiqlanadi. Zero, faqat Alloh taologina g'ayb ilmlarini biluvchidir. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat etadi:
«G'ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o'zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa'ri)dagi urug' bo'lmasin, ho'lu quruq bo'lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir», (Al-Anom surasi, 59-oyat).
«Ayting: Allohdan boshqa osmonlar va Yerdagi biror kimsa g'aybni bilmas», (An-Naml surasi, 65-oyat).
«Darhaqiqat, Allohning huzuridagina qiyomat (qachon bo'lishi to'g'risida) bilim bordir. U (xohlaganicha) yomg'ir yog'dirur va bachadonlardagi narsa (homila)ni bilur. Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o'lishini ham bilmas. Albatta, Alloh (hamma narsani) biluvchi va xabardor zotdir, (Luqmon surasi, 34-oyat).
Alloh taolo hatto payg'ambarlariga ham g'ayb ishlarini bildirmagan ekan, endi folbinlarning g'aybni bilishlikni da'vo qilishliklari mutlaqo haqiqatga ziddir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o'zlarining muborak hadislarida sehr va foldan qaytarganlar hamda sehrgar va folbin oldiga borish, ularning gapini tasdiqlash kufrga olib borishligi haqida ko'p bora ta'kidlaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimki bashoratgo'y yoki folbinning oldiga borib, aytayotgan gapini rost deb bilsa, u shubhasiz, Muhammadga tushgan narsaga kufr keltiribdi” (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana aytdilar: “Kimki bashoratgo'yning oldiga borib, undan biron narsani so'rasa va uni tasdiqlasa, qirq kungacha uning bironta ham namozi qabul qilinmaydi”. (Imom Muslim rivoyati).
Shuningdek, xiromantiya bilan juda ko'p salbiy holatlar bog'liq bo'lib, bu haqda Kanadaning Toronto Islom universitetining katta ustozi Ahmad Katti quyidagi fikrlarini bayon etadi: “Hiromantiya-loqaydlik va dangasalikka olib keladi. Ishonuvchan odamlar firibgarlarning boyishlariga sabab bo'ladilar”.
Darxaqiqat, folbin va sehrgarlar zarari faqat odamlarning vaqti, moli va harakati bekorga ketayotgani bilan chegaralanib qolmaydi. Bu zarar jiddiy ijtimoiy ziddatlarga ham sabab bo'ladi. Bu zararlarning eng kichigi odamlar o'rtasida dushmanlik ruhi, ishonchsizlik paydo bo'lishi hisoblanadi.
Folbin, kohinning g'aybdan bergan xabarini tasdiqlash oyati karima va hadisi sharifga asosan kufr hisoblanishi yuqorida aytib o'tildi. Shunday ekan, Alloh taolo barchamizni O'zining to'g'ri yo'lidan adashtirmasin, e'tiqodimizga futur etishiga sabab bo'ladigan amallardan O'zi saqlasin.
Davron Nurmuhammad
tayyorladi
"Report" xabariga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston bo‘ylab media-tur doirasida bo‘lib o‘tdi.
Imom Buxoriy maqbarasi Samarqand viloyatidagi eng muhim ma’naviy va tarixiy obidalardan biridir.
Tashrif davomida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, muzey va kutubxona vazifasini bajaruvchi xonani o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasi hududi bilan tanishdi. Jurnalistlarga majmuaning yaratilish tarixi, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, uning islom ilm-fanidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.
Media-tur ishtirokchilari majmuaning muzey qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda islom madaniyati va Imom Buxoriy merosiga oid qo‘lyozmalar va turli tarixiy materiallar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda turli mamlakatlar vakillari tomonidan majmuaga sovg‘a qilingan Qur’oni karim nusxalari ham saqlanadi.
Ishtirokchilarga majmua turli mamlakatlardan kelgan dindorlar uchun ziyoratgoh va allomaning ma’naviy merosini asrab-avaylashning muhim markazi ekanligi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar majmuaning me’moriy xususiyatlari va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan ham tanishdi.
Imom Buxoriy eng nufuzli islom ulamolaridan biri va islom an’anasidagi eng muhim hadis to‘plamlaridan biri bo‘lgan "Sahih al-Buxoriy" hadislar to‘plamining muallifi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati