Bugun farovon va to'kin hayotda yashayotganimiz uchun Alloh taologa qancha shukr qilsak – shuncha kam. Tabiiyki, hayotimizni juda osonlashtirayotgan vositalarning foydalari ko'p. Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham borligini unutmasligimiz kerak. Gap shundaki, bugun turli g'arazli kuchlar axborot texnologiyalari orqali farzandlarimizni yot g'oyalar domiga tortmoqda.
Ana shunday yot g'oyalardan biri, shubhasiz, o'zlarini salafiy deb nomlagan soxta salafilardir. Bu oqim XVIII asrda yashagan najdlik Muhammad ibn Abdulvahhobning mutaassibona g'oyalariga tayanadi. U esa, aslida, ilk ekstremistik tashkilot – xorijiylik aqidasidir.
Shunga ko'ra, ular nazdida, musulmonlar uchun haqiqiy najot Qur'on va hadisni mahkam tutish bo'lib, har qanday ko'rinishdagi mazhab bu maqsadga erishishda xalaqit beradi.
Ular shu tariqa barcha musulmonlarni Qur'on va hadisni o'rganib, o'z aqli va iqtidori doirasida amal qilishga, ijtihod qilishga chaqiradi. Imom Ahmadning: “Kim dinda taqlid yo'q desa, Alloh va Uning rasuli oldida fosiqdir. Uning so'zi sunnat va salafi solihlar qarashlarini rad qilishdir”, – degan ta'rifi, bizningcha, ushbu qarashga o'rinli raddiya hisoblanadi.
Abu Bakr Haraviyning yozishicha, insonlar dinda yo muqallid (taqlid qiluvchi) va yo mujtahid bo'ladi. Bunda ilmi yo'q olimlarga taqlid qiladi, bilmaganini olimlardan so'rashi va shu orqali ularga taqlid qilishi farz hisoblanadi.
Insonlar aqli, hayotiy tajribasi turfa ekani e'tiborga olinsa, buning natijasida insonlar orasida qarama-qarshi fikrlarning ko'payishi holatlarini idrok etish mumkin bo'ladi.
Eng muhimi, fiqhiy mazhablar natijasida qonli ixtiloflar vujudga kelmaydi, ammo ushbu toifa xatti-harakatlari keng ma'nodagi zo'ravonliklar va hatto qonli to'qnashuvlar uchun sabab bo'lishi mumkin.
“Soxta salafiylar” qayerga qadam bosmasin, o'sha erda jaholat, ixtilof va tashvishlar ildiz otadi. Zero, ularning yo'li Ahli sunna val jamoaning ham, sahobalar va tobeinlarning ham yo'li emas.
Muhammad Siddiq Hasan Qinnavjiy “soxta salafiylar” haqida o'zining “Taqlidul aimma” asarida bunday yozadi: “Hozirgi kunda bir riyokor va shuhratparast guruh paydo bo'ldi. Bu guruh a'zolari o'zlarini eng taqvodor hisoblab, boshqalarni mushriklikda ayblamoqda. Aslida, ularning o'zi eng mutaassib va dinda chuqur – g'uluv ketganlardir. Ularning ishi dindan emas”.
Soxta salafiylarning kirdikorlari shu qadar ko'pki, ularning kecha paydo bo'lgan ishlari bugunga, bugungi ishlari esa ertaga to'g'ri kelmaydi. Kundan kunga yangidan-yangi fitnalarni o'ylab topib, mo'min-musulmonlar o'rtasida nizo chiqarishga tirishadilar.
Soxta salafiylarning yoshlar ongini zaharlash maqsadida o'ylab topgan fitnalari quyidagilarda namoyon bo'ladi:
1) mazhablarni inkor qiladi. Mazhabsizlik g'oyasi ko'pchilik g'o'r yoshlarning adashishi, yot g'oyalar ta'siriga tezroq tushishi ehtimolini kuchaytiradi;
2) o'zlariga ergashmaganlarni “kofir” sanaydi. Dinimizda 99 amal kufrga, birgina amal imonga dalolat qilsa, imonga hukm qilinadi. Bu toifa vakillari esa bu ishning ziddini qiladi. O'zining g'oyasi Alloh huzurida eng maqbul va ma'qul ekaniga aniq dalil bo'lmagani holda, qabul qilmaganlarni kofir, deb atash ulkan adashish va chuqur ilmsizlik hisoblanadi;
3) jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratadi. Bu bilan dinlararo adovat uyg'otishga, jamiyatlarni notinch qilishga urinadi;
4) boshqa din vakillariga murosasiz va hatto shariat hukmlarini ular o'ylagandek to'liq bajarmayotgan musulmonlarga nisbatan ham zo'ravonlik siyosati olib boradi. Rasululloh “La ilaha illalloh”, degan insonni o'ldirgan Usoma ibn Zaydni qattiq tanqid qilganlar. Shunda Usoma: “Endi hech qachon “La ilaha illalloh” degan kishini o'ldirmayman”, – deb va'da bergan.
Shu va shunga o'xshash dinimiz ta'limotiga mutlaqo zid gaplarni yoshlar orasida tarqatayotgan soxta salafiylar Alloh taoloning: «Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir»(Baqara surasi, 191-) oyati karimasini bilisharmikin?! Vaholanki, ular faqat oyati karima va hadisi sharifga amal qilamiz, deb da'vo qilishadi-ku!
Bugun yurtimizda diniy-ma'rifiy sohaga berilgan erkinlarni suiiste'mol qilayotgan buzg'unchi, g'arazli kimsalar masjidlarga kirib, atayin safda oyoqlar orasini kerib, namozxonlarning jig'iga tegishmoqda. Aslida diyorimizda asrlar osha hanafiy mazhabiga amal qilib kelingan.
Mashhur alloma Abdulhay Laknaviy o'zining “Majmuatul fatovo” kitobida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi so'zlarini keltirgan: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofeiy ham, hanbaliy ham, molikiy mazhabi ham tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham etib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi, ijtihod darajasiga etmagan kishilarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo'ladi”.
Hulosa qilib aytganda, bugun biz yoshlarimizni turli yot g'oyalar ta'siridan asrashimiz shart. Chunki dinimiz ta'limotida har birimiz qo'l ostimizdagilarga mas'ul va mutasaddi ekanimiz bayon etilgan. Shundan ekan, kelajak avlodni fitnalardan, soxta salafiylarning kirdikorlridan asraylik!
Eshmurod AHBO'TAYeV,
Sergeli tumani bosh imom-xatibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati