Bugungi kun uchun g'oyat dolzarb hisoblangan soxta salafiylar masalasi va ular ilgari surayotgan iddaolar xususida o'z fikrlarimni bayon etishni lozim topdim. Sizga ma'lumki, bid'at ahlining eng ko'zga ko'ringan namoyondalari, bu soxta salafiylardir. Bu oqim vakillari ahli sunna val jamoa imomlari, moturudiy va ash'ariy ulamolarga ta'na toshlarini otish, ularni obro'sizlantirish yo'lidan borishmoqda. Oqibatda ummat orasida ahli sunna val jamoa ulamolari shaxsiyatlariga nisbatan noto'g'ri taassurot paydo bo'lmoqda.
Aslida buning sababi nimada? Tarixda bu kabi harakatlarni kimlar, qanday toifalar amalga oshirgan? Hozirda bo'layotgan mazkur buzg'unchi harakatlarning ildizi qayerda?.. Avvalo, shular xususida aytib o'tsam...
Ha, bunday “taftishchilik”, dunyo tan olgan allomalar ilgari surgan g'oyalarni inkor qilishga urinishlar bugun paydo bo'lib qolgan hodisa emas. Uning ildizlari necha asrlar nariga boradi. Masalan, Islom olamida Hujjatul islom deb tan olingan Imom Abu Homid G'azzoliyga (1058-1111) qilingan bo'htonlar yoki Imom Faxriddi Roziy (1149-1209) va Imom ibn Furok (941-1015) rahimahullohlarga qilingan yolg'on va tuhmatlarni misol qilib keltirsak bo'ladi. Imom Abu Bakr ibn Furok davrida oddiy xalq ahli bid'at ta'siriga tushib qolmasin uchun karromiylar, hashaviylar va mujassimalar bilan avom xalqning huzurida ochiq bahslar qilinar edi. Bunday bahs qilish ahli sunna val jamoa tarafdorlarining uslubi hisoblanadi. Hozirgi zamonga kelib esa ahli sunna val jamoa ulamolari va ularning shogirdlarida sof aqidani saqlash va uni tarqatishda, ahli bid'atga raddiya berishda sustkashlik sezilmoqda.
Imom Ash'ariyning ahli bid'atga qarshi qilgan ishlari va aytgan so'zlari bizga ibrat bo'lishi kerak. U zot mu'taziliy va karromiylar bilan to'g'ridan-to'g'ri ularning majlislariga kirib borib bahslar qilar va ulardan bahs qilishni talab qilar edilar. Imom Ash'ariy: “Hozirda bu mu'taziliylar minbarlarni egallab hukmronlik qilib turishibdi, ular o'z minbarlaridan toki biz ularni oldiga chiqmagunimizgacha ular bizning oldimizga tushmaydi”, deb aytganlar.
Huddi shu kabi ishni keyinchalik Imom Ash'ariyning shogirdi Ibnu Furok ham davom ettiradi. Raqiblar Ibnu Furok bilan ilmiy bahs olib bora olmaslikka ko'zlari etgach, uning ustidan hukmdor Mahmud ibn Subuktekinga shikoyat qilib borishadi. Turli xil tuhmat gaplarni aytishadi. Go'yoki Ibn Furok Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning nubuvvati u Zot bu dunyodan ko'z yumganlaridan keyin tugaganligi va insonlar unga amal qilmasligi lozimdur, deb aytgan emish. Mahmud Ibn Subuktekin Ibn Furokdan g'azablanib, uni o'z huzuriga chaqirtiradi. Ibn Furok ushbu tuhmatlarni ash'ariy olimlar keltirgan dalillar bilan puchga chiqaradi va Mahmud Ibn Subuktekin tomonidan turli xil hadyalar bilan taqdirlanadi. Ammo shundan so'ng o'sha mujassimalar unga suiqasd uyushtiradilar, olimni zaharlab o'ldirishadi.
Imom Ibn Furok mutashobeh hadislar haqida yozgan kitoblari, usul va tafsirlari bilan mashhurdirlar.
Har bir asrda ahli sunna val jamoa ulamolari chiqib, o'shanday bid'at ahllariga o'zlarini ilmiy raddiyalarini berib kelishgan. Hozirda ham, ayniqsa, soxta salafiylar (vahhobiylar) o'tmishda o'tgan va hozirda faoliyat ko'rsatib kelayotgan ahli sunna ulamolarini kamsitib, odamlar nazdida ahamiyatini tushirish uchun harakat qilmoqda. Masalan, Imom G'azzoliyni yozgan asarlarida, “Ihyo ulumud din” kitoblarida zaif hadislarni ko'p keltirgan, deb malomat qilishadi.
Ho'p, savol tug'iladi, Imom G'azzoliy mazkur kitoblarini sahih hadislarni to'plash uchun yozganmilar yoki kitoblarini nomini “Ihyodagi sahih hadislar” deb nomladilarmi? Yo'q, albatta, unda Hujjatul Islom qayerdan bunchalik hujumga uchraydilar?! Imom Bayhaqiyning “Shua'bul iymon” sahih to'plamlarida ham ko'plab zaif hadislar mavjud. Undan tashqari, boshqa muhaddis olimlar ham hadis to'plashda faqatgina sahih hadislarni emas, balki zaiflarini ham to'plashni maqsad qilganlar.
Nega endi soxta salafiylar atayin Imom G'azzoliyga hujum qilishadi?! Javob aniq, chunki bu zot ash'ariy olimlardan hisoblanib, mujassimalarga ilmiy raddiyalarga to'la aqidaga oid asarlari bilan tanilganlar.
Shuning uchun ham siz mujassimalar tarafdorlarini u zotga nisbatan o'z g'azablarini to'kayotganini ko'rasiz. Ular “Ihyo ulumud din” nomli kitoblarini ko'p tilga olib, unda zaif hadislar ko'p deb gapirishadi.
Aytingchi, qaysi bir olim o'z asarida faqatgina sahih hadislarni ishlatgan, Imom Buxoriy va Imom Muslim kabi sanoqli olimlargina shu shart bilan hadislarni to'plaganlar. Imom Al-Iroqiy va shu kabi boshqa katta muhaddislar Imom G'azzoliyning “Ihyo ulumud din” kitobidagi hadislarni taxrij qilganlar. Ular ilmiy uslub bilan asardagi zaif hadislarni sahihlaridan ajratib berishgan, ular Imom G'azzoliyni kamsitishni maqsad qilishmagan, chunki bunday kamsitish yo'li haqiqiy olimlarning yo'li emas.
Aslida bir kitobning muqaddimasida men bu kitobda faqat sahih hadislarnigina keltiraman, deb shart qo'yilsa va kitob davomida zaif va to'qima hadislar keltirilsa, e'tiroz o'rinli bo'lar edi, ammo imom G'azzoliy bunday qilmaganlar. Ul zot mushabbiha va mujassimalarga qarshi asarlar yozganlar, ulardan biri “Al-iqtisod fil e'tiqod” nomli asarlari. Undan tashqari adashgan falsafachilarga raddiyalar berib, ularning ilmiy salohiyatlarini yo'qqa chiqarganlar.
Hozirda ba'zi bir zamondoshlarimizni Imom Faxruddin ar-Roziy sha'nlariga ham turli xil yolg'on va tuhmatlarni yog'dirayayotganlarini ko'ramiz. Buning sababi ham oddiy, agar bu buyuk olimning tarjimai hollarini o'rganib chiqadigan bo'lsak hammasini tushunib olamiz.
Imom Subkiy aytadilar: “Imom Faxriddin Roziy mushabbihalar va karromiylarni ta'qib qilib, ular bilan ochiq bahs qilganlar va ular bu kishidan qanday qilib qutulishni bilmaganlar, ular hattoki, bahs asnosida yig'lash darajasiga tushib qolishar edi”.
Imom Roziy ularga qarshi “Ta'sis attaqdis” asarini yozganlar va u kitobda karromiylar hamda mujassimalarga ilmiy raddiyalarni yozib qoldirganlar. U zot qayerga bormasin bu kabi ahli bid'atlarni bahsga chaqirib, tinch qo'ymas edilar. Ular ham o'z navbatida olimga suiqasdlar uyushtirishar edi, ammo bu kabih ishlari amalga oshmas edi.
Hozirgi kunda ham soxta salafiy namoyondalari Imom Roziy darajalarini tushirish, aqlni naqldan ustun qo'ygan deb va hattoki kufrda va dinsizlikda ayblash darajasiga borishmoqda.
Qisqa qilib aytganda, ular o'zlarining bobolari bo'lmish karromiy mushabbihalardan qolgan g'arazli meroslarini davom ettirib kelmoqdalar. Bu ularning uslubi hisoblanadi. Ular oddiy xalq orasida ushbu ishlarini o'zlarining botil aqidalarini singdirish maqsadida amalga oshiradilar.
Aksari odamlar esa ilmsizliklari oqibatida o'zi ishongan mav'izachi imomining aldovlariga laqqa tushaveradilar. Agar siz shu kabi insonning oldiga kelib, Imom Roziy yo Imom G'azzoliy haqida gap boshlasangiz, u tabiyki seskanib tushib, biz Qur'on va sunnatga ergashamiz, falsafa va kalomchilarning gapini gapirma deb sizdan nari ketishadi.
Mana shunday qilib, bu soxta salafiylar oddiy xalqni yo'ldan chalg'itishadi. Bu judayam katta qabih ish va uslub hisoblanadi. Mana shu sabab hozir oddiy xalq orasida Ash'ariy va Moturidiy kabi olimlar xususida yanglish tushunchalar shakllanmoqda. Buning sababi – o'sha soxta salafiylar o'z da'vatlarini oddiy xalqqa qaratishgani va biz ilm ahllari esa etarli darajada ularga raddiya berolmayotganimizdir.
Shar'iy ilmlarni o'rganayotgan ilmi toliblar haqiqiy shaxs bo'lib, o'zining e'tiqodida mustahkam bo'lishi va o'tmishdagi buyuk imomlarimiz kabi o'zini namoyon qilish kerak. Chunki bu e'tiqod dalil va hujjatga asoslangan, salafi solihlar unga e'tiqod qilgan va hozirda ko'pchilik e'tiqod qilayotgan sog'lom e'tiqoddir, yuqorida nomi zikr qilingan mujassima va mushabbihalarning e'tiqodi emas.
Ammo hozirgi kunimizda bid'atchi bo'lmish soxta salafiylar ta'siriga tushgan ko'pchilik yoshlar xalq orasida ahli sunna val jamoa e'tiqodining asosi bo'lgan ikki maktab sohiblarini tortinmasdan, uyatsizlarcha kamsitib kelmoqdalar. Ular o'zlariga loyiq bo'lmagan, aslida haqiqiy olimlarga beriladigan minbarni egallab olib, ko'cha-ko'yda, internet ijtimoiy tarmoqlarida o'zlarini botil e'tiqodlarini tarqatib kelmoqda. O'tmishda ulamolar shunday holatlar sodir bo'ladigan bo'lsa, darhol ilmiy yondoshib, bu kabi fitnachilarning raddiyasini berar edilar.
Shunday ekan, hozir ularga nisbatan jim turib kuzatib turadigan vaqt emas, ming yildan beri ota-bobolarimiz amal qilib kelayotgan e'tiqodni, to'rt mazhab sohiblarining haq yo'lini botildan himoya qilish, adashgan kimsalarni to'g'ri yo'lga qaytarish vaqtidir. Har bir ilm kishisi o'z oilasi, qavmu qarindoshlaridan boshlab qo'ni-qo'shni va yoru do'stlarini ham botil aqidadan himoya qilishi vojib bo'ladi.
Alloh taolo butun dunyodagi musulmonlarni, xususan, yurtimizda yashab kelayotgan mo'min-musulmonlarni bunday zalolatlardan asrasin, tinchlik va osoyishtalikni ta'minlasin.
Rustam Oxunjonov
Ko'kaldosh o'rta maxsus islom bilim yurtimuddarisi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi