Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Hiromantiya yohud “kelajak bashoratchi”laridan ogoh bo'ling!

19.07.2022   3679   5 min.
Hiromantiya yohud “kelajak bashoratchi”laridan ogoh bo'ling!

Hiromantiya so'zi qadimgi grek tilidagi χείρ-qo'l va μαντεία-fol ochish, gumon qilish, taxmin qilish so'zlaridan kelib chiqqan bo'lib, istelohda qo'l tuzilishi va kaft izlariga qarab inson taqdirini oldindan aytib berish bilan shug'ullanishlikka aytiladi.

Hiromantiya, ya'ni qo'l kaftiga qarab insonning kelajagini bashorat qilish faqatgina taxmin-gumonlarga asoslangan bo'lib, hech qanday ilmiy asosga ega emas. Hiromantiya  yolg'iz Alloh taoloning O'zi bilishi mumkin bo'lgan narsalar haqida bo'lgani hamda gumonga asoslangani uchun dinimizning asosiy ta'limoti – tavhidga ziddir. Islom dini aqidasining asoslaridan biri g'aybga, ya'ni ko'z ko'rib, qo'l bilan tutib bo'lmaydigan narsalarga ishonishdan iborat.

Islom manbalarida munajjim va kelajak haqida xabar beradiganlarga murojaat qilish taqiqlanadi. Zero, faqat Alloh taologina g'ayb ilmlarini biluvchidir. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat etadi:

«G'ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o'zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa'ri)dagi urug' bo'lmasin, ho'lu quruq bo'lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir»(Al-Anom surasi, 59-oyat).

«Ayting: Allohdan boshqa osmonlar va Yerdagi biror kimsa g'aybni bilmas»(An-Naml surasi, 65-oyat).

«Darhaqiqat, Allohning huzuridagina qiyomat (qachon bo'lishi to'g'risida) bilim bordir. (xohlaganicha) yomg'ir yog'dirur va bachadonlardagi narsa (homila)ni bilur. Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o'lishini ham bilmas. Albatta, Alloh (hamma narsani) biluvchi va xabardor zotdir, (Luqmon surasi, 34-oyat).

Alloh taolo hatto payg'ambarlariga ham g'ayb ishlarini bildirmagan ekan, endi folbinlarning g'aybni bilishlikni da'vo qilishliklari  mutlaqo haqiqatga ziddir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o'zlarining muborak hadislarida sehr va foldan qaytarganlar hamda sehrgar va folbin oldiga borish, ularning gapini tasdiqlash kufrga olib borishligi haqida ko'p bora ta'kidlaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: Kimki bashoratgo'y yoki folbinning oldiga borib, aytayotgan gapini rost deb bilsa, u shubhasiz, Muhammadga tushgan narsaga kufr keltiribdi” (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana aytdilar: Kimki bashoratgo'yning oldiga borib, undan biron narsani so'rasa va uni tasdiqlasa, qirq kungacha uning bironta ham namozi qabul qilinmaydi”. (Imom Muslim rivoyati).

 Shuningdek, xiromantiya bilan juda ko'p salbiy holatlar bog'liq bo'lib, bu haqda Kanadaning Toronto Islom universitetining katta ustozi Ahmad Katti quyidagi fikrlarini bayon etadi: “Hiromantiya-loqaydlik va dangasalikka olib keladi. Ishonuvchan odamlar firibgarlarning boyishlariga sabab bo'ladilar”.

Darxaqiqat, folbin va sehrgarlar zarari faqat odamlarning vaqti, moli va harakati bekorga ketayotgani bilan chegaralanib qolmaydi. Bu zarar jiddiy ijtimoiy ziddatlarga ham sabab bo'ladi. Bu zararlarning eng kichigi odamlar o'rtasida dushmanlik ruhi, ishonchsizlik paydo bo'lishi hisoblanadi.

Folbin, kohinning g'aybdan bergan xabarini tasdiqlash oyati karima va hadisi sharifga asosan kufr hisoblanishi yuqorida aytib o'tildi. Shunday ekan, Alloh taolo barchamizni O'zining to'g'ri yo'lidan adashtirmasin, e'tiqodimizga futur etishiga sabab bo'ladigan amallardan O'zi saqlasin.                  

    

 Davron Nurmuhammad

tayyorladi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   18286   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari