Islom faqat diniy ahkomlardangina iborat bo'lgan din emas, balki u jamiyat ma'naviyati va ma'rifatini shakllantiruvchi hamda kamolga etkazuvchi, jumladan, uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma'naviy talablarini qondiruvchi ta'limotdir. Ammo islomiy arkonlarning ijrosi barobarida inson diniy ilmsizlik sababli, ko'pgina muammolarga duch kelishi tabiiy holdir. Mana shu muammolardan biri mutaassiblik va dinda chuqur ketishdir.
Shariatimiz diniy mutaassiblikka va dinga chuqur berilishga doimo qarshi bo'lgan. Muqaddas dinimizning asl manbalari hisoblangan Qur'ondagi oyati karimalar va Sunnadagi hadisi shariflarda dindagi bu bid'atlar qattiq qoralangan. Chunki bu ikki illat turli zamonlarda har xil nomlar ostida dinimizga tasvirlab bo'lmas darajada zarar etkazgan, bu hol hozir ham har xil jarangdor nomlar va shiorlar ostida davom etmokda.
Ho'sh, diniy mutaassiblik, dinda chuqur ketishning o'zi nima? Dinimizning mazkur ikki illatga munosabati qanday?
Mutaassiblik — uning lug'aviy ma'nosi biron e'tiqodga yoki dunyoqarashga o'ta berilganlik, o'z fikrida qat'iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o'zini haq deb bilishdir. Hozirgi vaqtda bu "fanatizm" ham deyiladi. Mutaassib (fanat) kishi ko'r-ko'rona xoh to'g'ri, xoh noto'g'ri bo'lsin, o'ziga ma'qul bo'lgan bir fikrda mahkam turib, o'zining fikrini haq, boshqalarning fikrini esa nohaq deb e'tiqod qilgan holda o'z fikrini amalda kursatishga harakat qiladi.
Dinda g'ulu (g'uluv) ketish — "dinda chuqur ketish, diniy arkonlar va ibodatlarni bajarishda haddidan oshish, to'g'ri yo'ldan og'ib, noto'g'ri yo'lga burilish" ma'nolarini anglatadi.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilingan quyidagi hadis buning dalilidir: 'Bani Asad qabilasiga mansub bir ayol huzurimda o'tirgan edi. Shu payt Rasulullox sallallohu alayhi vasallam uyga kirib kelib: "Bu ayol kim — deb so'radilar. "Bu o'sha, kechasi uxlamay namoz o'kib chiqadigan ayol", — dedim. So'ng, mazkur ayolning ko'p namoz o'qishi hakida so'zlashdik, Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam : "Bunday qilmanglar, solih amallarni kurbingiz etganicha ado etinglar, qancha ibodat qilsangiz ham Alloh taologa malol kelmaydi-yu, biroq , o'zingizga malol kelib qolmasin! — dedilar. Hadisdan ma'lum bo'ladiki, har bir insonga dinda chuqur ketishdan yoxud mutaassibona bironta farz qilinmagan amalni o'ziga vojib qilib olib, so'ng bajarolmaydigan holatga tushib qolgandan ko'ra, mo''tadillik, ya'ni vasatiylik yo'lini tanlab solih amallarda mudom bo'lishi a'loroq va yaxshiroq ekan. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mazkur hadis orqali dinda chuqur ketishning oqibati yaxshi bo'lmasligini ma'lum qilib, ibodatga oid amallardan toqat etadiganini olishga buyurganlar. Jumladan, ibodatlarning shartlarini bajarishda ham g'ulu ketish dinimizda qattiq qoralanadi. Masalan, tahorat va g'uslda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ko'rsatilgan me'yordan ortiq suv ishlatishni ulamolarimizning ayrimlari "isrof" desa, ba'zilari "g'ulu"ning bir ko'rinishi deb ham aytganlar. Shuningdek, g'ulu amali insonning eb-ichishi, kiyinishi va hatto kafanlanishida ham mavjuddir. Zero, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam : (Mayyitni) kafanlashda haddingizdan oshmanglar , — deb buyurganlar.
Aslida, Alloh taboraka va taolo tomonidan nozil qilingan muqaddas dinimiz — Islomning asosini tashkil qilgan amallar bandalarning toqatidan kelib chiqqan holda farz qilingan, ya'ni mo''tadillik va bag'rikenglikka asoslangandir.
Uchqo'rg'on tumani
“Abdulxamidhoji Abduraxmon o'g'li”
jome masjidi imom-xatibi Ulug'bek Raxmatullayev
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir shogirdi bo‘lib, u zot unga tazkiya va talqinga ijozat bergan edi. Bir kuni u o‘g‘ilchasini yetaklab ustozi ziyoratiga keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lini tanishtirib, uning haqqiga duo qilishlarini so‘radi. Hazrat bolaning haqqiga duo qildilar. Gap orasida ustoz bolaning yoshini ham so‘rab qoldilar. Shogird «Bolam o‘n uch yoshda», dedi. Mamlakatdagi qonun bo‘yicha bolalarga o‘n uch yoshgacha chipta narxining yarmi to‘lanar, o‘n uchga to‘lgan kunidan boshlab ularning chiptasi ham kattalar kabi to‘la bahosiga xarid qilinar edi.
Hazrat bolaga chiptaning qaysi narxda olinganini so‘rab qoldilar. Shogirdi «Jussasi kichkina bo‘lgani uchun yarim narx to‘ladik», deb javob berdi. Shunda ustozning avzoyi birdan o‘zgarib, shunday dedilar: «Inna lillaahi va inna ilayhi roji’un! Sizga tasavvuf va tariqatning changi ham yetib kelmagan ekan. Siz haligacha harom-halolni ajratmabsiz. Bolani safarga olib chiqibsiz-u, lekin unga yo‘lkira to‘lashda harom ishga qo‘l uribsiz. Kattalar maqomiga yetgan bolaga yosh bolalarning chiptasini olib, yo‘l xizmati idorasining haqqini o‘g‘irlabsiz. O‘g‘rilik qiladigan. birovning haqqini tortib oladigan shaxs tasavvuf va tariqatda biror maqomga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun sizga bergan ijozatimni bekor qilaman».
O‘sha shogird ibodatda mukammal kishi edi. Lekin ustoz chipta olishda, ya’ni muomalotda haromga yo‘l qo‘ygani tufayli unga bergan vakolatini bekor qildi.
Abdulmannon Andijoniy