Imomi A'zam Abu Hanifa (r.h.) imomimiz oxirgi tobe'inlardan biri, bir qancha sahobalarni ko'rish, ozgina bo'lsa-da, ulardan saboq olish sharafiga muyassar bo'lgan zotdir. U islom ummatining eng ko'p qismini tashkil qiluvchi fiqhiy mazhab imomidirlar. Biroq, bu zot xususlarida tarqalgan gaplarning son-sanog'i yo'q. Ba'zilar ul zotni johil, ba'zilari bid'atchi, yana birlari kufrga nisbat berdilar.
Ma'lumki, hanafiylar e'tiqodda moturidiylikka asoslangan bo'lib, uning asli Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatulloxi alayh aqidasiga borib taqaladi. Hullas, moturidiy va hanafiylar Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh singari imon tasdiq va iqrordan iborat, unga amal kirmaydi, deydilar. Shuningdek, ularda imon yaxlit hisoblanadi, imon ziyoda ham bo'lmaydi, kam ham bo'lmaydi. Hatib Bag'dodiy rahmatullohi alayh “Tarixi Bag'dod” asarida aytishiga qaraganda, Qozi Sharik ibn Abdulloh an-Naxa'iy (r.h.): “Abu Hanifa Alloh taoloning ikki oyatiga kufr keltirgan emish. Biri, “Namozlarini barpo qiladilar va zakot beradilar. Va mana shu mustahkam dindir!” (Bayyina, 5) oyati karimasi, ikkinchisi esa, “Imonni o'z imonlari bilan birga ziyoda qilishlari uchun ...” (Fath, 4) oyati karimasidir. Abu Hanifa imonni ziyoda ham bo'lmadi, kam ham bo'lmaydi, deb o'ylagan. Yana u namozni Allohning dinidan emas, deb o'ylagan”, deb ayblagan Astag'firulloh!
Mana, “takfir” natijasi, uning ayanchli oqibati! Musulmonlar bilib-bilmay o'z imomlarini, islomning eng buyuk mujtahid imomlarini ham bid'atchilikda, johillikda, kofirlikda aybalaganlar. Lekin, shuni faxr bilan aytamanki, bizning xalqlar – O'rta Osiyo xalqlari o'z imomlarini xor qilgan emaslar, ayblagan emaslar. Ularga juda katta hurmat va ehtirom bilan ta'zimda bo'lganlar. Qayerda olim xor bo'lgan, ayblangan, ta'na toshlari otilgan bo'lsa, u boshqa yurtlarda bo'lib o'tgan. O'z imomlarini masjidlarda turganida qavmi bilan birgalikda portlatib yuborganlar ham, o'zlarini musulmon deb bilgan ming-minglab odamlarni ommaviy qatl qilib turib, “Mana, biz islom davlati qurdik”, deb olamga jar solganlar ham boshqa yurt vakillaridir, bu holatdagi ayanchli hodisalar bizda bo'lgan emas. Bunga shonli tariximiz guvoh!
Manbalar asosida Jamalov Nurullohon tayyorladi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati