1517 yili Usmoniy turklar tomonidan Misrga hanafiy mazhabi kiritiladi. Hozirgi kunda sud mahkamalarida shaxsiy maqom borasida hanafiy mazhabi tatbiq etilsada, ko'p misrliklar, ayniqsa, qishloq joylarda o'z diniy urf-odatlarida shofe'iy an'analariga sodiq qolganlar. Falastin va Iordaniyaning aksariyat musulmonlari, Suriya, Iroq, Hijoz, Pokiston, Hindiston, Indoneziya hamda Eron va Yamandagi sunniy musulmonlar ham shunday qiladilar.
Shofe'iy mazhabi murakkab mantiqiy tahlilni talab qiluvchi Hanafiy mazhabidan va Madina fiqhiy maktabining huquqiy majmuasini to'liq bilishni talab qilgan Molikiy mazhabidan farq qiladi. Aynan mana shu bu mazhabning Suriya, Iroq va Misrda chuqur ildiz tarqalishiga va musulmon davlatlariga yoyilishiga imkon berdi.
Hanbaliylik tarqalgan hududlar HH asr Saudlar oilasining hukumat tepasiga qaytishi Saudiya Arabistonida hanbaliy mazhabini rasmiy mazhab sifatida ta'sis etilishiga olib keldi. Shuningdek, hanbaliylik Qatarda rasmiy mazhab va Falastin, Suriya, Iroq va yana boshqa joylarda o'z izdoshlariga ega.
Hulosa qilib aytganda to'rt fiqhiy mazhablar yuqorida ta'kidlaganimizdek, ba'zi juz'iy masalalardagina farqlanadilar xolos. Shuningdek bir fiqhiy mazhab ichida ham turli fikrlash keng miqyosda yo'lga qo'yilgan. Misol uchun Hanafiy mazhabida ba'zi masalalarda Imom Abu Hanifaning shogirdlari u kishining fatvolaridan boshqacha fatvo chiqarganlar va shogirdning fatvosiga amal qilingan.
Lekin, fuqaholarning bu fikr erkinliklari zulm va javr ila ba'zi kishilar tomonidan ixtilof, deb nomlangan. Aslida bu ish ixtilof emas, ko'pfikrlikdir. Masalani hal qilishda afzal va oson yo'lni tanlashga urinishdir. Ayni paytda bu ko'pfikrlilik yuksak odob doirasida bir birini hurmat qilgan holda yo'lga qo'yilgan. Munozara odoblari ishlab chiqilgan va bu bobda kitoblar ham bitilgan. Bularning hammasi fikr va so'z erkinligining samarasidir.
Mazhabsizlar Qur'oni karim va sunnatdan shar'iy hukmlarni chiqarishda o'zlarining qadimgi maslakdoshlari bo'lmish “Zohiriylik” mazhabining yo'lini tutganlar. Hech kim mazhablarni faqat shu to'rt mazhabga cheklab qo'ymagan, balki tarixiy sharoit shuni taqozo qilgan. Mazhablar orasidagi ixtilof aqidaviy ixtiloflar kabi shariat man etgan ixtilof emas, aksincha ular musulmonlar uchun rahmat. Bu ixtiloflar sahobiy va tobe'iylar orasidagi ixtiloflarning uzviy davomidir.
Mazhab imomlarining sahih hadis haqidagi gaplari Imom Buxoriy va Muslim kabi sahih hadislar to'plamida mazhabga to'g'ri kelmaydigan masalalarda mazhabni tashlab, hadisga ergashish kerak degani emas, bu gaplar faqat juda ham kam kishilar bajara oladigan shartlarga javob bera oladigan mazhab ichidagi mujtahidlarga va mutloq mujtahidlarga qaratilgan.
Mazhabsizlik jamiyat hayotida ixtilof va janjallarni keltirib chiqaradi va buning natijasida turli radikal oqimlarga moyil “kadrlar” etishib chiqadi. Birdamlik va barqarorlikka salbiy ta'sir etadi. Bugungi kunda mazhabsizlikning oldini olishning ma'naviy, diniy va ma'rifiy asoslariga alohida ahamiyat berish lozim.
Abdulloh Samatov
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati