Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Muammoning nozik nuqtasi

25.05.2022   1437   6 min.
Muammoning nozik nuqtasi

Shunday illat borki, u qotillik, zino, o'g'irlik kabi razilliklarning kalitidir. U na din biladi, na millat. Har qanday jamiyatni emirib, erkagu ayol, yoshu qarini birdek domiga tortib, ikki dunyosini kuydiradi. Uning kasriga bolalar etimu majruh, oilalar parokanda, farzandlar oqpadar, yoshlar bevaqt hayotdan ko'z yumadi. Unga asr vabosi deya ta'rif berilishi ham bejiz emas. 

Birlashgan millatlar tashkilotining ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi yillarda giyohvand moddalar iste'mol qiluvchilar soni tobora ortmoqda. Hususan, o'tgan yili dunyo bo'ylab 15-64 yoshgacha bo'lgan aholining qariyb 5,5 foizi  ilk bor giyohvand modda iste'mol qilgan bo'lsa, 36 yarim million kishi  giyohvandlikka mubtalo bo'lgan. 2030 yilga borib, dunyo bo'yicha zaqqum iste'molchilari 11 foizga oshishi taxmin qilinmoqda. Afsuski, bu borada respublikamizda ham holat qoniqarli emas.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar filiali ma'lumotlariga ko'ra, giyohvand modda iste'mol qiluvchilar 2019 yilda salkam uch  2020 yilda esa to'rt foizga yaqinlashgan. Raqamlarning bunday o'sishi tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo'lgan dori vositalarining ham sezilarli ulushi bor. Afsuski, keyingi paytda bu dori vositalariga ruju qo'yish holatlari ham borgan sari ko'paymoqda. 

Achinarlisi, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etmoqda. Boisi, ularning qiziquvchan, yangilikka o'ch va irodasizligidir. Bu esa zahri qotil ta'siriga tushish uchun etarli omil bo'lmoqda.

 Agar biror kashandadan chekishni qachon boshlaganini so'rasangiz aksariyati yoshligida qiziqib tamaki chekkanini, keyin bunga o'rganib qolganini ta'kidlaydi. Giyohvandlik ham ana shu oddiy qiziqishdan boshlanib keyinchalik yomon oqibatlar bilan yakunlanadi. Buni bila turib amal qilmaydiganlar oramizda topiladi. Buning hayotiy misollarini yon-atrofimizda, ayrim mahallayu qishloqlarda  uchratish mumkin.

Yaqinda mahallamiz maktabi yonidan o'tarkanman, bir burchakda yashirincha tamaki tutayotgan o'smirlarga ko'zim tushib, maktab chog'larim yodimga keldi...

Sinfimizda ham uch-to'rt nafar sigareta chekuvchi bolalar bo'lardi. Ularning yoshlikdagi qiziqishi yillar o'tib odatga, keyinchalik illatga aylandi. Ya'ni yashirincha sigareta chekkan, aroqqa mehr qo'ygan yigitlar yillar o'tib o'tkir ta'sir qiluvchi moddalarni tatib ko'rishdi. Natijada taqdir yo'llarida ko'p bor adashdi, yiqildi, na oila, na vatan qildi. Dunyodan hech vaqo ko'rmay o'tib ketganlari ham bor. 

Albatta, hech kim farzandini giyohvand bo'lishini istamaydi. Biroq bunga ruju qo'yayotganlar qayerdan paydo bo'lyapti? 

Buning sabablari  o'rganilganda, avvalo, insonlarning ruhiyatidagi salbiy kechinmalar va genetik moyilliklar omil bo'layotgani aniqlangan. Hususan, muammolar va qiyinchilikdan qochish, farzandga bee'tiborlik, bolani haddan ortiq erkalash, ichki kechinmalar, qiziquvchanlik, o'z hayotidan qoniqmaslik, turli nizolar, yolg'izlik kabi omillar giyohvandlikka turtki berarkan. Shu bilan birga, bu illat bolaga ota-onadan qon orqali o'tishi ham tadqiqotchilar tomonidan isbotlangan. E'tiborlisi, mazkur sabablarning aksari ota-ona va oilaviy muhitga borib taqaladi.

Demak, muammoning nozik nuqtasi oiladir. Giyohvandlik illatining oldini olish uchun oilalarni, ota-onalarni isloh qilish shart. Ularni isloh qilishning birdan-bir yo'li islomdir. Muqaddas dinimiz kishini odob-axloqqa, halollikka chaqiradi, xaromdan tiyiltiradi. Eng asosiysi, farzandni barkamol bo'lib voyaga etishiga, turli illatlardan xoli bo'lishiga asos bo'ladi. Ayniqsa, inson sog'lig'iga salbiy ta'sir etuvchi eguligu ichimliklar iste'mol qilishni man etadi.

Bu borada Qur'on karimda bunday deyiladi: “Ey odamlar, erdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi 168-oyat) deyilgan.

Shuningdek, Moida surasida: «Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko'rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to'sishni xohlaydi» (91-oyat) deya marhamat qilinadi. Oyati karimada xamr, ya'ni mast qiluvchi narsalar bilan yomonliklar, shaytoniy qilmishlar ortishi ta'kidlanmoqda. Shu bois turli jirkanch jinoyat ishlariga nazar tashlasangiz, ko'pincha uni giyohvand modda ta'sirida amalga oshirilganining guvohi bo'lasiz. Demak, zaqqum iste'mol qilish butkul shayton izmiga bo'ysunish va ikki dunyoni kuydirish bilan barobardir.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Ummu Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam har bir mast qiluvchi va bo'shashtiruvchidan qaytardilar» (Imom Abu Dovud rivoyati) deyilgan.

Demak, inson salomatligiga salbiy ta'sir etuvchi har qanday eguligu ichimlikdan tiyilmoq kerak. Afsuski, sarxush qiluvchi narsalarni bir tatib ko'rgan kishi nafsini boshqara olmay, yana iste'mol qilgisi keladi. O'zida unga qarshi kuch, iroda topa olmaydi. Unga qaram bo'lmaslikning eng yaxshi yo'li esa umuman og'izga olmaslikdir. Buning uchun esa farzandarimizni imon-e'tiqodli qilib tarbiyalash, xarom-halolni chuqurroq anglatish kerak. Shundagina ular nomaqul ishlarga ham qo'l urmaydilar.

Bir so'z bilan aytganda, dinimiz ko'rsatmalariga amal qilib yashasak, nafaqat o'zimizni balki farzandlarimizni ham turli balolaru zahri qotillardan asragan bo'lamiz. Eng asosiysi, zurriyotlarimiz jinoyatchi, giyohvandlar emas, balki orqamizdan duo qilguvchi solih insonlar bo'lishi tayin.

Bobur MUHAMMADIYeV

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni butunlay o‘zgartirdi" — Ilhom Aliyev

24.08.2026   19655   2 min.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.

U Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelgan davrdagi vaziyat bilan bugungi holat o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi.
 

"Shavkat Miromonovich O‘zbekistonga rahbarlik qilishni boshlaganida vaziyat butunlay boshqacha edi. Buni O‘zbekiston fuqarolari ham, biz ham juda yaxshi bilamiz. Shu sababli u mamlakatni rivojlanish yo‘liga qo‘yish hamda davlatning iqtisodiy jihatlarini noldan shakllantirish uchun katta kuch bilan ishlashiga to‘g‘ri keldi", — dedi Ilhom Aliyev.



Ozarbayjon rahbari sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtaldi.
 

"Bugun biz butunlay boshqacha O‘zbekistonni ko‘rib turibmiz — jahon hamjamiyatining juda hurmatga sazovor a’zosiga aylangan O‘zbekistonni. Sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar juda tezkor va samarali hal etilmoqda", — dedi u.



Ilhom Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar va islohotlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari uchun ham muhim zamin yaratgan.
 

"Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi tomonidan O‘zbekiston uchun qilingan ishlar va bu islohotlar bo‘lmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasdi", — dedi Ozarbayjon Prezidenti.


Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelguniga qadar ikki mamlakat o‘rtasida birorta ham qo‘shma loyiha bo‘lmaganini ta’kidladi.

Ayni paytda tomonlar o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ilhom Aliyev bu ko‘rsatkichni uzoq muddatli orzu emas, balki yaqin ikki yilda amalga oshadigan natija sifatida baholadi.
 

"Bugun biz 1 milliardlik tovar aylanmasi haqida gaplashyapmiz. Bu qandaydir uzoq muddatli orzu emas, yaqin ikki yilda amalga oshadigan ishdir", — dedi u.



Ozarbayjon rahbari ikki tomon iqtisodiyoti ehtiyoj sezayotgan sohalardagi investitsiya loyihalari va o‘zaro sarmoyalar ham muhokama qilinganini qayd etib, bunday hamkorlik ikki davlatning parallel ravishda rivojlanishi natijasida yuzaga kelganini qayd etdi.

 

VIDEO