Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Missionerlarning nayrangiga uchmaylik!

25.06.2022   2697   5 min.
Missionerlarning nayrangiga uchmaylik!

Missionerlik so'zidagi missiya - lotin tilidan olingan bo'lib “vazifa topshirish”,  missioner esa “ vazifani bajaruvchi” degan ma'noni anglatadi.

 “Missionerlik” haqida «Islom entsiklopediya» kitobida: «Missionerlik (missiya so'zidan)-biror dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ'ib qilish. Missionerlik asosan,  nasroniylikka xos. To'rtinchi asrdan paydo bo'lgan. 13-16 asrlarda nasroniy missionerligi   Hindiston, Hitoy, Yaponiyaga kirib bordi. Katolik cherkovida missionerlik Ispaniya va Portugaliya imperiyalari tashkil topgach (15-16 asrlar), faoliyatini kuchaytirdi. Missionerlik Rim  imperiyasiga yangi erlarni o'z ta'siri ostiga olishda kata yordam berdi. Katolik missionerligiga  rahbarlik qilish uchun papa Grigoriy 15 1662 yilda Diniy targ'ibot  kongregatsiyasini ta'sis etdi.  Missionerlik 19 asrda faollashdi, ayniqsa,  nasroniy  missionerlari Afrikada faoliyatlarini kuchaytirdilar va o'z mamlakatlarining   siyosatini o'tkazishga yordam berdilar. O'zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonuni 5-moddasiga ko'ra, O'zbekistonda Missionerlik faoliyati man' etilgan ».

Missionerlik-bir dinga e'iqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa dinni targ'ib qilishni tushiniladi. Hozirgi kunda missionerlar o'zlarining  vaqtinchalik   yaxshi muomilalari  va o'zlarining g'arazli  maqsadlari yashiringan uslublari bilan ayrim kishilarni yo'ldan adash tirmoqdalar.

Missionerlar turli sohalarda o'z faoliyatini olib boradi.

Masalan: Ta'lim sohasidagi faoliyati, missionerlar ta'lim tizimida o'z faoliyatini amalga oshirishda alohida e'tibor beradigan jihatlari quyidagilar: 

— maktabga yangi o'quv yiliga tayyorgarlik ko'rish uchun ta'mirlash materiallari olib beriladi;

— ibodatga qatnaydiganlarning bevosita ta'mir ishlarida qatnashishi ta'minlanadi;
— ibodatga keluvchilarning axborotlariga tayanib, yangi o'quv yili arafasida muhtoj oilalarning bolalariga daftar, qalam va boshqa kantselyariya mollari olib beriladi;
— “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga bolalar kiyim-boshlari va o'yinchoqlar sovg'a qilinadi;

— Til va komp'yuter o'rgatish markazlari, hatto maktab yoshigacha bo'lgan bolalar uchun shu yo'nalishdagi ixtisoslashgan bog'chalar ochish orqali ham yoshlar orasida tegishli targ'ibot tashkil etiladi.

 Tibbiyot soxasida faoliyati  odamlarga bepul dori-darmon berish, bepul xayriya yordamlarini ko'rsatish, bepul   missionerlik adabiyotini tarqatish kabi uslublaridan foydalanishadi.

Masalan, missionerlar kasal yotgan kishini oldiga borishadi. Unga dori-darmon uchun pul berib, uni ahvolini so'ragan bo'lishadi. Kun o'tib yana ko'rgani kelishadi. Bu safar unga atrofdagi odamlarni e'tiborsizliklari haqida gapirishadi. O'zlarini esa “ yaxshi odamlar” ekanligini tushintirishadi. U kishini ham o'zlariga qo'shilsa, yaxshi bo'lishini aytishadi. Va qaytayotib bepul missionerlik kitoblaridan tashlab ketishadi. Oradan kunlar o'tavergach, u kasal kishi asta-sekinlik bilan tuzala boshlaydi. Endi, u kishini o'zlarining missionerlik yig'ilishlariga borishga undaydilar. U kishi missionerlik “o'lja”siga aylanganligini hali bilmaydi. Bu hol xalqimiz orasida turli qarama-qarshilikka sabab bo'lmoqda. Jumladan, missionerlarga qo'shilgan kishi vafot etganida uning jasadini qabristonga qo'yish bilan bog'liq muammolar kelib chiqadi. Shuningdek, missionerlarga qo'shilgan kishi o'z o'g'lini xatna qildirishni xohlamasa, uning qarindosh –urug'i esa bolani xatna qilishni talab qiladi. Missionerlarga qo'shilgan kishi o'z qizini missionerlikka qo'shilgan kishiga erga bermoqchi bo'ladi. Va bu qizning turmushga chiqishi ham muammoga aylanadi.

Ma'lumki, mamlakatimiz aholisining 90% dan ortiqrog'i  Islom diniga e'tiqod qiladi. Islom dini shariatiga ko'ra ham o'z dinidan boshqa dinga o'tib ketish qoralanadi. Missionerlik  milliy va diniy qadriyatimizga putur etkazadigan, xalqimiz birligini buzadigan harakatlardan hisoblanadi. Missionerlik  va uning oqibatlari haqida oilamizda farzandlarimizga, mahalladoshlarimizga ko'proq tushuntirishimiz lozim bo'ladi. 
Shunday qilsak, missionerlikning salbiy oqibatlarini bir qadar oldini olishga harakat qilgan bo'lamiz.

Hulosa o'rnida: Islom bu muqaddas din bo'lib, qadimdan ota-bobolarimiz shu din ahkomlariga amal etib yashashgan. Biz ham ota-bobolarimiz yo'lidan ogishmay borsakgina to'g'ri yo'lni tanlagan bo'lamiz. Afsufki, hozirgi kunda diniy qadriyatlarimizga, ma'naviyatimizga rahna solishga, diniy mojarolarni keltirib chiqarishga intilayotgan ayrim nopok kimsalar, missionerlik yo'li bilan farzandlarimizni yo'ldan ozdirishga harakat qilmoqda. Bu hol, g'animlarimiz rejalashtirganidek, ijtimoiy, oilaviy nizolar kelib chiqishiga sabab bo'lishi mumkin. Asrlar mobaynida avlodlarning milliy qadriyatlari, ular hayotining asosiy omili bo'lib xizmat qilgan muqaddas dinimiz kelajak avlod uchun ham shunday bo'lib qolajak. Alloh taolo bergan ulug' ne'mat tinchlik-osoyishtalikning qadriga etib, diyorimizni yovuz niyatli kuchlardan saqlash har-bir musulmon zimmasidagi burchdir.

Bilolxon Inamov,
Chust tumani “Mavlono Lutfulloh” jome
masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qanoat – bitmas xazina

02.09.2026   25797   9 min.
Qanoat – bitmas xazina

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat

 

– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
 

– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.


Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek,  dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.


Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.


– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.


– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.


Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.


Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.


Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.


– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?


– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.


Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.


Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.


– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?


– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.


Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.


– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?


– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.


Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.


Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.


– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?


– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.


Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.


– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?


– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.


– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?


– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.


Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.


Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.


Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.

 

T.NIZOM suhbatlashdi.

Maqolalar