Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

Taraqqiyot kushandasi

10.05.2022   2317   10 min.
Taraqqiyot kushandasi

Dinimiz musulmonlarni bir qancha ishlarga buyurgan va bir qancha ishlardan qaytargan. Buyurilgan ishlarda banda va jamiyatga katta manfaatlar bo'lsa, qaytarilgan ishlarda ularga katta zararlar bor. Man qilingan ishlarni qilishning zarari ba'zida faqat ma'lum shaxslarga etsa, ba'zisining zarari keng ko'lamli bo'lib, butun jamiyatga salbiy ta'sir qiladi. Ana shunday illatlardan biri poraxo'rlikdir.

Poraxo'rlik – jamiyatda adolat, tenglik, sog'lom raqobat va halollik ustun bo'lishiga to'sqinlik qiladigan illatlardan biridir. Bu illat davlat va jamiyatning rivojiga salbiy ta'sir qilgani sababli deyarli har bir jamiyat unga qarshi kurashadi. Kurashda natijaga erishganlari katta rivojlanishga erishmoqdalar, uni enga olmagan jamiyatlarda esa buning aksi.

Aksariyati musulmonlar bo'lgan bizning jamiyatimizda bu masalaning echimi qanday bo'ladi!? Aslida, biz dinimiz ko'rsatmalari, sevimli Payg'ambarimiz sunnatlariga amal qilsak, poraxo'rlik, korruptsiya va tanish-bilishchilik kabi illatlarga o'rin qolmaydi. Dinimiz va imonimiz shuni taqozo qiladi.

Poraning mohiyati va ta'rifi haqida ulamolarimiz shunday deydilar: “Pora – biror shaxs tomonidan, hukm qiluvchi yoki boshqalarga uning foydasiga hukm chiqarishi yoki u istagan narsaga etkazishi uchun beriladigan narsa”. Boshqa ta'rifda: “Pora – haqni botilga chiqarish yoki botilni haq qilib ko'rsatish uchun beriladigan narsa”, – deyiladi.

Kimnidir foydasiga nohaq hukm chiqarish yoki o'zining zimmasida bo'lgan ish uchun pora olish hech ixtilofsiz harom amal bo'lib, katta gunohlardan biridir.

Qur'oni karimda bu mavzuda shunday deyiladi: (Ular) yolg'on (to'qish uchun Siz)ga quloq soladigan va haromni (porani) eydiganlardir...” (Moida surasi 42-oyat). Mufassir, tobe'in Sa'id ibn Jubayr rahimahulloh: “Oyatdagi “harom”dan murod poradir”, deganlar.  

Alloh taolo mo'min-musulmonlarni halol kasb qilish, mollarini o'zaro rozilik bilan olishga chaqiradi. Oyati karimada bunday deyiladi: “Mol (va boylik)laringizni o'rtalaringizda botil (yo'llar) bilan emangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo'li bilan eyish (o'zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara surasi 188-oyat).

Bu oyatning zamirida o'g'rilik, bosqinchilik, aldov, firibgarlik, jumladan, poraxo'rlik bilan o'zgalarning mollarini o'zlashtirish haromligi yotadi.

Yana boshqa oyati karimada shu ma'no takrorlanadi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o'rtada nohaq (yo'llar) bilan emangiz! O'zaro rozilik asosidagi tijorat bo'lsa, u bundan mustasno” (Niso surasi 29-oyat).

Payg'ambarimiz alayhissalom ham doimo poraxo'rlikning yomonligidan ogohlantirdilar va undan qaytardilar. Poraxo'rlik mavzusida mashhur bo'lgan  hadis Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Allohning la'nati pora beruvchi va pora oluvchiga bo'lsin!” – dedilar.

Boshqa hadisi sharifda: “Hukmda pora beruvchi va pora oluvchiga Allohning la'nati bo'lsin”, – deyilgan  (To'rt sunan sohiblari va Imom Ahmad rivoyat qilishgan).

Yana bir rivoyatda pora oluvchi va beruvchi o'rtasidagi vositachi ham la'natlangan. Demak, pora talab qilish ham, pora berish ham, ular o'rtasida vositachilik qilish ham harom amaldir.

Jumhur ulamolarimiz: “O'zining haqqiga etisha olmayotgan yoki o'zidan zulm yo zararni daf qilmoqchi bo'lgan kishigina pora berishi mumkin, bunday holatda gunoh pora oluvchining bo'yniga tushadi”, – deydilar.

Yana bir hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do'zaxdadir” (Imom Tabaroniy Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

Poraxo'rlikning yana bir ko'rinishi vazifador, mas'ul shaxslarning aslida, o'z zimmalaridagi ishlarga ham sovg'a-hadya olishlaridir. Unday kishilar avvaldan belgilangan, talab qilib oladigan sovg'alari natijasida bir ishni olishga nomzod bo'lganlar ichida haqlisi emas, balki, salohiyatsiz bo'lgani ish ustiga keladi. Keyin u qurgan uylar qulaydi, qurgan ko'priklari cho'kadi, ishlar ko'zlangan natijani bermaydi. Bunday hadyaning pora ekani kunday ravshan. Shuning uchun Payg'ambarimiz alayhissalom zakot molini yig'ishga jo'natgan kishi sovg'a olganida unga: “Ota-onasini uyida kutib o'tirganida, unga hadya qilisharmidi?!” – deganlar.        

Ba'zilar porani hadya deb nomlab olishadi. Aslida, poraning hadyadan farqi shuki, hadyani so'rab olinmaydi. Yana hadya ikki o'rtada muhabbat hosil qilish uchun qilinadi. Chunki Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar: “O'zaro hadyalashinglar, o'rtalaringizda muhabbat paydo bo'ladi” (Imom Molik “Muvatto” kitoblarida rivoyat qilganlar). Pora beruvchi va oluvchi o'rtasida muhabbat paydo bo'lmaydi, chunki pora beruvchi nimadandir ta'magir bo'ladi. Mabodo ular o'rtasidagi ish hal bo'lmasa, o'zaro katta dushmanchilik paydo bo'ladi.

Alloma Ibn Hajar Asqaloniy aytadilar: “Vazifador kishiga haqni o'zgartirish uchun hadya berilsa, unga egalik qilishi (foydalanishi) joiz emas”.

Aytish joizki, millatimiz xulqida yaxshilikka yaxshilik qaytarish ruhi bor. Mas'ul shaxs undan hech narsa talab qilmay, ta'ma qilmay, o'z vazifasini bajarib, fuqaroni ishini bitirsa, unga yaxshilik qaytargisi keladi. Hech qanday ta'masiz, ishi bitib, bemalol ketishi mumkin bo'lib turganda ham, ko'nglidan chiqarib, hadya bermoqchi bo'lsa, bunda ikki tomonga ham bir gunoh yo'q. Pora avvaldan belgilangan, so'rab olinadigan, haqni nohaq, nohaqni haq qilish uchun beriladigan narsa bo'ladi.  

Davlat tomonidan odamlarni engilini oson qilish uchun vazifador qilingan ayrim kishilar odamlardan biror narsa olmasalar ularning ishlarini bitirmaydilar. Bu o'zlariga yuklangan omonatga xiyonat, o'zgalarga zulm qilish va odamlarning mollarini harom yo'l bilan eyishdir.  

Adolatli hukmdor nomini olgan Umar ibn Abdulaziz u kishiga keltirilgan hadyalarni qabul qilmas edilar. U kishiga: “Payg'ambarimiz alayhissalom U kishiga hadya berilsa, qabul qilardilarku?!” deyishsa: “Ha, haqiqatan u mollar Payg'ambarimiz alayhissalomga hadya bo'lgan, bizga esa bu poradir. Chunki odamlar u zotga payg'ambarliklari sababli yaqinlashmoqchi bo'lishgan. Bizga esa boshliq bo'lganimiz uchun yaqinlashmoqchi bo'ladilar”, – dedilar.

Yana bir holat borki, bu millatning oyog'iga bolta uradi, uning ma'naviyati va kelajagiga tahdid soladi, bu – ta'lim sohasidagi poraxo'rlikdir. Chunki bilimdon o'qituvchi qolib, salohiyatsiz, bilimsiz kishi yoshlarga ta'lim bersa, yoshlarning kelajagi xavf ostida qoladi. Oliygohga kelganda yana poraxo'rlik bo'lib, bilimdon qolib, nodon o'qishga kirib ketsa, o'z-o'zidan ilmiy saviya tushib ketadi. Odamlarda adolatga nisbatan ishonch yo'qoladi. Chet ellarda o'qish va o'sha erlarda ishlashga qiziqish kuchayadi. Natijada millatning ko'pgina salohiyatli farzandlari boshqa davlatlar foydasiga ishlaydi. Vataniga qaytib, yana poraxo'rlikka duch kelishini bilsa, undan ko'ra chet elda qolishni ma'qul ko'radi. Shunday qilib eng bilimdon va foydali kishilardan mahrum bo'lib qolaveramiz.  

Bir kishi pora yoki harom bo'lgan hadyani qabul qilsa, uni egasiga qaytarish vojib bo'ladi. Ba'zi olimlar esa: “Nohaq o'zlashtirilgan mollar, ma'lum bo'lsa, egasiga qaytariladi, ma'lum bo'lmasa, musulmonlar foydasiga sarflanadi”, – deyishgan.

Shom diyorining qozisi Imom Avzo'iyning yoniga bir nasroniy kishi bir mesh asal bilan keldi va: “Ba'labakkaning voliysi menga zulm qildi, o'sha kishiga men haqimda yozsangiz”, – dedi. Imom unga: “Hohlasang asalingni o'zingga qaytaraman va xat yozib beraman. Hohlasang uni qabul qilaman va xat yozmayman”, – dedilar. U: “Mayli, asalni qaytaringda, xat yozib bering”, – dedi. Keyin Imom voliyga undan xirojni kamaytirishni so'rab xat yozdi. Voliy u zotning so'zlarini e'tiborga olib, nasroniyning jizyasi (jon solig'i)dan o'ttiz dirham arzonlashtirdi.

Bu hikoyadan Imom Avzoiyning asalni olib, voliyga xat yozishni xush ko'rmaganlari, balki uni pora deb bilganlari aniq bo'ladi.

Demak, jamiyatdagi har bir shaxs dinimiz man qilgan poraxo'rlik va shunga o'xshagan illatlarga qarshi kurashda faol bo'lishi kerak. Aks holda, bu gunohning zarari hammaga uradi va jamiyatdagi har bir sohadaga zanjir singari bog'lanib ketadi. Gohida porani mansabdor shaxs so'rasa, gohida biz o'zimiz ularga sovg'a taklif qilamiz, o'zimiz ularni shunga o'rgatamiz va loyiq bo'lmagan o'ringa yoki narsaga erishmoqchi bo'lamiz. Qars ikki qo'ldan chiqadi, shuning uchun hadisi shariflarda poraga aloqador bo'lgan har ikki tomon azobu uqubatda bir xil bo'lishi bayon qilingan.

Alloh taolo barchalarimizni gunoh amallardan salomat saqlasin! O'zi rozi bo'ladigan amallarda bardavom qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin!

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   32637   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar