Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Yo'l qoidasi – umr foydasi

17.05.2022   1947   8 min.
Yo'l qoidasi – umr foydasi

Yo'l jamiyat a'zolarining bir-birlari bilan bog'lanishlari, munosabat o'rnatishlari, muntazam aloqalarni joriy etishlari uchun vositadir. Kishilar yo'llar orqali uydan uyga, mahalladan mahallaga, bir yurtdan ikkinchisiga borib-kelishadi. Insonlar yo'llar vositasida hayotlari uchun kerak bo'lgan yuklarini tashiydilar. Ibtidoiy jamiyat davridan boshlab hozirgacha yo'llar ijtimoiy-iqtisodiy hayotda muhim o'rin egallab kelgan.
Hayotning barcha sohasida taraqqiyot, osonlik, qulaylik uchun yo'llar o'ta zarur omilga aylanib qolgan. Shuning uchun ham Islomda yo'llar masalasiga o'ziga yarasha alohida e'tibor qaratilgan. Yo'lga va yo'l xizmatlariga oid o'ziga xos qonun-qoidalar, odob-axloqlar joriy qilingan.
Yo'l qoidalariga qat'iy rioya qilishni nazoratga olish muhim vazifaga aylandi. Mamlakatimizda hatto maktabgacha ta'lim muassasalarida ham yo'l xavfsizligi qoidalari o'rgatilmoqda.


Islom dini yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash bo'yicha ham nizom va tavsiyalar bergan. Minishdan oldin ulovning yo'lga tayyor ekanini tekshirish, nosoz joylarini tuzatish lozim. Ulovga belgilab qo'yilganidan ortiq yuk ortilmaydi. Havfsizlik choralariga to'liq amal qilish, ya'ni ot-ulov bo'lsa, egarining ayilini hayvonga ozor bermagan holda mahkam bog'lash va jilovini yaxshi tortish; avtoulovda esa xavfsizlik kamarini taqish kerak. Ulovga ma'lum masofadan keyin dam beriladi. Haydovchi ham dam olishi maqsadga muvofiq, chunki toliqib yo'lda uxlab qolishi yoki ulovi ishdan chiqishi mumkin.


Yo'l ko'pchilikka xizmat qiladigan tarmoqlardan biridir. Undan barcha barobar foydalanadi. Yo'lda inson ham, hayvon ham, turli naqliyot vositalari ham yuradi. Shuning uchun ham yo'l alohida e'tiborga sazovor tarmoq hisoblanadi. Demak, bu tarmoqqa oid qoida va odoblarni o'rganib, ularga amal qilish yuksak madaniyat, katta odob hisoblanadi. Qo'yidagi satrlarda mazkur yo'l va avtoulov boshqarish odoblarini e'tiboringizga taqdim etamiz.


– Yo'lga yaxshi niyat bilan, kerakli duolarni o'qib chiqish.
Yaxshi niyat – yarim mol. Musulmon kishi doimo yaxshi niyatli bo'ladi. Binobarin, yo'lga chiqqanda ham yaxshi niyat bilan chiqadi. Rivoyatlarda kelgan yo'lga chiqish oldidan o'qiladigan duolarda ham aynan yaxshi niyat ifoda qilingan.


– Yo'lning o'ng tarafida yurib, o'ng tarafida to'xtash. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha narsalarni o'ng tarafdan boshlashlari ko'p rivoyatlarda kelgan. Ulamolarimiz: “Yo'lning o'ng tarafidan yurish mustahab (yaxshi)dir”, deganlar.
– Yo'lga uni iflos qiluvchi chiqindilar, po'choqlar, papiros qoldiqlari, turli qog'ozlar va shunga o'xshash narsalarni tashlamaslik.
Bir so'z bilan aytganda, yo'lni iflos qilmaslik. Zotan, bizning dinimiz ta'limotida poklik iymondan ekani qat'iy ta'kidlangan.
– Yo'l odoblaridan biri – yordamga muhtoj yo'lovchilarga yordam berishdir.


Yo'l tasodiflarga to'la, ba'zi yo'lovchilar boshqalarning yordamiga muhtoj bo'lib qolishadi. Mana shunday vaziyatlarning ustidan chiqib qolgan kishilar, agar ehtiyoji bor odamning o'zi yordam so'ramasa ham, yordam berishga shoshilishlari kerak.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishiga uloviga minishiga yordam berishing yoki uning ustiga anjomini olib berishing ham sadaqadir”, dedilar”.


– Yo'l odoblarining eng muhimlaridan biri yo'l qoidalariga rioya qilishdir.
Har bir jamiyatda kishilarning o'zaro munosabatlarini to'g'ri yo'lga solish, insonlarni turli zarar va ko'ngilsizliklardan saqlash maqsadida yo'l qoidalari joriy qilinadi. Hozirgi paytda bular xalqaro qoidalar darajasiga etgan. Ushbu qoidalarga amal qilish hamma uchun zarur va majburiydir. Mazkur qoidalar shariatimiz ta'limotlariga ham to'g'ri keladi. Demak, musulmonlar bu qoidalarga hammadan ko'ra yaxshiroq amal qilishlari kerak.


Agar barchamiz ushbu yo'l odoblariga va qoidalariga og'ishmay amal qilsak, juda katta va savobli ishni amalga oshirgan bo'lamiz. Hammamiz yo'llarning moddiy va ma'naviy obodligi, pokizaligi, go'zalligi uchun harakat qilaylik!
– Yo'l odoblaridan biri – har tomonga alanglamay, to'g'riga qarab yurishdir.
Ulug'larimiz yo'lda har tomonga alanglab qarashni beodoblikning kattalaridan deb bilishgan.
– Yo'l haqlaridan biri yo'lovchilar bilan salomlashishdir.
Hususan, salom berganlarga alik olishdir. Zotan, Islomda tanigan va tanimagan har bir kishi bilan salomlashishga katta e'tibor berilgani hammaga ma'lum.


– Yo'l haqlaridan yana biri – adashgan yo'lovchiga yo'l ko'rsatishdir.
Yo'lda boradigan joyini topa olmay, yordamga muhtoj bo'lib yurgan kishilar tez-tez uchrab turadi. Ularga yo'l ko'rsatib qo'yish boshqalarning burchidir.


– Avtoulov vositasini haydovchi kishi belgilangan tezlikka rioya qilishi lozim.
Zotan, noo'rin shoshilish shaytondandir. Bunday holatlarda shoshilib, tezlikni oshirish ko'pchilikka zarar etkazishi, odamlarning asabini buzishi, Alloh ko'rsatmasin, hatto baxtsiz hodisalarga, yo'l falokatlariga sabab bo'lishi ham mumkin,
– Avtoulov vositasini haydovchi o'zidan boshqalarga xalal bermasligi odobdandir.


Ba'zi haydovchilar o'z hamkasblariga xalal beradigan ishlarni o'ylamay-netmay kilaverishadi, bu g'irt beodoblikdir. Boshqalarning yo'lini to'sish, qizil chirokda o'tib ketish, avtoulovni beparvolik va qo'pollik bilan boshqarish, o'zga haydovchilarning yurishiga xalal beruvchi boshqa harakatlarni qilishdan saqlanish lozim.


– Avtoulov haydovchisi ogohlantiruvchi ovoz chiqaruvchi moslamani iloji boricha chalmaslikka harakat qilishi zarur.
Baland va kutilmagan ovoz ko'pchilikka ozor berishi, asabini buzishi, yo'ldan chalg'itishini unutmaslik kerak. Bunday ovoz vositalari bilan avtoulovlarni jihozlashdan maqsad, zarurat yuzasidan ishlatish uchundir. Birovlarni bezovta qilish, cho'chitish va norozilik uyg'otish uchun emas.
– Avtoulov vositasini taqiklangan joylarda to'xtatmaslik ham yuksak odobdir.


Bu ish jamoatchilik odoblarining ko'zga ko'ringanlaridan biridir. Zotan, to'xtash taqiqlangan joyga avtoulovni to'xtatish katta beodoblik, boshqalarga hurmatsizlikdir. Bu ish bilan haydovchi ko'pchilikni behurmat qilgan va ularga noqulaylik tug'dirgan bo'ladi.


Shariatimiz buyurgan odoblarga rioya qilish har bir insonning vazifasidir. Shuning uchun yo'lda DAN xodimi bizdan haydovchilik guvohnomasini, ulovning texnik ko'rikdan o'tgani haqidagi hujjatni, dori qutichasi bor-yo'qligini, xavfsizlik kamarini taqishni talab qilsa yoki ulovga ko'p yuk ortilgani haqida ogohlantirsa, buni to'gri qabul qilish lozim. Bu odob va majburiyatlarni bajarish o'zimizning va yonimizdagi hamrohlarimizning ko'zlangan manzilga sog'u omon etib olishimizni ta'minlaydi.

Odiljon Narzullayev
Yangiyo'l tumani “Imom Sulton”
jome masjidi Imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni butunlay o‘zgartirdi" — Ilhom Aliyev

24.08.2026   17072   2 min.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.

U Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelgan davrdagi vaziyat bilan bugungi holat o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi.
 

"Shavkat Miromonovich O‘zbekistonga rahbarlik qilishni boshlaganida vaziyat butunlay boshqacha edi. Buni O‘zbekiston fuqarolari ham, biz ham juda yaxshi bilamiz. Shu sababli u mamlakatni rivojlanish yo‘liga qo‘yish hamda davlatning iqtisodiy jihatlarini noldan shakllantirish uchun katta kuch bilan ishlashiga to‘g‘ri keldi", — dedi Ilhom Aliyev.



Ozarbayjon rahbari sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtaldi.
 

"Bugun biz butunlay boshqacha O‘zbekistonni ko‘rib turibmiz — jahon hamjamiyatining juda hurmatga sazovor a’zosiga aylangan O‘zbekistonni. Sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar juda tezkor va samarali hal etilmoqda", — dedi u.



Ilhom Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar va islohotlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari uchun ham muhim zamin yaratgan.
 

"Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi tomonidan O‘zbekiston uchun qilingan ishlar va bu islohotlar bo‘lmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasdi", — dedi Ozarbayjon Prezidenti.


Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelguniga qadar ikki mamlakat o‘rtasida birorta ham qo‘shma loyiha bo‘lmaganini ta’kidladi.

Ayni paytda tomonlar o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ilhom Aliyev bu ko‘rsatkichni uzoq muddatli orzu emas, balki yaqin ikki yilda amalga oshadigan natija sifatida baholadi.
 

"Bugun biz 1 milliardlik tovar aylanmasi haqida gaplashyapmiz. Bu qandaydir uzoq muddatli orzu emas, yaqin ikki yilda amalga oshadigan ishdir", — dedi u.



Ozarbayjon rahbari ikki tomon iqtisodiyoti ehtiyoj sezayotgan sohalardagi investitsiya loyihalari va o‘zaro sarmoyalar ham muhokama qilinganini qayd etib, bunday hamkorlik ikki davlatning parallel ravishda rivojlanishi natijasida yuzaga kelganini qayd etdi.

 

VIDEO