Alloh taologa hamdu sanolar. Payg'ambarimizga salotu salomlarimiz bo'lsin.
Hammamizga ma'lum, dinimizda mutaassiblik degan tushuncha mavjud. Ba'zi insonlar bir mazhabni mahkam ushlab, undagi masalargagina ergashishni mutaassiblik tushunchasi bilan aralashtirib yuboradilar. Vaholanki, ikkisini o'rtasida katta farq mavjud. Bir mazhabni mahkum ushlash, undan chiqib ketmaslik mazhab paydo bo'libdiki to bugungi kunimizgacha musulmonlar o'rtasida amalda joriy bo'lib, shar'iy odatga aylangan, maqtalgan ish hisoblanadi. Bunga ulamolar tomonidan ijmo bog'langan. Mutaassiblik esa aksincha, dinimiz tomonidan qoralangan ish hisoblanadi. Bu ishlarning biri maqtalgan va biri qoralanar ekan ularni o'rtasini faqrlab olishimiz lozim bo'ladi. Toinki maqtalgan ishni qilaman deb yomoni qilib qo'ymaslik, qoralanganidan qaytaraman deb, maqtalganidan qaytarib qo'ymaslik, yomonlab qo'ymaslik uchun.
Avvalo, «Mutaassiblik» tushunchasining lug'aviy va istelohiy ma'nolariga to'xtalib o'tsak. Mutaassiblik arab tilidagi “التعصب“ so'zidan olingan bo'lib, «Yig'ilmoq», «Ittifoq bo'lmoq» tushunchalarini anglatadi. Bu jamlanish gohida haq uchun bo'lishi, gohida esa botil uchun bo'lishi mumkin. Bu so'z har ikki ma'noda ham keng ishlatiladi. Iste'lohda esa, «dalil topilgan paytda haq va to'g'rini qabul qilmaslik» deb ta'rif beriladi. Shayxul islom Taftazoniy aytadilar: «Mutaassiblik – bir tomonga moyil bo'lgani uchun dalil zohir bo'lganda haq va to'g'rini qabul qilmaslikdir». Demak biz bir insonni o'zi ergashgan gapning ziddining to'g'ri ekanligiga dalil chiqqan paytda ham uni qabul qilmay, avvalgi so'zga ergashganini ko'rgan paytimizda uni mutaassiblik qilyapti deb ayta olamiz. Lekin buning uchun bir mazhabdagi avval ergashilayotgan masalaning ziddining to'g'ri va haq ekanligiga dalolat qiluvchi dalil kerak. Bir inson bir dalilni topib, o'zining nazdida topgan dalili narigi tomonni to'g'riligiga dalolat qilsa, o'zi va boshqalarning ham o'sha dalilga ergashishlari, oldin amal qilinib kelinayotgan so'z tark qilishlari, agar unday qilinmasa, dalil bo'lsa ham unga ergashmay mutaassiblik qilyapti deyiladimi? Albatta yo'q! ma'lumki, barcha buyuk ulamolar nazdida, omi (ahli nazar-ijtihod ahli bo'lmagan har qanday inson nazarda tutilmoqda) insonga dalil zohir bo'lmaydi. Faqatgina ahli nazar-ijtihod egasigagina zohir bo'lishi mumkin. Faqat u gina dalil topilgan yoki topilmaganligini bilishi mumkin. Chunki bu ish ham ijtihodning bir turi hisoblanadi. Usul kitoblarida esa mujtahidda topilishi lozim bo'lgan shartlar va sifatlar to'la to'kis bayon qilingan. Alloma Ali Haydar shunday deganlar, «Usuli fiqh kitoblarida mujtahidning shartlari va muayyan sifatlari mavjuddir. Ana o'sha sifatlarni to o'zida jamlamas ekan olim kishini mujtahid deyilmaydi.»
Shuning uchun ham, modomiki muftiy nazar-ijtihod ahlidan bo'lmas ekan o'z imomining (mazhabboshisining) so'zini bir dalilning zohiriga xilof bo'lgani uchun tark qilishi mumkin emasligi ulamolar ittifoq qilganlar.
Nazar-Ijtihod ahlidan bo'lmagan kishining bir mazhabni mahkam tutib, uning barcha masalalariga ergashishi mutlaqo, qoralangan ish emas. Aksincha maqtalgan va bu ish qilgan kishi uchun fazilatdir. Yuqorida zikr qilingan ulamolarimizning gaplari shunga dalolat qiladi. Ammo ijtihod ahlidan bo'lsa, dalillarni tekshirib ko'rishga va ularni ajrata olishga salohiyati etadigan darajada ilmli bo'lsa, o'zi rojih deb bilganiga ergashishi mumkin bo'ladi. Shundagina, o'zining nazarida dalil zohir bo'lganda ham uni qabul qilmasa, u insonni mutaassib deyiladi.
Mana shunday darajadagi ilmga ega bo'lgan kishi dalil zohir bo'lib, narigi tomonni to'g'riligini ifodalaganda bir ikki marta qabul qilmasa uni mutaassib deya olmaymiz. Faqatgina undan ko'p bor takrorlansa va odatiga aylansagina shunday deb aytishimiz mumkin bo'ladi. Bir ikki o'rinda taassublik qilgan odamni mutaassib deyish mumkin emas. Chunki bundan holi kimsalar juda ozdir. Bu hududi ko'p marotaba munkar hadisni rivoyat qilgan roviygagina “ منكر الحديث“ deyilganiga o'xshaydi. Mutaassib kibrli va o'ta qaysar, o'jar bo'lib, uning aqidasi dalil bor o'rinda ham haqni qabul qilishidan man qiladi.
Yuqoridagi ma'lumotlardan ma'lum bo'ladiki, ijtihod ahlidan bo'lmagan odamni har qanday holatda ham o'z mazhabiga ergashishi va ungagina amal qilishi mutaassiblik nomi ila qoralangan tushunchadan yiroqdagi ish ekan. Aksicha bu maqtalgan va amal qilish vojib bo'lgan. Mazhabdan tashqaridagi so'zga ergashishning esa ma'lum bir shartlari mavjud bo'lib, faqat o'sha shartlar topilgandagina mumkin bo'ladi.
Hadis ilmi oliy maktabi o'qituvchisi G'aniyev Akmaljon
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi.
Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.
Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati