Bu dunyoda inson yashar ekan doimo yuzi yorug' bo'lishiga intiladi. Ayniqsa, insonning yuzi qiyomat kuni Allohning huzurida yorug' bo'lishi juda ham muhim. Mo'min-musulmon har doim duosida “Ey Alloh, ikki dunyoda yuzimni yorug' qil” deb duo qiladi va shunga muvofiq harakat qiladi.
Insonning dinda bid'at ishlarni qilishi uni zalolatga etaklaydi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Sizlar mening va to'g'ri yo'lda yuruvchi, hidoyat topgan xulafolarimning yo'lini tutib, uni oziq tishlaringiz bilan tishlagandek mahkam ushlanglar. Dinga yangiliklar kiritishdan saqlaninglar, albatta, har qanday bid'at – zalolatdir" – deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Islom dinida tafriqalarni yuzaga keltirish, turli xil oqimlarga bo'linish, tarafkashlik qilish kabi ishlar zalolatga olib boruvchi bid'atlardir.
Zalolat esa qiyomat kuni insonning yuzini qora bo'lishiga sababchi bo'ladi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ba'zi yuzlar yorug' va ba'zi yuzlar qorayadigan Kun (qiyomat)ni eslang..." (Oli Imron surasi, 106-oyat), degan oyatni: "Ahli sunna val-jamoat"ning yuzi yorug' bo'ladi, ahli bid'at va zalolatning yuzi qorayadi" - deb tafsir qilganlar (Imom Molik, Imom Daylamiy rivoyati).
Alloh taolo barchamizni turli xil zalolatlardan asrab, O'zining haq yo'lida bardavom qilsin!
R. Akbarov,
Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilayotgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjuman boshlanishi arafasida.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda ushbu zal anjumanni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratilgan holda to‘liq shay holatga keltirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati