Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Tahoviya va Nasafiya matnlari o'rtasida qanday farqlar bor?

26.05.2022   1849   12 min.
Tahoviya va Nasafiya matnlari o'rtasida qanday farqlar bor?

Abu Ja'far Tahoviy rahmatullohi alayhning Aqidatut Tahoviya va Abu Hafs Nasafiy rahmatullohi alayhning Aqoidun Nasafiya asarlari o'rtasida farqli qarashlar bormi? Agar bor bo'lsa ular qaysi masalalar? Bu asarlarning qaysi biri foydaliroq? degan savollar uchrayotgani bois, bu savollarga yozma ravishda batafsil javob berish ma'qul ko'rildi.

Aqidatut Tahoviya asari “Ahli sunna aqidasi bayoni”, “Sunnat va jamoat bayoni” va “Aqida” nomlari bilan mashhur bo'lgan bo'lsa, Aqoidun Nasafiya matni faqat “Aqoid” va “Aqoidun Nasafiya” nomlari bilan tanilgan.

Avvalo bu ikkala matn ham Ahli sunna val jamoa e'tiqodini bayon qiluvchi, asl ma'nolari bir bo'lgan, eng mashhur, eng mo''tabar matnlar hisoblanishini ta'kidlash lozim. Bu ikki matn boshqa-boshqa davrlarda va boshqa-boshqa yurtlarda yozilgan. Aqidatut Tahoviya milodiy 900 yillar atrofida Misrda yozilgan bo'lsa, Aqoidun Nasafiya esa ikki yuz yildan ortiq vaqtdan so'ng, ya'ni  milodiy 1100 yillardan keyin Movarounnahrda yozilgan. Shunga ko'ra aqida masalalarini bayon qilishda ular o'rtasida ayrim  farqlar bo'lishi tabiiydir. Ular o'rtasidagi ayrim juz'iy farqlar esa quyidagilardan iborat:

  1. Aqidatut Tahoviyada musulmonlar o'rtasidagi aqidaviy ixtiloflarda millat faqihlarining aqidaviy qarashlari qanday bo'lgani jamlangan. Aqoidun Nasafiyada esa mavzu kengroq olingan, ya'ni musulmonlarning nomusulmonlardan farqli aqidaviy qarashlarini ham, faqat moturidiylarga xos bo'lgan e'tiqodiy qarashlarni ham jamlashga e'tibor qaratilgan;
  2. Aqidatut Tahoviya tavhid mavzusi bilan boshlangan, Aqoidun Nasafiya esa ilm vositalari mavzusi bilan boshlangan;
  3. Aqidatut Tahoviyada oqil bandalarning bilish vositalari, ya'ni qat'iy aqidalar ularda qaysi yo'llar bilan hosil bo'lishi mavzusi bayon qilinmagan, Aqoidun Nasafiyada esa bu mavzu batafsil bayon qilingan;
  4. Aqidatut Tahoviyada olam va uning nimadan iborat ekani mavzusiga kirishilmagan, Aqoidun Nasafiyada esa bu mavzu alohida bayon qilingan;
  5. Ko'plab o'rinlarda ikkala matnda bir xil ma'no farqli iboralar bilan ifodalangan. Masalan, Aqidatut Tahoviyada Alloh taoloning sifatlari yaralmishlardan oldin ham bor bo'lgan azaliy sifatlar ekani, yaralmishlar vujudga kelishlari sababli U zotda oldin bo'lmagan biror sifati ziyoda bo'lmagani aytilgan, Aqoidun Nasafiyada esa olamning o'zi uning yaratuvchisi komil sifatlar sohibi ekaniga, nuqsonli sifatlardan xoli ekaniga dalolat qilishi ifodalangan;
  6. Aqidatut Tahoviyada Alloh taoloning zamon va makondan xoli ekani ochiq lafz bilan aytilmagan, balki olti taraf Uni ihota qila olmasligi va mutlaq behojat ekani aytilgan,  Aqoidun Nasafiyada esa “U zot biror makonda o'rin olmaydi, Unga biror zamon joriy bo'lmaydi”, deya ochiq lafz bilan aytilgan;
  7. Aqidatut Tahoviyada Alloh taoloning sifatlari Qur'oni karim va hadisi shariflarning lafzlariga muvofiq ravishda batafsil bayon qilingan, Aqoidun Nasafiyada esa mazkur lafzlardan tushuniladigan va e'tiqod qilinadigan ma'nolar umumiy tarzda bayon qilingan;
  8. Alloh taoloning sifatlari zotining ayni ham, Undan boshqa ham emasligi masalasiga Aqidatut Tahoviyada to'xtalinmagan, Aqoidun Nasafiyada esa bu masala ochiq bayon qilingan;
  9. Aqidatut Tahoviyada takviyn sifati umumiy tarzda batafsil vasf qilingan,  Aqoidun Nasafiyada esa bu sifat to'g'risidagi ixtiloflarda  moturidiylarning qarashlari qanday ekani bayon qilingan;
  10. Aqidatut Tahoviyada barcha yaralmishlarning ajallarini Alloh taolo belgilab qo'ygani aytilgan, Aqoidun Nasafiyada esa qatl etilgan shaxs ham ajali bilan o'lgan bo'lishi, o'limning haqiqati nima ekani va ajalni bitta deb e'tiqod qilish masalalari ham aytilgan;
  11. Aqidatut Tahoviyada Alloh taoloning mutlaq rizq beruvchi ekani aytilgan, Aqoidun Nasafiyada esa harom ham rizq hisoblanishi, barcha o'zining rizqini halol bo'lsin yo harom bo'lsin albatta to'la-to'kis olishi bayon qilingan;
  12. Aqidatut Tahoviyada “aslah” masalasi ochiq bayon qilinmagan, Aqoidun Nasafiyada esa bu masala ochiq bayon qilingan;
  13. Aqidatut Tahoviyada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg'ambarlik sifatlari batafsil bayon qilingan, Aqoidun Nasafiyada esa u zot alayhissalomning payg'ambarlarning so'ngisi va eng afzali ekanliklarini aytish bilan kifoyalanilgan;
  14. Aqidatut Tahoviyada payg'ambarlarning adadi haqida qanday e'tiqodda bo'lish bayon qilinmagan, Aqoidun Nasafiyada esa ularni ma'lum bir adadga cheklash durust emasligi aytilgan;
  15. Aqidatut Tahoviyada Alloh taoloni jannatda ko'rish haqligi naqliy dalillar bilan sobit ekani aytilgan, Aqoidun Nasafiyada esa Alloh taoloni jannatda ko'rish aql hukmida joiz, naql hukmida vojib ekani aytilgan;
  16. Aqidatut Tahoviyada Qur'on naqliy dalillar asosida ta'riflangan, Aqoidun Nasafiyada esa aqliy dalillar asosida ta'riflangan;
  17. Aqidatut Tahoviyada (ya'ni ko'plab nusxalarida) “takviyn” sifati masalasi aynan shu nom bilan kelmagan. Aqoidun Nasafiyada esa aynan shu nom bilan bayon qilingan;
  18. Aqidatut Tahoviyada ma'dumga (nomavjudga) “shay” so'zi ishlatish to'g'ri emasligi masalasi kelmagan, Aqoidun Nasafiyada esa bu masala ochiq bayon qilingan;
  19. Ijtihodiy masalalarda ham Alloh taoloning muayyan hukmi bormi yoki bunday masalalarda mujtahidning to'g'ri deb topgani Allohning hukmi hisoblanadimi? Ushbu masala Aqidatut Tahoviyada bayon qilinmagan,  Aqoidun Nasafiyada esa moturidiylarning bu masalaga tegishli e'tiqodlari ochiq bayon qilingan;
  20. Aqidatut Tahoviyada bashariyat payg'ambarlari afzal sanalishi yoki farishtalarning payg'ambarlari afzal sanalishi masalasi aytilmagan, Aqoidun Nasafiyada esa bu masala to'g'risida moturidiylarning e'tiqodlari ochiq bayon qilingan;
  21. Aqidatut Tahoviyada sahobalar, tobeinlar va ulardan keyingi ulamolar faqat yaxshilik bilan tilga olinishi lozimligi aytilgan, Aqoidun Nasafiyada esa bu masala ochiq aytilmagan;
  22. Aqidatut Tahoviyada bitta payg'ambar hamma valiylardan afzal hisoblanishi ochiq aytilgan, Aqoidun Nasafiyada esa valiy payg'ambarining payg'ambarligiga iqror bo'lish bilangina valiy bo'la olishi aytilgan;
  23. Aqidatut Tahoviyada erda ham osmonda ham Allohning dini yagona Islom ekani bayon qilingan, Aqoidun Nasafiyada esa bu masalaga to'xtalinmagan;
  24. Aqidatut Tahoviyada mushabbiha, mo''tazila, jahmiya, jabriya va qadariya firqalarining nomlari va adashganliklari aytilib, ularning yo'llaridan panoh so'ralgan Aqoidun Nasafiyada bu firqalarning birortasining nomlari keltirilmagan;
  25. Aqidatut Tahoviyada bir yuz o'ttizdan ortiq e'tiqodiy masala bayon qilingan, Aqoidun Nasafiyada saksondan ortiq e'tiqodiy masala bayon qilingan.

Ikkala matn o'rtasidagi farqlar asosan shulardan iboratdir. Agar  mazkur farqlar mulohaza qilib ko'rilsa, har bir davrda bo'lgani singari, ushbu matnlarda ham o'z davrlarida muhim bo'lgan masalalarga e'tibor qaratilgani oydinlashadi. Shu sababli ularning birida boshqasiga qaraganda ayrim masalalarga ko'proq urg'u berilgani, aslo va aslo bir-biriga zid emasligi balki bir-birini to'ldirishi aniq-ravshan bo'ladi.

Shu o'rinda Aqidatut Tahoviyani mo''tabar sanab, Aqoidun Nasafiyani mo''tabar hisoblamaydigan ayrim kimsalarning bu xato tushunchalari haqida ham ikki og'iz gapirib o'tish maqsadga muvofiq bo'ladi.

Aqidatut Tahoviyani madh qilib, Aqoidun Nasafiyani mo''tabar sanamaydigan kimsalarni umumiy ikki toifaga ajratish mumkin:

  1. Aqoidun Nasafiyni tushuna olmaganlar yoki uni tushunish darajasida bo'lmaganlar;
  2. E'tiqodlari salafi solihlarning e'tiqodlariga muvofiq bo'lmasa ham, e'tiqodimiz salafi solihlarning e'tiqodlariga muvofiq deb da'vo qiluvchilar va bu da'volariga boshqalarni ham ishontirish yo'lida Aqidatut Tahoviyadan qalqon sifatida foydalanishga urinadigan kimsalar.

Mana shu ikkinchi toifaga mansub kimsalar Aqoidun Nasafiyani salafi solihlarning aqidalariga zid ta'limotlari bo'lgan, aslida oddiy bo'lgan e'tiqodni chigallashtirib musulmonlarning boshlarini og'ritadigan bid'atlari bor asar deb qaraydilar.

 Lekin bunday kimsalarning ba'zi qarashlari aslida Aqidatut Tahoviyaga ham to'g'ri kelmaydi. Ya'ni ularning ayrim qarashlarini Aqoidun Nasafiya singari Aqidatut Tahoviyaning o'zi ham rad qiladi. Masalan, “Alloh taoloni osmonda deb e'tiqod qilish, yoki U zotga qadim so'zini ishlatish joiz emas deb bilish mazkur toifalarning eng mashhur da'volaridan bo'lsa, ularning bu qarashlari Aqidatut Tahoviyaga ham zid hisoblanadi. Ya'ni Aqidatut Tahoviyada: “Boshqa yaralmishlar singari Uni olti taraf ihota qilib turmaydi”, deyilgan bo'lsa, Aqoidun Nasafiyada: “U zot biror makonda o'rin olmaydi”, deyilgan.

Aqidatut Tahoviyada: “U zot ibtidosiz qadimdir” deyilgan bo'lsa, Aqoidun Nasafiyada: “Olamning yaratuvchisi Alloh taolo yagona, qadimdir” deyilgan.

Aqidatut Tahoviya asari moturidiylarda ham, ash'ariylarda ham bir xil e'tirof etiladigan mo''tabar matnlardan ekani soha mutaxassislariga sir emas. Ikkala mazhab ulamolarining ham bu matnga sharh yozganlari buning yaqqol isbotidir. Aqidatut Tahoviya asariga ellikta atrofida sharh yozilgan bo'lsa, Aqoidun Nasafiyaning o'ndan ortiq sharhlari bor. Bu sharhlarning ayrimlari ash'ariya mazhabi ulamolari tomonidan yozilgan. Shuning o'zi ham ushbu matnning naqadar mo''tabarligiga yana bir dalildir deyish mumkin.

Shu o'rinda: “Ho'p, Aqidatut Tahoviyani ham, Aqoidun Nasafiyani ham mo''tabar deb bilamiz, lekin qaysi birini afzalroq deb bilishimiz kerak”? degan savol paydo bo'ladigan bo'lsa, javob quyidagicha bo'ladi: iste'mol qilinadigan dorining afzalligi kishining yoshi va vazniga ko'ra farqli bo'lganidek, kishilarning ilmiy salohiyatlariga ko'ra bu matnlarning afzalligi ham farqli bo'ladi.

Hulosa sifatida aytish mumkinki, Aqidatut Tahoviyada Ahli sunna val jamoaning musulmonlar ichidagi adashgan oqimlardan va islomga nisbat berilgan firqalardan farqli bo'lgan e'tiqodiy qarashlari jamlangan. Aqoidun Nasafiyada esa Ahli sunna val jamoaning, xossatan moturidiylarning e'tiqodiy qarashlari nima sababli to'g'ri ekani hamda nomusulmonlar va adashgan oqimlarning e'tiqodlari nima uchun noto'g'ri ekani haqidagi naqliy va aqliy dalillarning xulosalari jamlangan.

Shu ma'noda omma musulmonlarga to'g'ri e'tiqodni oson tushunishlari uchun Aqidatut Tahoviya matnini o'rganishlari tavsiya etilsa, soha mutaxassislariga Aqidatut Tahoviya matni asosida Aqoidun Nasafiyani chuqur o'rganish tavsiya qilinadi…

Alloh taologa hamdu sanolar, payg'ambarimiz Muhammad mustafoga  hamda u  zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo'lsin!

Abdulqodir Abdur Rahim,

Toshkent islom instituti Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o'qituvchisi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   10116   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar