Muqaddas dinimizda har bir o'rinda mo'datillikga targ'ib qilingandir. Bu hoh ibodat masalasida bo'lsin hoh ijtimoiy hayotda bo'lsin o'rta hol bo'lishga buyurilingandir. Dinimizda shunday yomon jihat borki bu ham bo'lsa dinda g'uluvga ketishdir.
G'uluv so'zi (arabcha so'z bo'lib — ruxsat berilgan chegaradan chiqish degan ma'noni bildiradi).
Alloh taolo o'z kalomida oldingi qavmlardan g'uluvga ketganlarning holatini bayon qilib quyidagicha marhamat qmladi:
«Ayting: Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko'plarni, adashtirgan hamda to'g'ri yo'ldan chalg'iganlarning xavoyi nafslariga ergashmangiz!» (Moida, 77).
Imom Navaviy esa g'uluvni “shariatda talab etilgan narsaga qo'shimcha kiritish” deb atagan.
Abdul Karim Yunus Al-Hatibning ta'rifi quyidagicha: “G'uluv — biror narsada mubolag'a qilib, unda haddan oshish va mo''tadillik chegarasidan chiqishdir” deb ta'rif berganlar.
G'uluv – bir narsada chuqur ketish va ortiqcha urinishdir. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam g'uluvdan qaytarib, shunday deganlar: «Dinda g'uluv ketishdan saqlaninglar! Sizlardan ilgarigilar dinda g'uluv ketish sababligina halok bo'lishgan» (Ahmad, Nasoiy, Ibn Moja va boshqalar rivoyati, As-silsilatus-sahiha: 1283).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Uch kishilik guruh Nabiy sollallohu alayhi va sallamning zavjalarining uylariga Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ibodatlari haqida so'rab keldi. Bas, ularga (bu haqda) xabar berilganida xuddi u (ibodat)ni oz sanaganday bo'ldilar. Shunda ular:
“Biz qayoqdayu, Nabiy sollallohu alayhi va sallam qayoqdalar, u zotning o'tganu qolgan gunohlari mag'firat qilingan”, dedilar.
Ulardan biri:
“Men abadul abad tunlarni namoz o'qish bilan o'tkazaman”, dedi. Boshqasi esa:
“Men umrbod ro'za tutaman, og'zim ochiq yurmayman”, dedi. Yana boshqa biri:
“Men ayollardan chetda bo'laman, abadul abad uylanmayman”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularning oldilariga kelib:
“Shunday, shunday, deganlar sizlarmi?! Ammo Allohga qasamki, men Allohdan eng qo'rquvchirog'ingizman va Unga eng taqvodoringizman. Lekin ro'za ham tutaman, og'zim ochiq ham bo'ladi. Namoz ham o'qiyman, uxlayman ham, ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o'girsa, mendan emas”, dedilar”.
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilganlar. (“Hadis va Hayot” kitobidan).
Ming afsuslar bo'lsinkim so'ngi vaqtlarda ayniqsa yoshlarimiz orasida dinda g'uluvga, ketish mutaassiblik holatlari ko'plab uchrab turmoqda. Bu illatlarni oldini olishda avvalambor ota-onalar farzandlari bilan yaxshi munosabatda bo'lishliklari, diniy ehtiyojlarini qondirishda internet tarmoqlaridagi turli xil mutaassib va e'tiqodda adashgan shaxslardan emas yurtimizdagi rasmiy diniy ulamolardan o'zlarini qiziqtirgan masalalarini so'rab olishliklari lozimdir. Shundagina biz farzandlarimizni dinda g'uluvga ketishdan asragan bo'lamiz, Inshaalloh!!!
Nurullo Mahkamov,
Chust tuman “Said Nasimxon to'ra” jome masjidi imom-xatibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati