Nuqtai nazar
O'zbekiston qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o'zaro tinch-totuv yashab, o'z diniy rasm-rusumlarini emin-erkin ado etib kelgan bag'rikeng diyor sifatida qadrlanadi. Mamlakatimizning ushbu yo'nalishda olib borayotgan izchil siyosati xalqimiz va jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda e'tirof etilmoqda.
Yurtimizda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi doirasida o'tkazilgan ko'p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalalarida qonun ustuvorligini ta'minlash, turli din vakillari o'rtasida o'zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo'yicha ilg'or amaliyot bilan tanishishga qaratilgan ilmiy-amaliy seminarda bunga yana bir karra guvoh bo'ldik.
“Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2018 yili qabul qilingan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi olib borayotgan izchil ishlarning bir qismi bo'lib, 2020 yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
Anjuman doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar o'rtasida samarali muloqot o'rnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilg'or xorijiy tajriba namoyish etildi. Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining e'tiqod erkinligini ta'minlash va dinlararo muloqotni mustahkamlash yo'lidagi sa'y-harakatini birlashtirish jarayonining ajralmas qismi bo'lib, davlatimizning inson huquq va erkinligi bo'yicha xalqaro majburiyatlarga qat'iy sodiqligi, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosi sifatida O'zbekistonning ayni yo'nalishda e'tirof etilgan umumiy standartlarni xalqaro miqyosda faol targ'ib etishga tayyorligi ifodasidir.
Bu mamlakatimizda shu mavzuda tashkil etilgan ikkinchi xalqaro tadbir hisoblanadi. Forum maydonchasida 2019 yilda bo'lgani kabi Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika mamlakatlari va AQShning etakchi din ulamolari, ilohiyotshunoslari, huquqshunoslari, rasmiylari to'plandi. Anjuman kun tartibi bir necha bosqichdan iborat bo'ldi. Dasturning birinchi qismiga ko'ra, Toshkentda ko'p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini ta'minlash, turli din vakillari o'rtasida o'zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo'yicha ilg'or amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar o'tkazildi.
Dasturning ikkinchi qismida xorijiy delegatsiyalar mamlakatimizdagi eng qadimiy shaharlardan biri bo'lgan Samarqandda bo'lib, bebaho madaniy merosimiz namunalari bilan tanishdi. Turli konfessiyalar diniy maskanlariga tashrif buyurib, diniy hamjamiyat vakillari bilan uchrashdi.
Anjuman Buxoro shahrida “Deklaratsiyalar muloqoti” mavzusidagi xalqaro konferentsiya bilan o'z ishini yakunladi. Tadbirda ilmiy-amaliy seminarlar sarhisob qilindi, e'tiqod erkinligi va dinlararo muloqotni ta'minlash masalasi bo'yicha fikr almashildi, kelgusi hamkorlik istiqboli belgilandi. Halqaro uchrashuvning yakunida Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni to'ldiradigan ushbu hujjat O'zbekistonning diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik g'oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qo'shgan muhim hissa bo'ldi.
Forum orqali O'zbekiston bir qator vazifalarning uddasidan chiqdi. Avvalo, davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida dinlararo bag'rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar to'g'risida xalqaro hamjamiyatga ishonchli va xolis ma'lumotni etkaza oldik. Sir emas, yurtimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohasida, jumladan, din sohasida ham sezilarli ijobiy o'zgarishlar ro'y berdi. Bundan hech kim ko'z yumolmaydi. Prezidentimiz rahbarligida din sohasini erkinlashtirish borasida izchil siyosat olib borilmoqda, aholining diniy ehtiyojlarini to'g'ri qondirish, bag'rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
O'zbekistonning diniy sohadagi siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan keng olqishlandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan diniy-ma'rifiy sohada olamshumul ishlar olib borilmoqda. Jumladan, dindorlarning “qora ro'yxati” bekor qilindi, oldin qamoqqa tashlangan ko'plab mahbuslar afv etildi, Qoraqalpog'istondagi sharoiti o'ta og'ir bo'lgan “Jasliq” qamoqxonasi yopildi. Ekstremizmda ayblangan 18 ming nafardan ziyod hamyurtlarimiz “qora ro'yxat”dan chiqarilganining o'zi ko'p narsadan dalolat beradi. Mamlakat bo'ylab birinchi marta barcha bosqichlardagi Qur'on musobaqalari o'tkazildi. Toshkentda ilk marta Qur'oni karimning xususiy nashriyotda chop etilishiga ruxsat berildi.
Bugungi kunda O'zbekistonda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2 ming 333 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 10 ta madrasa, jumladan, 2 ta ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar bilim yurti, Toshkent pravoslav diniy seminariyasi, Toshkent protestant seminariyasi kabi o'quv muassasalari mavjud.
O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy, Imom Termiziy hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgan. Viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida va tasavvuf ilmi maktablari ochilgan. Shuningdek, O'zbekiston to'liq Injil xristianlari markazi, O'zbekiston Injil xristian-baptistlar cherkovlari ittifoqi faoliyat olib bormoqda.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dinshunoslik”, “Fikh”, “Qur'on”, “Hadis” kabi yangi diniy mutaxassisliklar bo'yicha o'quv rejasi joriy etildi. Akademiyada diniy ta'lim sohasida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida “Qur'onshunoslik va hadisshunoslik”, “Islom tarixi va manbashunoslik”, “Aqida” kabi kafedralar ochildi.
Jamiyatda dinlar va millatlararo totuvlik hamda bag'rikenglikni ta'minlash bo'yicha O'zbekiston tajribasini bugun dunyo jamoatchiligi, xalqaro ekspert va mutaxasislar alohida e'tirof etmoqda.
Darhaqiqat, O'zbekiston bu sohada ko'p asrlik ijobiy tajribaga ega. Shu bilan birga, mamlakatimizda turli din tarafdorlarining diniy ehtiyojlarini qondirish uchun imkoniyatlar doimiy ravishda kengayib bormoqda. Bugungi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida dinlararo ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir vaziyatda ko'plab xorijiy ekspertlar xalqaro munosabatlarda diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlikni ta'minlashga asoslangan o'zbek modelini o'rganishga foydali va o'rnak olsa arziydigan omil sifatida qaramoqda.
Forumning yana bir ahamiyati shundaki, uning doirasida ko'p millatli jamiyatlarda diniy erkinliklar va dinlararo totuvlikni ta'minlash bo'yicha fikr almashish, xalqaro tajribani muhokama qilish imkoniyati tug'ildi. Shu o'rinda O'zbekistonda dinga munosabatidan qat'i nazar, mamlakatning har bir fuqarosi vijdon va din erkinligiga, teng huquqliligini ta'minlashga qaratilgan mukammal qonunchilik bazasi mavjudligini alohida ta'kidlash joiz. O'zbekistonning konstitutsiyaviy normalari fuqarolarning biron dinga e'tiqod qilish yoki qilmaslik huquqini kafolatlaydi. Shu bilan birga, bir din yoki mazhabning boshqalarga nisbatan har qanday ko'rinishdagi ustuvorligi yoki cheklovlarini o'rnatishga yo'l qo'yilmaydi.
Forum tufayli, yuqorida aytib o'tganimizdek, ma'rifat va bag'rikenglik madaniyati g'oyalarini targ'ib qilish, turli din tarafdorlarining milliy an'analariga hurmat hamda ularning huquqlarini ta'minlashga qaratilgan “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi. Ushbu deklaratsiya o'zaro hamjihatlikni mustahkamlash va xalqaro hamjamiyatning dunyoda diniy erkinliklarni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarini birlashtirish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Buxoro dunyoning eng qo'hna shaharlaridan biri ekanligi hammaga ma'lum. U bir necha tamaddunlar, diniy jamoalar, madaniyatlar va e'tiqod tizimlarining chorrahasida joylashgan. Buxoro, shuningdek, ming yillar davomida atoqli olimu ulamolarning vatani bo'lib kelgan. Bu erdagi madrasalar bitiruvchilari islom ilohiyoti rivojiga benazir hissa qo'shgan. Bu tabarruk zaminda islom dinining salmoqli intellektual salohiyati yaratilgan. Shuni inobatga olgan holda, forum ishtirokchilari xalqaro hamjamiyatni dunyoning barcha mintaqasida millatlararo va fuqarolar totuvligining muhim sharti sifatida dinlararo muloqotni kengaytirishga yanada ko'proq e'tibor qaratishga chaqirish maqsadida ushbu shaharda tegishli deklaratsiyani qabul qildi.
Adolat nuqtai nazaridan aytganda, O'zbekistonning nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qilishi barchamizning ko'nglimizni tog'dek ko'tardi. Axir dinga va ilmga qiziqish kuchli bo'lgan O'zbekistonda dinga nisbatan o'tmishda zug'um va qatag'onlar kam bo'ldimi?! Shunday davrlar ham bo'ldiki, din qatag'onga uchradi. Ayniqsa, sobiq Ittifoq davrida odamlarning e'tiqodi “bo'g'ib qo'yilgan”, diniy ulamolar qatag'on qilingan edi. Qatag'on avvalo, ziyolilar, din xizmatchilariga qarshi qaratilgan edi. 1937 yilning dekabr' oyida “uchlik” qarori bilan hukm qilingan 3 ming 644 kishidan 1 ming 464 nafari imom, eshon, mulla va boshqa diniy xizmatchi bo'lgan.
Hudosizlikka asoslangan tuzumning tazyiqlari o'tgan asrning 80-yillarigacha davom etdi. Umuman, o'sha yillarda ham diniy urf-odatlarni oshkora bajarish qiyin kechdi, hatto “xudojo'yman”, deyishga ham botinilmasdi. Ziyolilar masjidga borgani, janoza namozlarida qatnashgani uchun kommunistik firqadan va egallab turgan lavozimidan haydalardi.
Mustaqillik e'lon qilinib, mafkuraviy zanjirdan xalos bo'lingach, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi, respublikamizda ko'plab masjidlar qurilib, diniy tashkilotlar tuzishga ruxsat berildi.
Yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi Qonun mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha diniy konfessiyalar vakillariga birdek imkoniyat berdi. Bu bilan dinning yuksak madaniyat va ma'naviyat vositasi ekanligi, beqiyos axloqiy-tarbiyaviy qudrati, shuningdek, insonlarning kamtarlik, kamsuqumlik, halollik va poklikka undovchi qadriyatlari milliy qadriyatlar qatorida qonunan tan olindi.
O'zbekistonda dinga e'tiqod qiluvchilar barcha diniy bayramlarni erkin nishonlamoqdalar. Yildan-yilga musulmonlarning Ramazon va Qurbon hayitlari, xristianlarning Pasxa va Rojdestvo, yahudiylarning Pasxa, Purim va Hanuka bayramlari keng ko'lamda nishonlanmoqda. Bundan tashqari, har yili mamlakatimiz hukumatining har tomonlama ko'magi bilan musulmonlar Haj va Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga, xristianlar Rossiya, Gretsiyaga, yahudiylar esa Isroilga ziyoratga yuborilmoqda. Avvallari fuqarolarimiz Umra safariga borish uchun yillab navbat kutishar, turli xil boshqa yo'llar bilan borish imkoniyatlarini qidirishar edi.
Endi yurtimiz aholisi muqaddas ziyoratga bo'lgan ehtiyojlarini to'laqonli qondirish maqsadida jamoatchilik kengashi qarori asosida Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash bo'yicha (kvota) cheklovlar olib tashlandi. Ilgarigi tartibga ko'ra, Umra safariga borishi mumkin bo'lgan ziyoratchilar kvotasi har yili o'n ming kishi etib belgilangan edi.
Shuningdek, davlat tomonidan har bir konfessiya bilan o'zaro munosabatlar diniy tuyg'ularni hurmat qilish, diniy e'tiqodni fuqarolarning shaxsiy ehtiyoji sifatida e'tirof etish, dindan g'ayriqonuniy maqsadlarni amalga oshirish uchun foydalanishga yo'l qo'ymaslik, fuqarolarning har qanday dinga e'tiqod qilishi yoki hech bir dinga e'tiqod qilmasligidan qat'i nazar teng huquqliligini ta'minlash, ularni ta'qib qilishga yo'l qo'ymaslik kabi tamoyillarga asoslanishi belgilangan.
Mazkur tamoyillar asosida esa davlat turli dinlarga e'tiqod qiluvchi va ularga e'tiqod qilmaydigan fuqarolar, har xil e'tiqodlarga mansub diniy tashkilotlar o'rtasida o'zaro murosa va hurmat o'rnatilishiga ko'maklashmoqda, shuningdekyo, diniy konfessiyalar o'rtasidagi tinchlik va totuvlikni qo'llab-quvvatlamoqda.
O'zbekiston hukumatining hozirgi kunda halok bo'lgan yoki Suriyada qochqinlar lagerlarida bo'lgan o'zbek “jihodchilari”ning ayollari va farzandlarini vatanga qaytarish borasidagi ishlari ommaviy qatag'onlar qaytmasligining va inson huquqlariga qat'iy rioya etayotganining isboti hisoblanadi. Bu insonparvarlik va ramziy belgi bo'lib, murosa davri kelganini hamda avvalgi zo'ravonliklarning tugaganini anglatadi.
Mamlakatimizda diniy erkinliklar berilganini xalqaro hamjamiyat ham tan oldi. O'zbekiston diniy erkinlik bo'yicha maxsus kuzatuvdagi davlatlar safidan chiqarildi. Chunki o'tgan bir necha yil mobaynida mamlakatda fuqarolarning e'tiqod erkinligini ta'minlash bo'yicha aniq va amaliy choralar ko'rildi.
O'zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq vijdon erkinligi kafolatlangan. Bunday sharoitda bag'rikenglik, totuvlik, erkinlik haqida gapirmaslikning iloji ham yo'q. Zotan, yuksak ma'naviyat sari intilayotgan dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar oxirgi masala emas. Ularni hurmat qilish, to'g'ri talqin etish, e'tiborsiz qoldirmaslik, lekin bir vaqtning o'zida dinga yondashuv huquqiy me'yorlarini buzmaslik lozim. Bunday yondashuv ham mamlakat ichida, ham mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga yordam beradi.
Davlatimiz dinni hamisha ijtimoiy madaniyatning ajralmas va muhim bo'lagi sifatida qabul qilgan. Din xalq ma'naviyatini oziqlantiruvchi chashmadir. Har kim xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Mazkur norma O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida ham aks etgan. Umuman olganda, diniy e'tiqod erkinligi gumanistik madaniyatning eng buyuk yutug'i hisoblanadi. Bu tushuncha inson dindan mutlaqo yuz o'girishi mumkinligini anglatmaydi. Hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqini biz “vijdon erkinligi” tushunchasi bilan ifodalaymiz. Hozir u barcha dunyoviy davlatlar, jumladan, O'zbekistonda ham amalda. Biroq vijdon erkinligi niqobi ostida terroristik yoki ekstremistik qarashlarni targ'ib qilish hamisha qattiq qoralangan. Darvoqe, 2018 yilda yurtimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonun qabul qilinganini eslatmoqchiman. Hujjatda “ekstremizm”, “terrorizm”, “radikalizm” tushunchalariga ta'rif berilgan. Bu juda muhim. Sababi ularni farqlamaslik yoki turlicha talqin qilish global illatlarga qarshi kurashishni qiyinlashtiradi.
Biz azaldan bag'rikeng xalqmiz. Tarixga nazar tashlang: qadimda Hitoy, Hindiston, Yevropa, Erondan keluvchi savdo karvonlari Buyuk ipak yo'li orqali yurtimiz hududini kechib o'tgan. O'sha vaqtda karvonsaroylarimiz haqiqiy bag'rikenglik o'choqlariga aylangandi. Hozir ham O'zbekistonda o'nlab millat va elat vakillari bahamjihat yashamoqda. Boshqa mamlakatlardagi o'zbek diasporalari bilan aloqalar mustahkamlanyapti. Horijdagi vatandoshlarimiz ishtirokida turli xalqaro anjuman va simpoziumlar tashkil qilinmoqda. Oxirgi yillarda islom mamlakatlari bilan hamkorlikka ham alohida e'tibor qaratildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining ma'rifiy islomni tiklash va targ'ib etish, bu bo'yicha bebaho ilmiy asarlar yaratgan buyuk mutafakkir bobolarimiz merosini o'rganish hamda ommalashtirishga doir tashabbuslari xalqaro jamoatchilik tomonidan qizg'in kutib olingani behad quvonarli hol. Ma'rifiy islom bo'yicha O'zbekiston dunyoga ibrat bo'lmoqda.
Shu asosda jamiyatimizda diniy bag'rikenglik ham chuqur qaror topgan. O'tgan qisqa davr ichida jamiyatimizning bosh mezoni — ma'naviyat hamda muqaddas dinimizning insonparvarlik g'oyalarini targ'ib etish, “jaholatga qarshi — ma'rifat” tamoyili asosida beqiyos o'zgarishlar bo'ldi. Bu ijobiy o'zgarishlar barcha jabhada, jumladan, dinimiz sohasida ham imkoniyatlarning tojiga aylandi. Halqimizning boy diniy-ma'naviy merosini chuqur o'rganish va dunyoga targ'ib etish, yosh avlodni milliy hamda umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, yoshlarimizning yot oqimlar ta'siriga tushishining oldini olish, ularni ilm-fanga rag'batlantirish, yuksak axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalash bundan keyin ham izchillik bilan olib borilishi bizni taraqqiyotga eltadi.
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari.
Muqaddas Qurbon hayitini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar davomida Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Mirzo G‘olib” jome masjidi imom-xatibi Isaxon Begmatov, Samarqand viloyati Urgut tumani bosh imom-xatibi, “Mulla Shodi bobo” jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ani Hasanov hamda Toshkent shahridagi “Jobir ibn Abdulloh” jome masjidi imom-xatibi Mirza Alixonovdan iborat delegatsiya Koreya musulmonlari federatsiyasi raisi Husayn Kim Don Yok bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar Janubiy Koreyadagi musulmon jamoasining bugungi holati, dinlararo muloqotni rivojlantirish masalalari hamda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Diniy-ma’rifiy ishlar, dinlararo o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, madaniy o‘ziga xoslikni saqlash va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va muntazam aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Tashrif doirasida Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun ma’rifiy suhbat uyushtirildi. Tadbir davomida ma’naviy-axloqiy tarbiya, o‘zbek diasporasi hamjihatligini mustahkamlash, an’anaviy oilaviy qadriyatlar hamda o‘zaro hurmat madaniyatini asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya jamoaviy namoz o‘qidi, ishtirokchilarga tinchlik-farovonlik, iymonni mustahkamlash, xorijda yashash sharoitida milliy va diniy an’analarni saqlashga oid pand-nasihatlar berib, ezgu tilaklar bildirdi.
Tashkil etilgan “Ehson” xayriya tadbirida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari hamda ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini yuritayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Aksiyaning asosiy maqsadi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, o‘zaro yordam va birdamlik an’analarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Xayriya dasturxoniga 100 nafardan ortiq yurtdosh taklif etildi, 50 ta ehtiyojmand oilaga bayram sovg‘alari ulashildi.
Isaxon Begmatov Qurbon hayitining ma’naviy ahamiyati, xayriya, birdamlik va o‘zaro ko‘makning, shuningdek, Vatandan yiroqda milliy va diniy an’analarni asrashning muhimligi haqida so‘z yuritdi.
Shu kabi ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston fuqarolari ko‘plab istiqomat qiladigan Kyonsan, Kimxe, Chunchon, Kvanju, Mokpo, Kunsan va Tejon shaharlarida ham o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati