Dinimiz musulmonlarni bir qancha ishlarga buyurgan va bir qancha ishlardan qaytargan. Buyurilgan ishlarda banda va jamiyatga katta manfaatlar bo'lsa, qaytarilgan ishlarda ularga katta zararlar bor. Man qilingan ishlarni qilishning zarari ba'zida faqat ma'lum shaxslarga etsa, ba'zisining zarari keng ko'lamli bo'lib, butun jamiyatga salbiy ta'sir qiladi. Ana shunday illatlardan biri poraxo'rlikdir.
Poraxo'rlik – jamiyatda adolat, tenglik, sog'lom raqobat va halollik ustun bo'lishiga to'sqinlik qiladigan illatlardan biridir. Bu illat davlat va jamiyatning rivojiga salbiy ta'sir qilgani sababli deyarli har bir jamiyat unga qarshi kurashadi. Kurashda natijaga erishganlari katta rivojlanishga erishmoqdalar, uni enga olmagan jamiyatlarda esa buning aksi.
Aksariyati musulmonlar bo'lgan bizning jamiyatimizda bu masalaning echimi qanday bo'ladi!? Aslida, biz dinimiz ko'rsatmalari, sevimli Payg'ambarimiz sunnatlariga amal qilsak, poraxo'rlik, korruptsiya va tanish-bilishchilik kabi illatlarga o'rin qolmaydi. Dinimiz va imonimiz shuni taqozo qiladi.
Poraning mohiyati va ta'rifi haqida ulamolarimiz shunday deydilar: “Pora – biror shaxs tomonidan, hukm qiluvchi yoki boshqalarga uning foydasiga hukm chiqarishi yoki u istagan narsaga etkazishi uchun beriladigan narsa”. Boshqa ta'rifda: “Pora – haqni botilga chiqarish yoki botilni haq qilib ko'rsatish uchun beriladigan narsa”, – deyiladi.
Kimnidir foydasiga nohaq hukm chiqarish yoki o'zining zimmasida bo'lgan ish uchun pora olish hech ixtilofsiz harom amal bo'lib, katta gunohlardan biridir.
Qur'oni karimda bu mavzuda shunday deyiladi: “(Ular) yolg'on (to'qish uchun Siz)ga quloq soladigan va haromni (porani) eydiganlardir...” (Moida surasi 42-oyat). Mufassir, tobe'in Sa'id ibn Jubayr rahimahulloh: “Oyatdagi “harom”dan murod poradir”, deganlar.
Alloh taolo mo'min-musulmonlarni halol kasb qilish, mollarini o'zaro rozilik bilan olishga chaqiradi. Oyati karimada bunday deyiladi: “Mol (va boylik)laringizni o'rtalaringizda botil (yo'llar) bilan emangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo'li bilan eyish (o'zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara surasi 188-oyat).
Bu oyatning zamirida o'g'rilik, bosqinchilik, aldov, firibgarlik, jumladan, poraxo'rlik bilan o'zgalarning mollarini o'zlashtirish haromligi yotadi.
Yana boshqa oyati karimada shu ma'no takrorlanadi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o'rtada nohaq (yo'llar) bilan emangiz! O'zaro rozilik asosidagi tijorat bo'lsa, u bundan mustasno” (Niso surasi 29-oyat).
Payg'ambarimiz alayhissalom ham doimo poraxo'rlikning yomonligidan ogohlantirdilar va undan qaytardilar. Poraxo'rlik mavzusida mashhur bo'lgan hadis Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Allohning la'nati pora beruvchi va pora oluvchiga bo'lsin!” – dedilar.
Boshqa hadisi sharifda: “Hukmda pora beruvchi va pora oluvchiga Allohning la'nati bo'lsin”, – deyilgan (To'rt sunan sohiblari va Imom Ahmad rivoyat qilishgan).
Yana bir rivoyatda pora oluvchi va beruvchi o'rtasidagi vositachi ham la'natlangan. Demak, pora talab qilish ham, pora berish ham, ular o'rtasida vositachilik qilish ham harom amaldir.
Jumhur ulamolarimiz: “O'zining haqqiga etisha olmayotgan yoki o'zidan zulm yo zararni daf qilmoqchi bo'lgan kishigina pora berishi mumkin, bunday holatda gunoh pora oluvchining bo'yniga tushadi”, – deydilar.
Yana bir hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do'zaxdadir” (Imom Tabaroniy Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).
Poraxo'rlikning yana bir ko'rinishi vazifador, mas'ul shaxslarning aslida, o'z zimmalaridagi ishlarga ham sovg'a-hadya olishlaridir. Unday kishilar avvaldan belgilangan, talab qilib oladigan sovg'alari natijasida bir ishni olishga nomzod bo'lganlar ichida haqlisi emas, balki, salohiyatsiz bo'lgani ish ustiga keladi. Keyin u qurgan uylar qulaydi, qurgan ko'priklari cho'kadi, ishlar ko'zlangan natijani bermaydi. Bunday hadyaning pora ekani kunday ravshan. Shuning uchun Payg'ambarimiz alayhissalom zakot molini yig'ishga jo'natgan kishi sovg'a olganida unga: “Ota-onasini uyida kutib o'tirganida, unga hadya qilisharmidi?!” – deganlar.
Ba'zilar porani hadya deb nomlab olishadi. Aslida, poraning hadyadan farqi shuki, hadyani so'rab olinmaydi. Yana hadya ikki o'rtada muhabbat hosil qilish uchun qilinadi. Chunki Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar: “O'zaro hadyalashinglar, o'rtalaringizda muhabbat paydo bo'ladi” (Imom Molik “Muvatto” kitoblarida rivoyat qilganlar). Pora beruvchi va oluvchi o'rtasida muhabbat paydo bo'lmaydi, chunki pora beruvchi nimadandir ta'magir bo'ladi. Mabodo ular o'rtasidagi ish hal bo'lmasa, o'zaro katta dushmanchilik paydo bo'ladi.
Alloma Ibn Hajar Asqaloniy aytadilar: “Vazifador kishiga haqni o'zgartirish uchun hadya berilsa, unga egalik qilishi (foydalanishi) joiz emas”.
Aytish joizki, millatimiz xulqida yaxshilikka yaxshilik qaytarish ruhi bor. Mas'ul shaxs undan hech narsa talab qilmay, ta'ma qilmay, o'z vazifasini bajarib, fuqaroni ishini bitirsa, unga yaxshilik qaytargisi keladi. Hech qanday ta'masiz, ishi bitib, bemalol ketishi mumkin bo'lib turganda ham, ko'nglidan chiqarib, hadya bermoqchi bo'lsa, bunda ikki tomonga ham bir gunoh yo'q. Pora avvaldan belgilangan, so'rab olinadigan, haqni nohaq, nohaqni haq qilish uchun beriladigan narsa bo'ladi.
Davlat tomonidan odamlarni engilini oson qilish uchun vazifador qilingan ayrim kishilar odamlardan biror narsa olmasalar ularning ishlarini bitirmaydilar. Bu o'zlariga yuklangan omonatga xiyonat, o'zgalarga zulm qilish va odamlarning mollarini harom yo'l bilan eyishdir.
Adolatli hukmdor nomini olgan Umar ibn Abdulaziz u kishiga keltirilgan hadyalarni qabul qilmas edilar. U kishiga: “Payg'ambarimiz alayhissalom U kishiga hadya berilsa, qabul qilardilarku?!” deyishsa: “Ha, haqiqatan u mollar Payg'ambarimiz alayhissalomga hadya bo'lgan, bizga esa bu poradir. Chunki odamlar u zotga payg'ambarliklari sababli yaqinlashmoqchi bo'lishgan. Bizga esa boshliq bo'lganimiz uchun yaqinlashmoqchi bo'ladilar”, – dedilar.
Yana bir holat borki, bu millatning oyog'iga bolta uradi, uning ma'naviyati va kelajagiga tahdid soladi, bu – ta'lim sohasidagi poraxo'rlikdir. Chunki bilimdon o'qituvchi qolib, salohiyatsiz, bilimsiz kishi yoshlarga ta'lim bersa, yoshlarning kelajagi xavf ostida qoladi. Oliygohga kelganda yana poraxo'rlik bo'lib, bilimdon qolib, nodon o'qishga kirib ketsa, o'z-o'zidan ilmiy saviya tushib ketadi. Odamlarda adolatga nisbatan ishonch yo'qoladi. Chet ellarda o'qish va o'sha erlarda ishlashga qiziqish kuchayadi. Natijada millatning ko'pgina salohiyatli farzandlari boshqa davlatlar foydasiga ishlaydi. Vataniga qaytib, yana poraxo'rlikka duch kelishini bilsa, undan ko'ra chet elda qolishni ma'qul ko'radi. Shunday qilib eng bilimdon va foydali kishilardan mahrum bo'lib qolaveramiz.
Bir kishi pora yoki harom bo'lgan hadyani qabul qilsa, uni egasiga qaytarish vojib bo'ladi. Ba'zi olimlar esa: “Nohaq o'zlashtirilgan mollar, ma'lum bo'lsa, egasiga qaytariladi, ma'lum bo'lmasa, musulmonlar foydasiga sarflanadi”, – deyishgan.
Shom diyorining qozisi Imom Avzo'iyning yoniga bir nasroniy kishi bir mesh asal bilan keldi va: “Ba'labakkaning voliysi menga zulm qildi, o'sha kishiga men haqimda yozsangiz”, – dedi. Imom unga: “Hohlasang asalingni o'zingga qaytaraman va xat yozib beraman. Hohlasang uni qabul qilaman va xat yozmayman”, – dedilar. U: “Mayli, asalni qaytaringda, xat yozib bering”, – dedi. Keyin Imom voliyga undan xirojni kamaytirishni so'rab xat yozdi. Voliy u zotning so'zlarini e'tiborga olib, nasroniyning jizyasi (jon solig'i)dan o'ttiz dirham arzonlashtirdi.
Bu hikoyadan Imom Avzoiyning asalni olib, voliyga xat yozishni xush ko'rmaganlari, balki uni pora deb bilganlari aniq bo'ladi.
Demak, jamiyatdagi har bir shaxs dinimiz man qilgan poraxo'rlik va shunga o'xshagan illatlarga qarshi kurashda faol bo'lishi kerak. Aks holda, bu gunohning zarari hammaga uradi va jamiyatdagi har bir sohadaga zanjir singari bog'lanib ketadi. Gohida porani mansabdor shaxs so'rasa, gohida biz o'zimiz ularga sovg'a taklif qilamiz, o'zimiz ularni shunga o'rgatamiz va loyiq bo'lmagan o'ringa yoki narsaga erishmoqchi bo'lamiz. Qars ikki qo'ldan chiqadi, shuning uchun hadisi shariflarda poraga aloqador bo'lgan har ikki tomon azobu uqubatda bir xil bo'lishi bayon qilingan.
Alloh taolo barchalarimizni gunoh amallardan salomat saqlasin! O'zi rozi bo'ladigan amallarda bardavom qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati