— Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo'lsin.
Musulmonlar shariat ahkomlariga muvofiq keladigan libos – bu oddiy kiyinish emas, balki har bir mo'min-musulmonning zimmasidagi farz darajasiga ko'tarilgan. Boshqalar uchun o'zlarining turli dunyoviy g'arazlarini amalga oshirish vositasi bo'lgan kiyim, bizlar uchun Allohning roziligiga erishish vositalaridan biridir.
Alloh taolo A'rof surasining 31-oyatida marhamat qiladi:
“Ey Odam bolalari, har bir ibodat chog'ida o'z ziynatingizni oling”. Ya'ni, “Kiyimingizni kiying, avratlaringizni to'sing”..( Nur surasining 31-oyati) da esa.
“...ziynatlarini ko'rsatmasinlar, magar zohir bo'lgan ziynatlar bo'lsa (mayli). Ro'mollarini ko'ksilari uzra tushirib olsinlar”.
Erkak kishining avrati kindigi ostidan to ikki tizzasi ostigacha. Ayollarning avrati esa, yuzi, ikki kafti (va ba'zi bir rivoyatldarda ikki ayog'ining to'pig'idan pasti)dan tashqari butun badani avratdir Ushbu oyati karimalarga muvofiq erkagu ayollarga badanidagi avrat joylarini to'sadigan kiyim kiyishligi farzdir. Barcha ibodatlarni qanday amalga oshirish, qay miqdorda, qanday ko'rinishda bo'lishligini Alloh taolo Qur'oni karimda umumiy tarzda bayon etgan.
Alloh taolo A'rof surasining 26-oyatida marhamat qiladi:
“Ey Odam bolalari! Batahqiq, sizlarga avratingizni to'sadigan libos va ziynat libosini tushirdik. Taqvo libosi – ana o'sha yaxshidir. Ana o'shalar Allohning oyat(belgi)laridandir. Shoyadki, eslatma olsalar» (A'rof, 26-oyat).
Insonni hayvondan ajratib turadigan alomatlardan biri ham libosdir. Odamning avrati – aybini berkitib turishi uchun Alloh taolo unga libos ato qilgan Alloh insonning avratdan boshqa a'zolarini ham to'sish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Shu bois libosni shariatga muvofiq kiygan insongina ziynatli hisoblanadi. Ammo eng asosiy libos, asl libos taqvo libosidir. Shuning uchun ham Alloh taolo oyatda: «Taqvo libosi — ana o'sha yaxshidir», demoqda. Agar oddiy libos badanning avrat joylarini to'sib, jismni ziynatlasa, taqvo libosi ma'naviy avratlarni to'sib, inson qalbini ziynatlaydi. Agar insonning kiyim-boshi jismidagi avratlarini pinhon tutib, unga ziynat bag'ishlasa-yu, taqvo libosi yirtilib, ma'naviy avratlari ochilib tursa, bundan yomoni yo'q. Agar kimning taqvo libosi o'rnida bo'lsa, albatta, jismoniy libosi ham durust bo'ladi.
Namangan viloyati,
Kosonsoy tumani,
“Hazrati Umari Odil” jome masjidi imom-xatibi
Marupov Mansurxon
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati