Missionerlik so'zidagi missiya - lotin tilidan olingan bo'lib “vazifa topshirish”, missioner esa “ vazifani bajaruvchi” degan ma'noni anglatadi.
“Missionerlik” haqida «Islom entsiklopediya» kitobida: «Missionerlik (missiya so'zidan)-biror dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ'ib qilish. Missionerlik asosan, nasroniylikka xos. To'rtinchi asrdan paydo bo'lgan. 13-16 asrlarda nasroniy missionerligi Hindiston, Hitoy, Yaponiyaga kirib bordi. Katolik cherkovida missionerlik Ispaniya va Portugaliya imperiyalari tashkil topgach (15-16 asrlar), faoliyatini kuchaytirdi. Missionerlik Rim imperiyasiga yangi erlarni o'z ta'siri ostiga olishda kata yordam berdi. Katolik missionerligiga rahbarlik qilish uchun papa Grigoriy 15 1662 yilda Diniy targ'ibot kongregatsiyasini ta'sis etdi. Missionerlik 19 asrda faollashdi, ayniqsa, nasroniy missionerlari Afrikada faoliyatlarini kuchaytirdilar va o'z mamlakatlarining siyosatini o'tkazishga yordam berdilar. O'zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonuni 5-moddasiga ko'ra, O'zbekistonda Missionerlik faoliyati man' etilgan ».
Missionerlik-bir dinga e'iqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa dinni targ'ib qilishni tushiniladi. Hozirgi kunda missionerlar o'zlarining vaqtinchalik yaxshi muomilalari va o'zlarining g'arazli maqsadlari yashiringan uslublari bilan ayrim kishilarni yo'ldan adash tirmoqdalar.
Missionerlar turli sohalarda o'z faoliyatini olib boradi.
Masalan: Ta'lim sohasidagi faoliyati, missionerlar ta'lim tizimida o'z faoliyatini amalga oshirishda alohida e'tibor beradigan jihatlari quyidagilar:
— maktabga yangi o'quv yiliga tayyorgarlik ko'rish uchun ta'mirlash materiallari olib beriladi;
— ibodatga qatnaydiganlarning bevosita ta'mir ishlarida qatnashishi ta'minlanadi;
— ibodatga keluvchilarning axborotlariga tayanib, yangi o'quv yili arafasida muhtoj oilalarning bolalariga daftar, qalam va boshqa kantselyariya mollari olib beriladi;
— “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga bolalar kiyim-boshlari va o'yinchoqlar sovg'a qilinadi;
— Til va komp'yuter o'rgatish markazlari, hatto maktab yoshigacha bo'lgan bolalar uchun shu yo'nalishdagi ixtisoslashgan bog'chalar ochish orqali ham yoshlar orasida tegishli targ'ibot tashkil etiladi.
Tibbiyot soxasida faoliyati odamlarga bepul dori-darmon berish, bepul xayriya yordamlarini ko'rsatish, bepul missionerlik adabiyotini tarqatish kabi uslublaridan foydalanishadi.
Masalan, missionerlar kasal yotgan kishini oldiga borishadi. Unga dori-darmon uchun pul berib, uni ahvolini so'ragan bo'lishadi. Kun o'tib yana ko'rgani kelishadi. Bu safar unga atrofdagi odamlarni e'tiborsizliklari haqida gapirishadi. O'zlarini esa “ yaxshi odamlar” ekanligini tushintirishadi. U kishini ham o'zlariga qo'shilsa, yaxshi bo'lishini aytishadi. Va qaytayotib bepul missionerlik kitoblaridan tashlab ketishadi. Oradan kunlar o'tavergach, u kasal kishi asta-sekinlik bilan tuzala boshlaydi. Endi, u kishini o'zlarining missionerlik yig'ilishlariga borishga undaydilar. U kishi missionerlik “o'lja”siga aylanganligini hali bilmaydi. Bu hol xalqimiz orasida turli qarama-qarshilikka sabab bo'lmoqda. Jumladan, missionerlarga qo'shilgan kishi vafot etganida uning jasadini qabristonga qo'yish bilan bog'liq muammolar kelib chiqadi. Shuningdek, missionerlarga qo'shilgan kishi o'z o'g'lini xatna qildirishni xohlamasa, uning qarindosh –urug'i esa bolani xatna qilishni talab qiladi. Missionerlarga qo'shilgan kishi o'z qizini missionerlikka qo'shilgan kishiga erga bermoqchi bo'ladi. Va bu qizning turmushga chiqishi ham muammoga aylanadi.
Ma'lumki, mamlakatimiz aholisining 90% dan ortiqrog'i Islom diniga e'tiqod qiladi. Islom dini shariatiga ko'ra ham o'z dinidan boshqa dinga o'tib ketish qoralanadi. Missionerlik milliy va diniy qadriyatimizga putur etkazadigan, xalqimiz birligini buzadigan harakatlardan hisoblanadi. Missionerlik va uning oqibatlari haqida oilamizda farzandlarimizga, mahalladoshlarimizga ko'proq tushuntirishimiz lozim bo'ladi.
Shunday qilsak, missionerlikning salbiy oqibatlarini bir qadar oldini olishga harakat qilgan bo'lamiz.
Hulosa o'rnida: Islom bu muqaddas din bo'lib, qadimdan ota-bobolarimiz shu din ahkomlariga amal etib yashashgan. Biz ham ota-bobolarimiz yo'lidan ogishmay borsakgina to'g'ri yo'lni tanlagan bo'lamiz. Afsufki, hozirgi kunda diniy qadriyatlarimizga, ma'naviyatimizga rahna solishga, diniy mojarolarni keltirib chiqarishga intilayotgan ayrim nopok kimsalar, missionerlik yo'li bilan farzandlarimizni yo'ldan ozdirishga harakat qilmoqda. Bu hol, g'animlarimiz rejalashtirganidek, ijtimoiy, oilaviy nizolar kelib chiqishiga sabab bo'lishi mumkin. Asrlar mobaynida avlodlarning milliy qadriyatlari, ular hayotining asosiy omili bo'lib xizmat qilgan muqaddas dinimiz kelajak avlod uchun ham shunday bo'lib qolajak. Alloh taolo bergan ulug' ne'mat tinchlik-osoyishtalikning qadriga etib, diyorimizni yovuz niyatli kuchlardan saqlash har-bir musulmon zimmasidagi burchdir.
Bilolxon Inamov,
Chust tumani “Mavlono Lutfulloh” jome
masjidi imom-xatibi
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati