Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Avgust, 2026   |   9 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:39
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:16
Xufton
20:38
Bismillah
22 Avgust, 2026, 9 Rabi`ul avval, 1448

“Oqib keluvchi” gunohlar

14.06.2022   1992   4 min.
“Oqib keluvchi” gunohlar

“Oqib keluvchi” savoblar haqida eshitganingiz bor. Ularni bir so'z bilan “sadaqai joriya” deyiladi. Oqib keluvchi gunohlar ham bor ekanligi haqidachi, eshitganmisiz? Unday bo'lsa eshiting.

Qiyomat kuni inson o'zining hisobiga yozilgan katta-katta gunohlarni ko'rib hayron qoladi. Chunki, u bu gunohlarni o'z qo'li bilan qilmagan, lekin shunga qaramay uning hisobiga yozib qo'yilgan bo'ladi. O'zi qilmagan ammo, uning nomai amaliga yozilgan gunohlarning nomini “oqib keluvchi”  gunohlar deyiladi. Bu gunohlar kishi qabrida yotganida, ya'ni vafot etganidan keyin ham uning nomai amaliga yozilib boraveradi. U to'xtovsiz va davomli tarzda oqib kelaveradi. Kun o'tgan sayin ko'paya boradi, oylar, yillar davomida tog'dek-tog'dek gunohlarga aylanadi. Uning kelishini to'xtatib bo'lmaydi.

Tog'dek-tog'dek bu gunohlar qayerdan keldi, nima uchun uning hisobiga yozib qo'yildi?

“Oqib keluvchi” gunohlarning manbai insonning o'z qo'lida. U hayoti davomida qaysidir gunoh-ma'siyat ishni qiladi va boshqalar ham unga ergashib shu ishni davom ettiradi. Natijada, boshqalarning qilgan gunohlari ham uning zimasiga tushadi. Chunki, u ushbu gunoh ishning “tashabbuskori”, o'zgalar unga ergashuvchilardir.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoq vositalari “oqib keluvchi” gunohlarning asosiy manbaiga aylanib bormoqda. Kimlardir tomonidan o'zlarining turli xildagi behayo suratlari, video yozuvlari, boshqalar haqida tarqatilayotgan tuhmat va bo'hton so'zlar, odamlarni obro'sizlantirish, o'rtaga nifoq va fitna solish, ayniqsa diniy tafriqabozlikka sabab bo'ladigan maqola hamda audio va video yozuvlarning tarqatilishi avvalo, o'sha kishilarning qattiq gunohkor bo'lishlariga sabab bo'lsa, ikkinchidan ularni qo'llab-quvvatlovchilar, ularga ergashuvchilarning gunohlariga ham sherik bo'lishlariga olib keladi.

Alloh taolo Qur'oni Karimda ogohlantirgan:

َلَيَحْمِلُنَّ أَثْقَالَهُمْ وَأَثْقَالًا مَّعَ أَثْقَالِهِمْ ۖ وَلَيُسْأَلُنَّ يَوْمَ الْقِيَامَةِ عَمَّا كَانُوا يَفْتَرُونَ))

ya'ni: “Albatta, ular o'zlarining yuk (gunoh)larini ham, u yuklari bilan birga (boshqa) yuklarni ham ko'tarurlar va albatta, qiyomat kunida o'zlari to'qib olgan (yolg'on)lari to'g'risida so'ralurlar” (Ankabut surasi, 13-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:

من دعا إلى هدًى، كان له من الأجر مثلُ أُجور من تَبِعه، لا ينقُص ذلك من أُجورهم شيئًا، ومن دعا إلى ضلالةٍ، كان عليه من الإثم مثلُ آثام من تبعه، لا ينقُصُ ذلك من آثامهم شيئًا»

(رواه مسلم)

ya'ni: “Kim hidoyatga chaqirsa, unga ergashuvchining savobidek ajr bo'ladi. Bu bilan amal qilgan kishilarning savobidan biror narsa kamaymaydi. Kim zalolatga chaqirsa, ergashuvchi kishining gunohidek unga gunoh yoziladi. Bu bilan amal qilgan kishilarning gunohidan biror narsa kamaymaydi” (Imom Muslim rivoyati).

Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: Vafot etganidan keyin gunohlari ham to'xtagan kishiga jannat bo'lsin. Vafot etganidan keyin ham gunohlari yuz-ikki yuz yillar davomida to'xtamay keladigan va shu gunohlari tufayli qabrida ham, oxiratda ham azoblanadigan kishiga vayl (do'zax) bo'lsin.

Ey, birodar! Ijtimoiy tarmoqlarga qo'ygan suratlaringizni ko'zdan kechirib chiqing. U erga joylashtirgan ma'lumotlaringizni taftish qiling. Gunoh-ma'siyatga undovchi suratmi, maqolami, insonlar o'rtasida fitna-fasod, bug'zu-adovat qo'zg'atuvchi postlarmi bo'lsa vaqt o'tkazmay tezda o'chirib tashlang. Toki, boshqa insonlar sizning tarqatgan materiallaringizdan ta'sirlanib siz targ'ib qilgan gunoh ishlarni qilib ulgurmasinlar. Aks holda ularning qilgan gunohlari “oqib keluvchi” gunohga aylanib sizning hisobingizga yoziladi.

Shu bilan birga qilgan noma'qul ishingizdan tezda tavba qiling. Chunki, hech bir inson o'z ajali qachon kelishini bilmaydi.

 

 

https://t.me/tuhur 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   31078   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari