O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Bilimdon dinshunos” intellektual tanlovi bo'lib o'tdi.
Mazkur tadbirda Akademiya rektori Uyg'un G'afurov, Din ishlari bo'yicha qo'mita bosh mutaxassisi Bahodir Daminov, O'zbekiston musulmonlari idorasi mas'ul xodimlari – Akbarshoh Rasulov hamda Isomiddin Ahrorov, kafedra professor-o'qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdilar.
“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o'rganish YuNYeSKO” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tanlovda Akademiyaning turli ta'lim yo'nalishlaridan jami 96 nafar talabadan iborat 24 ta guruh qatnashdi.
Musobaqa 1-shart (saralash testi) bo'lib, bu shartda 6 ta guruh saralab olindi. Shundan so'ng 2-shart (blits savol-javob), 3-shart (atama va rasmlarni sharhlash) hamda 4-shart (ijodiy ish) – Dinshunoslikka oid dolzarb mavzuda ikki daqiqalik videorolik taqdimot qilindi.
Tanlov yakunida 3-o'rinni “Turkiston” jamoasi qo'lga kiritgan bo'lsa, 2-o'ringa “Furqon” jamoasi sazovor bo'ldi. G'oliblik esa “Dinshunoslik” yo'nalishi 3-bosqich talabalarining “Shahristoniy izdoshlari” jamoasiga nasib etdi.
Yakunda g'olib va sovrindorlar taqdirlandi.




Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati