Inson uchun er yuzidan ibodatlar ichida eng mahbubi, afzali bu Qur'oni karim tilovatidir. Bu ishga Payg'ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam biz ummatni qiziqtirganlar. Chunki Qur'oni Karim sohibini shafoat qiladi. Shayton vasvasalaridan qo'rg'on bo'ladi. Uning tilovati gunohlarni o'chiradigan, savoblarni ko'paytiradigan go'zal amaldir. Ming afsuslar bo'lsinki keyingi vaqtlarda ayrim johil ilmsiz dinda g'uluvga ketgan insonlar bu ishni qilish dinda yo'q namozdan keyin tilovat qilishlik Payg'ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam davrlarida ham bo'lmagan degan o'zlarining noto'g'ri e'tiqodlarini ilgari surish holatlari ko'paymoqda.
Alloh taolo Toha surasining 124-oyatida quyidagicha marhamat qiladi :
«Kim Mening eslatmamdan yuz o'girsa, bas, uning uchun tang (baxtsiz)turmush (qabr azobi) bo'lishi muqarrar va Biz uni Qiyomat kunida ko'r holda tiriltirurmiz»
Muborak Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoni har kuni Qur'oni karim haqqini ado etishga buyurganlar. Buni 200-250 oyat o'qish yoki 100 oyat va Ixlos surasini uch bora o'qish bilan ado etish, deb tushuntirganlar. Qur'oni karimdagi ko'pgina suralar va ba'zi oyatlarning fazilatlari zikr qilingan. Ushbu tilovatning Qiyomat kuni shafoat qilishi, savoblar ko'paytirib yozilishi, hojatlarning ravo bo'lishi, bemorlarga shifo bo'lishi, duolarning ijobat bo'lishi, tetiklik va aqlga musaffolik berishi va boshqa ko'pgina fazilatlari bayon qilingan.
Namozdan keyingi zikrlar
Namozdan keyingi zikrlar borasida Payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamdan ko'plab hadislar vorid bo'lgan bo'lib jumladan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kim har namozdan keyin o'ttiz uch marta tasbeh, o'ttiz uch marta tahmid, o'ttiz uch marta takbir aytsa – hammasi bo'lib to'qson to'qqizta bo'ladi – va keyin yuzinchisida «Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lah, lahul mulku va lahul hamd, va huva 'alaa kulli shay'in qodiyr» (Allohdan o'zga iloh yo'q. U yolg'izdir. Uning sherigi yo'q. Podshohlik Unga xos. Hamdu sano Unga xos. U har narsaga qodirdir) desa, gunohlari dengiz ko'piklaricha bo'lsa ham, kechirib yuboriladi».
Imom Muslim rivoyat qilgan.
Ushbu birgina hadisi sharifdan ko'rinib turibdiki namozdan keyingi tasbehlarning naqadar ulug' va hikmatli ish ekanligi. Shu bois barchalarimiz doimo ushbu ishdan bardavom bo'lsak ayrim mutaassiblarning aytayotgan gaplariga raddiya o'laroq ushbu ishni muntazam bajarib borsak inshaalloh dunyo va oxiratimiz obod bo'lishiga sababchi bo'lgan bo'lamiz.
Nurullo Mahkamov,
Chust tuman “Said Nasimxon to'ra” jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Agar Allohni inkor qilayotgan olimlar Qur’oni karimni insof bilan o‘rganib chiqqanlarida unga iymon keltirgan bo‘lardilar. Misol uchun, quyidagi oyati karimaga e’tiboringizni qarating:
﴿وَجَعَلْنَا اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ آَيَتَيْنِ فَمَحَوْنَا آَيَةَ اللَّيْلِ وَجَعَلْنَا آَيَةَ النَّهَارِ مُبْصِرَةً لِتَبْتَغُوا فَضْلًا مِنْ رَبِّكُمْ وَلِتَعْلَمُوا عَدَدَ السِّنِينَ وَالْحِسَابَ وَكُلَّ شَيْءٍ فَصَّلْنَاهُ تَفْصِيلًا﴾
“Biz kecha va kunduzni (qudratimizni ko‘rsatib turadigan) ikki belgi qilib qo‘ydik. Kechaning belgisini o‘chirdik. Kunduz alomatini esa, Robbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz” (Isro surasi, 12-oyat).
Ushbu oyatdagi mo‘jiza iymon keltirish uchun yetarli aslida. Alloh taolo “kunduzni yorug‘lik qildik” demoqda. Alloh taolo ko‘rsatish manbai sifatida kunduzni aytmoqda. Lekin tasvirlarni bizning ko‘zimiz ko‘rsatadimi yoki kunduzmi? Ko‘pchilik tasvirlarni ko‘zlar ko‘rsatadi deb o‘ylaydi. Biroq ilmiy haqiqat shuki biz yorug‘lik tufayligina ko‘ra olar ekanmiz. Olimlar aniqlashicha quyoshning nuri bir narsaga tegib sinadi. Keyin ko‘z soqqamizga kelib uriladi va biz o‘sha narsani ko‘ramiz.
Demak, ko‘zimiz o‘zi mustaqil ravishda tasvirlarni ko‘ra olmas ekan. Narsalarga tushgan nur tufayli ko‘ra olar ekanmiz. Agar nur yo‘q bo‘lsa ko‘zimiz hech narsani ko‘ra olmaydi. Shunday ekan, Alloh taoloning kuzduzni ko‘rsatuvchi qilganini anglash qiyin emas. Mana shuning o‘zi eng katta mo‘jizalardan biri emasmi, axir.
Agar Qur’oni karim Allohning kalomi bo‘lmasa Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bunchalik aniq ilmiy haqiqatlarni kim o‘rgatgan? Agar Qur’onda kelgan birorta ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lib chiqqanida bu din butunlay nohaq ekanligi ayon bo‘lardi. Qur’oni karimdagi ana shunday mo‘jizalar uning Allohning kalomi ekanligidan darak beradi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan