Bu to'rt mazhabning boqiy qolishiga quyidagi omillar sabab bo'lgan:
1. Ularning to'g'ri aqiyda usullaridagi mukammal ittifoqlari. Ular Ahli sunnaning haqiqiy imomlaridir.
2. Ularning hayot tarzlari bir-birlariga yaqinligi va boshqalarining mazhabidan istifoda olishga hamda ko'plab masalalarda o'zgalarning fikri bilan o'rtoqlashishga bo'lgan ehtiyoj sababli bir-birlari bilan uchrashishlari.
3. Ularning aksariyat shariat masalalarida bino bo'lgan usulga ittifoq qilishlari. Shariat usullari: Qur'oni Karim, Sunnat, ijmo' va qiyosdir. Ularning o'rtasida keyinchalik sodir bo'lgan ixtiloflarga sabab, ba'zilarining nazdida masolihi mursala bo'lgan
narsa boshqalarinig nazdida istishob, yana boshqalarining nazdida esa istihson" bo'lganidir. Bu haqiqiy ixtilof deyishga arzimaydigan narsalardir.
4. Mazhab imomlarining o'rtalarida o'zaro kelish. movchilik hamda hasadga yo'l qo'ymaydigan narsalardan yana biri, bir-birlariga nisbatan yaxshi gumonda bo'lganliklaridir. Hasad ham bir dard bo'lib, zamondosh yoki bir-biriga yaqin bo'lgan kamdan-kam insonlar undan salomat bo'ladilar.
5. Ularning ilmni etkazish va tarqatishga, insonlarga Alloh taolo uchun nasihat qilishga va ularning o'zlari Alloh taologa ibodatlar bilan va suluk bilan juda go'zal holda hamda dunyo va uning fitnalariga taqvo bilan yuzlanishga bo'lgan ajoyib qiziqishlari. Mana shu xislatlar ularning qalbidan dunyo talabini va uni talab qiluvchilarga havas qilish hissini ketkazdi. Bu esa o'z navbatida ularga zamondosh bo'lgan ulamolar va ommaning qalbida o'ziga xos o'rin egalladi. Bu narsani farzandlar otalaridan meros qilib oldilar va bizlargacha etib keldi.
6. Alloh taolo mazkur imomlarning peshonasiga ulug' shogirdlarni bitib qo'ydi. Ular sidiq va ixlosni, ilmga muhabbatni, uni ustozlaridan olib, boshqalarga tarqatishga bo'lgan qiziqishni meros qilib oldilar. Natijada ustozlarining so'zlarini yod oldilar, ilmlarini yozib qo'yib, so'ngra ularni insonlarga tarqatdilar.
7. To'rt mazhab imomlarining so'zlari ishonchli yo'llar va ilmiy omonatga rioya qilingan holda nakl qilinishi.
Bu borada Alloh taolo saqlab qo'ygan yana boshqa bir qancha hikmatlar borki, U Zot ularni O'zi xohlagan bandalarigagina bildiradi.
Tolibjon Sharipov
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati