Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Imom Zufar rohimahullohning hanafiy mazhabida tutgan o'rni

23.06.2022   1275   7 min.
Imom Zufar rohimahullohning hanafiy mazhabida tutgan o'rni

 

Imom Zufar ibn Huzayl rohimahulloh yirik faqih, muhaddis, Imom A'zam rahmatullohi alayhi shogirdlarining eng peshvolaridan biri edi. U zot hijriy 110-yilda Isfahonning Bozaon nomli qishlog'ida tavallud topganlar.

Ulamolar Imom Zufar rohimahullohni dunyoda o'tgan insonlarning eng buyuk aql sohiblaridan biri ekanliklarini ta'kidlaganlar. Masalalarni o'zaro qiyoslash, ulardan hukm olish bo'yicha u zotga tenglashadigan odam deyarli bo'lmagan. Shuningdek, u zotda munozara quvvati ham juda kuchli edi. Bu borada Hasan ibn Ziyod aytadilar: “Kim Imom Zufar bilan munozara qilsa, o'sha odamga rahmim keladi”. Imom Zufarning o'zlari aytadilar: “Men biror kim bilan munozara qilsam, u:“Men xato qildim”, degunicha munozara qilmayman, balki jinni bo'lib qolgunicha munozara qilaman”“Qanday jinni bo'ladi ?”, deyishdi. “Hech kim naql qilmagan gaplarni aytishgacha boradi”, dedi”. Ya'ni, avvalgi ulug'lar – sahobalar, tobeinlar va boshqa ulug'lar aytmagan gaplarni aytdi, deb hammaga kulgi bo'ladi. Imom Zufar rohimahulloh shu darajada munozara qilgani uchun o'zi bilan munozara qilmasliklarini ta'kidlar ekan.

Ta'kidlash lozimki, Imom Zufar rohimahulloh ustozining boshqa shogirdlari Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad kabi mashhur bo'lmagan bo'lsalar-da, biroq ilmda, taqvoda ulardan hech ham qolishmaydigan zot bo'lganlar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi shogirdlariga bir mas'alani tashlab, ular o'rtasida munozaralar o'tkazar edi. Hususan, Imom Zufar va Imom Abu Yusuf o'rtalaridagi munozara juda ham qizg'in bo'lib, ba'zida Imom Zufar, ba'zida Imom Abu Yusuf yutib chiqar edi. Imom Zufar rohimahulloh gapga usta bo'lib, Abu Yusuf mag'lub bo'lib, iztirobga tushib turganida: “Qayoqqa qochasiz ?! Bu – ochiq eshiklar, xohlaganingizni tanlang”, der ekan.

Imom Abu Yusuf va Imom Zufar Abu Hanifa rohimahulloh shogirdlarining peshqadamlari edilar. Bu haqda Abu Hanifa rahmatullohi alayhi aytadilar: “Shogirdlarimdan o'ttiz olti nafari haqida aytaman: ulardan yigirma sakkiz nafari qozi bo'lishga haqli, yana olti nafari fatvo berish darajasiga etgan. Ularning orasida Abu Yusuf  bilan Zufar qozilarga va muftiylarga adab berishi mumkin”.

Ismoil ibn Hammoddan qilingan boshqa bir rivoyatda aytiladiki: “Abu Hanifa rahmatullohi alayhining eng katta o'n nafar shogirdi bor edi. Ular: Abu Yusuf, Zufar, Asad ibn Umar, Ofiya Avdiy, Dovud Toiy, Abu Abdulloh Qosim al-Mas'udiy, Ali ibn Musahhar, Yahyo ibn Zakariyyo hamda Ali Anziyning ikki o'g'li – Hibbon va Mandaldir. Lekin, ular orasida Abu Yusuf va Zufar kabisi yo'q edi”.

Imom Abu Yusuf va Imom Zufar rohimahullohlar mana shunday etuk zot bo'lganlar. Kitoblarda ulardan qaysi biri fazilatliroq, olimroq ekani borasida turli fikr-mulohazalar kelgan.

Muhammad ibn Hasan aytadi: “Abu Yusuf va Imom Zufar munozara qilayotganlariga guvoh bo'ldim. Abu Yusuf Abu Hanifadan va boshqa xabarlardanko'p rivoyat keltirib Imom Zufardan g'olib kelar, navbat qiyosga kelganida esa Imom Zufar u zotni yutib chiqar edi”.

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi vafotidan so'ng, Imom Zufar rohimahulloh u zotning ilm majlisini davom ettiradilar. Ana shu yillari Ko'fadagi deyarli barcha tolibi ilmlar Imom Zufarning halqasiga to'planadi. Holid ibn Sabih imom Zufar rohimahullohning ilm halqasini sifatlab aytadi: “Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining oldiga ko'chmoqchi bo'ldim. Yo'lda u zotning vafotlarini eshitdim. Ko'fa shahriga etgach, ilm majlislariga kirdim. Ko'p insonlar Imom Zufar rohimahullohning  ilm majlisida edi, Abu Yusuf rohimahullohning huzurida esa ikki yoki uch kishi bor edi xolos”. Keyinchalik esa, Allohning rahmati bilan Imom Abu Yusuf rohimahullohning sha'ni ulug' bo'lib, u zotning halqasiga ham ko'plab insonlar yig'iladi.

Hammod ibn Abu Hanifa aytadilar: “Bir kuni Abu Hanifa rahmatullohi alayhining o'ng tarafida Abu Yusuf, chap tarafida Imom Zufar bir mas'ala borasida munozara qilayotganlarini ko'rdim. Abu Yusuf biror gap aytsa, Zufar uni yo'qqa chiqarardi, Aksincha, Zufar biror gap aytsa, Abu Yusuf yo'qqa chiqarar edi. Bu holat peshin vaqtigacha davom etdi. Peshin namozi uchun muazzin azon aytgan payt Abu Hanifa rahmatullohi alayhi qo'llarini ko'tardilar va Zufarning sonlariga urib dedilar: “Sen unda Abu Yusuf bo'lgan shaharning raisligidan umid qilmagin!” va Abu Yusuf foydasiga hukm qildilar”.

Shaddod ibn Hakim aytdi: “Asad ibn Amrdan so'radim: “Abu Yusuf faqihroqmi yoki Zufarmi?”, “Zufar taqvodorroq”, dedi. “Men sizdan fiqhni so'radim”, deganimda aytdiki: “Ey Shaddod ! Inson taqvo bilan kamolotga erishadi”.

Shuningdek, ko'p ulamolar bu ikkala imomni “chopib ketayotgan ikki chopqir tulpor”ga o'xshatganlar. Bu bilan ikkalalari teng, barobar ekanliklarini ifoda etganlar.

Yuqoridagi kabi fikrlar juda ko'p bildirilgan, biroq ikki imomning bir-biriga bo'lgan hurmat-ehtiromi cheksiz bo'lgan. Imom Zufar Basraga borganlarida odamlar u zotning huzuriga kelib, turli savollar beradilar. Imom Zufar ularning barcha savollariga go'zal javob berganida ular bundan juda ajablanib: “Biz Zufar kabi faqihni ko'rmaganmiz, u eng olim inson ekan”, deganlarida u zot aytdi: “Meni ko'rib shu darajada ajablanyapsiz, agar Abu Yusufni ko'rsanggiz nima bo'larkin?!”

Imom Zufardagi insofga, hurmat-ehtiromga qarang! Ahli ilm-ulamolar bir-biri bilan qanday munosobatda bo'lish kerakligini Imom Zufar mukammal holatda ko'rsatib berdilar. Ayniqsa, bugungi kunda faoliyat olib borayotgan ahli ilmlar o'rtasida ham aynan shunday ahillik, o'zaro qo'llab quvvatlash, e'tirof va ustunlikni tan olishni yanada taraqqiy ettirish muhim bo'lib turibdi. Shuningdek, ular imom Zufar, Imom Abu Yusuf rohimahullohlarning bu kabi samimiyatlaridan o'rnak olsalar yanada manfaatli va maqsadga muvofiq bo'lardi. Boisi, u zotlar ilm, taqvoda har qanday yuqori darajaga chiqmasinlar, bir-birlariga bo'lgan hurmat-ehtiromi bag'oyat yuksak darajada bo'lgan. Agar bir mas'alada munozara qilsalar, xolis, insof ila munozara qilganlar, xato qilgan bo'lsalar, xatolariga iqror bo'lishga qodir bo'lganlar. Chunki, ularning asl maqsadi ilmni yuzaga chiqarish edi. Alloh taolo ulardan rozi bo'lsin!

 

TII 4- kurs talabasi Muhammadrizo Tojiboyev

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

19.08.2026   22413   2 min.
Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.

Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.

Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.

Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari