Abu Ja'far Tahoviy rahmatullohi alayhning Aqidatut Tahoviya va Abu Hafs Nasafiy rahmatullohi alayhning Aqoidun Nasafiya asarlari o'rtasida farqli qarashlar bormi? Agar bor bo'lsa ular qaysi masalalar? Bu asarlarning qaysi biri foydaliroq? degan savollar uchrayotgani bois, bu savollarga yozma ravishda batafsil javob berish ma'qul ko'rildi.
Aqidatut Tahoviya asari “Ahli sunna aqidasi bayoni”, “Sunnat va jamoat bayoni” va “Aqida” nomlari bilan mashhur bo'lgan bo'lsa, Aqoidun Nasafiya matni faqat “Aqoid” va “Aqoidun Nasafiya” nomlari bilan tanilgan.
Avvalo bu ikkala matn ham Ahli sunna val jamoa e'tiqodini bayon qiluvchi, asl ma'nolari bir bo'lgan, eng mashhur, eng mo''tabar matnlar hisoblanishini ta'kidlash lozim. Bu ikki matn boshqa-boshqa davrlarda va boshqa-boshqa yurtlarda yozilgan. Aqidatut Tahoviya milodiy 900 yillar atrofida Misrda yozilgan bo'lsa, Aqoidun Nasafiya esa ikki yuz yildan ortiq vaqtdan so'ng, ya'ni milodiy 1100 yillardan keyin Movarounnahrda yozilgan. Shunga ko'ra aqida masalalarini bayon qilishda ular o'rtasida ayrim farqlar bo'lishi tabiiydir. Ular o'rtasidagi ayrim juz'iy farqlar esa quyidagilardan iborat:
Ikkala matn o'rtasidagi farqlar asosan shulardan iboratdir. Agar mazkur farqlar mulohaza qilib ko'rilsa, har bir davrda bo'lgani singari, ushbu matnlarda ham o'z davrlarida muhim bo'lgan masalalarga e'tibor qaratilgani oydinlashadi. Shu sababli ularning birida boshqasiga qaraganda ayrim masalalarga ko'proq urg'u berilgani, aslo va aslo bir-biriga zid emasligi balki bir-birini to'ldirishi aniq-ravshan bo'ladi.
Shu o'rinda Aqidatut Tahoviyani mo''tabar sanab, Aqoidun Nasafiyani mo''tabar hisoblamaydigan ayrim kimsalarning bu xato tushunchalari haqida ham ikki og'iz gapirib o'tish maqsadga muvofiq bo'ladi.
Aqidatut Tahoviyani madh qilib, Aqoidun Nasafiyani mo''tabar sanamaydigan kimsalarni umumiy ikki toifaga ajratish mumkin:
Mana shu ikkinchi toifaga mansub kimsalar Aqoidun Nasafiyani salafi solihlarning aqidalariga zid ta'limotlari bo'lgan, aslida oddiy bo'lgan e'tiqodni chigallashtirib musulmonlarning boshlarini og'ritadigan bid'atlari bor asar deb qaraydilar.
Lekin bunday kimsalarning ba'zi qarashlari aslida Aqidatut Tahoviyaga ham to'g'ri kelmaydi. Ya'ni ularning ayrim qarashlarini Aqoidun Nasafiya singari Aqidatut Tahoviyaning o'zi ham rad qiladi. Masalan, “Alloh taoloni osmonda deb e'tiqod qilish, yoki U zotga qadim so'zini ishlatish joiz emas deb bilish mazkur toifalarning eng mashhur da'volaridan bo'lsa, ularning bu qarashlari Aqidatut Tahoviyaga ham zid hisoblanadi. Ya'ni Aqidatut Tahoviyada: “Boshqa yaralmishlar singari Uni olti taraf ihota qilib turmaydi”, deyilgan bo'lsa, Aqoidun Nasafiyada: “U zot biror makonda o'rin olmaydi”, deyilgan.
Aqidatut Tahoviyada: “U zot ibtidosiz qadimdir” deyilgan bo'lsa, Aqoidun Nasafiyada: “Olamning yaratuvchisi Alloh taolo yagona, qadimdir” deyilgan.
Aqidatut Tahoviya asari moturidiylarda ham, ash'ariylarda ham bir xil e'tirof etiladigan mo''tabar matnlardan ekani soha mutaxassislariga sir emas. Ikkala mazhab ulamolarining ham bu matnga sharh yozganlari buning yaqqol isbotidir. Aqidatut Tahoviya asariga ellikta atrofida sharh yozilgan bo'lsa, Aqoidun Nasafiyaning o'ndan ortiq sharhlari bor. Bu sharhlarning ayrimlari ash'ariya mazhabi ulamolari tomonidan yozilgan. Shuning o'zi ham ushbu matnning naqadar mo''tabarligiga yana bir dalildir deyish mumkin.
Shu o'rinda: “Ho'p, Aqidatut Tahoviyani ham, Aqoidun Nasafiyani ham mo''tabar deb bilamiz, lekin qaysi birini afzalroq deb bilishimiz kerak”? degan savol paydo bo'ladigan bo'lsa, javob quyidagicha bo'ladi: iste'mol qilinadigan dorining afzalligi kishining yoshi va vazniga ko'ra farqli bo'lganidek, kishilarning ilmiy salohiyatlariga ko'ra bu matnlarning afzalligi ham farqli bo'ladi.
Hulosa sifatida aytish mumkinki, Aqidatut Tahoviyada Ahli sunna val jamoaning musulmonlar ichidagi adashgan oqimlardan va islomga nisbat berilgan firqalardan farqli bo'lgan e'tiqodiy qarashlari jamlangan. Aqoidun Nasafiyada esa Ahli sunna val jamoaning, xossatan moturidiylarning e'tiqodiy qarashlari nima sababli to'g'ri ekani hamda nomusulmonlar va adashgan oqimlarning e'tiqodlari nima uchun noto'g'ri ekani haqidagi naqliy va aqliy dalillarning xulosalari jamlangan.
Shu ma'noda omma musulmonlarga to'g'ri e'tiqodni oson tushunishlari uchun Aqidatut Tahoviya matnini o'rganishlari tavsiya etilsa, soha mutaxassislariga Aqidatut Tahoviya matni asosida Aqoidun Nasafiyani chuqur o'rganish tavsiya qilinadi…
Alloh taologa hamdu sanolar, payg'ambarimiz Muhammad mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo'lsin!
Abdulqodir Abdur Rahim,
Toshkent islom instituti Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o'qituvchisi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati