Ota-ona uchun eng muhim vazifalardan biri – farzand tarbiyasidir. Ushbu mas'uliyatni chuqur his etgan ota-onalar farzandlari tarbiyasiga jiddiy e'tibor berib, har qanday sharoitda ham jigarbandi bilan shug'ullanishga vaqt topadi.
Hadislardan birida: “Ota – ona farzandiga go'zal odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”,— deb aytganlar. Chunki, e'tiqodi va dunyo qarashi sog'lom farzand ota — ona xizmatini qilib, yurtiga sadoqatli, komil inson bo'lib voyaga etadi.
Bugungi kunda aqiydasi, dunyo qarashi hali shakllanib ulgurmagan yoshlarimiz puch, yaltiroq shiorlarga aldanib, o'nlab adashgan oqim va yo'nalishlarning mafkuraviy xurujlari ta'siriga tushib qolmoqdalar. Shuning uchun bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri sof islomiy aqiydamizni o'rganish va o'rgatish, yoshlarimiz ongiga buzuq aqiydalar suqilib kirishining oldini olishdir.
Afsuski, bugungi kunda ba'zilar islomiy ilmni xalqaro axborot tarmoqlarida, internetda tarqalgan turli kitoblar, ovozli va tasvirli manbalardan o'rganishning o'zi etarli deb o'ylab yuribdi. Azizlar, nafaqat internetdagi turli shubhali manbalarning, hatto eng sahih kitobning ham o'zi haqiqiy ilm olish uchun, chinakam islomiy dunyo qarashni shakllantirish uchun etarli bo'lmaydi. Dinga bir yoqlama yondashib, uni ko'r-ko'rona o'rganib bo'lmaydi. Buning uchun albatta muallim kerak.
E'tiqod borasida yoshlar ongini to'g'ri shakllantirish va jamiyat ma'naviyatini buzg'unchi aqidalardan himoyalash doimo eng dolzarb vazifalardan bo'lib kelgan. Albatta bunda ota-onalar asosiy o'rin tutadi. Afsuski, ayrim ota-onalar bola tarbiyasida beparvolik qiladilar. Ular shaxsiy yumushlari, ko'cha-kuydagi ulfatlari, moddiy mablag' to'plashni birinchi o'rindagi vazifayu, oila a'zolarining axloqiy va ma'rifiy tarbiyalari bilan shug'ullanishni ikkinchi darajali ish o'rniga qo'yishadi.
Qadimdan solih insonlar farzand tarbiyasiga katta e'tibor qaratishgan. Chunki, millatning taraqqiyoti yoki zavoli yoshlarning tarbiyasiga bog'liq. Agar yosh avlodga yaxshi tarbiya berilsa, kelajakning poydevori mustahkam bo'ladi, bordiyu buning aksi bo'lsa millat zalolatga yuz tutadi. O'tgan asrdagi mutafakkir olimimiz Abdulla Avloniy ta'biri bilan aytganda, “Tarbiya bizuchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, o'tgan ulug' zotlarga ergashgan holda biz ham kelajagimiz bo'lgan farzandlarimiz ta'lim-tarbiyasiga e'tiborli bo'lishimiz lozim. Ayniqsa, ularning tarbiyasida ajdodlarimizning buyuk hayotlari hamda yozib qoldirgan ma'naviy meroslari muhim o'rin kasb etadi.
Kelaj akavlod tarbiyasi barcha zamonlarda xalqimiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri bo'lib kelgan va shunday bo'lib qoladi.
Nozirjon Qo'chqarov,
Namangan tumani “Umarboy xoji” jome
masjidi imom-xatibi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati