Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Missionerlik – millat va din kushandasi

29.04.2022   1338   3 min.
Missionerlik – millat va din kushandasi
Hozirga axborot almashuvi rivojlangan, dunyoning xohlagan joyidan turib xohlagan kishiga axborot etkazish imkoni bo'lgan bu davrda muqaddas dinimizni tuhmat va bo'htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o'nib-o'sib kelayotgan yosh avlodimizga to'g'ri tushuntirish Islom madaniyatining ezgu-g'oyalarini keng targ'ib etish vazifasi hamon dolzarb bo'lib qolmoqda.
 
Bir necha diniy ekstremistik oqim va yo'nalishlar faoliyati tobora keskinlashib borayotgan bir davrda muqaddas Islom dinimizga va milliy ma'naviyatimiz hamda qadriyatlarimizga rahna solishga urinayotgan noislomiy yo'nalishlardan biri bu Missionerlik yo'nalishidir. 
 
Missionerlik to'g'risida so'z ochganda, avval uning kelib chikishi va rivojlanishi davriga to'xtalib o'tish lozim bo'ladi.
 
“Missionerlik” tushunchasi umumiy ma'noda biror dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar o'rtasida boshqa dinni targ'ib qilish ma'nosini anglatadi. Missionerlik, asosan xristianlik diniga xosdir. Bunday harakat xristianlik dini qadimiy Vizantiya imperiyasining davlat dini sifatida e'lon qilingan davrdan buyon amalga oshirilib kelmokda. Hristian ruhoniylari dastavval missionerlik harakatini Yevropa va Yaqin Sharqdagi ko'pxudolikka e'tiqod qilib kelgan aholini yakkaxudolikka da'vat qilish bayrog'i ostida olib bordilar. Shu tariqa IVasrda paydo bo'lgan xristian missionerligi XIII-XVI asrlarda Hindiston, Hitoy, va Yaponiyaga kirib bordi.
Katolik cherkovida esa missionerlik Ispaniya va Portugaliya imperiyalari tashkil topgach (XIII-XVIasrlar) da taraqqiy etdi.
 
Missionerlik harakati Buyuk Rim imperiyasiga yangi erlarni o'zlashtirishga katta yordam berdi. Katolik missionerligiga raxbarlik qilish uchun papa Grigoriy XV 1662 yilda “Diniy targ'ibot kongregatsiyasi” ni ta'sis etdi.
XIX asrga kelib esa missionerlik yangidan faollashdi.Ushbu harakat vakillari bo'lgan missionerlar o'z faoliyatlarini Afrikada keng tarzda yoyib, o'z mamlakatlarining siyosatini o'tkazishga yordam berdilar.
 
Missionerlarning turli davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida olib borayotgan faoliyati xristianlikni targ'ib qilishda maxsus adabiyotlar, audio va videokassetalarni mahalliy tillarda tayyorlash va bepul tarqatish masalalariga e'tibor qaratadilar.
 
Yuqoridagi kabi misollarni yana davom ettirish mumkin. Ammo shularning o'zi ham missionerlik harakati turli din vakillari o'rtasida hamda musulmonlar orasida dinlararo va millatlararo nizolarni keltirib chiqarishga zamin yaratish mumkin ekanligiga dalolat beradi.     
 
Hulosa qilib aytganda bugungi kunda missionerlik harakati insonlar orasida hamda ba'zi-bir yoshlarimiz nigohida  diniy mutaassiblikning o'ziga xos ko'rinishi sifatida namoyon bo'lmoqda desak aslo mubolag'a bo'lmaydi.   

L.Olimov
Kitob tuman bosh imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

MUQADDAS QADRIYAT VA UNI NIQOB QILGAN MANFUR SIYOSAT: SHAHIDLIK MASALASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

26.08.2026   16287   8 min.
MUQADDAS QADRIYAT VA UNI NIQOB QILGAN MANFUR SIYOSAT: SHAHIDLIK MASALASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.

“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.

Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.

Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!

Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.

Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.

Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.

Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.

Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:

1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.

2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.

Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.

Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.

Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).

Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).

Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:

⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.

⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.

⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.

⏺ G‘arq bo‘lganlar.

⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).

⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.

⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.

⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.

⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.

⏺ Juma kechasi vafot topganlar.

⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.

⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.

⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.

⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.

⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.

⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.

⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.

⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.

⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.

⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.

⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.

⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.

⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.

⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.

⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.

⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.

⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.

⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.

⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.

⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.

Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA