Inson bir manzildan ikkinchi manzilga bormoqchi bo'lar ekan, albatta, u yo'l tanlaydi. Bir manzildan ikkinchi manzilga borishda yo'llar ko'p bo'lishi mumkin. Ba'zi bir yo'l ko'zlangan manzilga to'g'ridan to'g'ri borsa, ba'zi bir yo'llar esa egri, qing'ir-qiyshiq yo'llardan iborat bo'ladi.
Mo'min-musulmon ham bu dunyoda ham yaxshilik, oxiratda ham yaxshilik keltiradigan yo'lni tanlaydi. Mo'min-musulmon yuradigan yo'l do'zaxga olib bormaydigan, Allohning roziligini topib, jannatga eltadigan yo'l bo'lishi zarur.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam O'z davrlarida biz mo'min-musulmonlarga “Allohning to'g'ri yo'lini ko'rsatib berganlar. Bu haqda Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo'llari bilan bir chiziqni chizdilar va: “Bu – Allohning to'g'ri yo'li”, – dedilar. Chiziqning o'ng va chap tomonidan yana (chiziqlar chizib): “Bu yo'llar shunday yo'llarki, har birida shu yo'llarga chorlaguvchi shayton turadi”, dedilar. So'ng “Albatta, bu Mening to'g'ri yo'limdurki,unga ergashing va (turli boshqa) yo'llarga ergashmangki, sizlarni Uning yo'lidan bo'lib yuborur” oyatini o'qidilar (Imom Ahmad rivoyati).
Hozirgi kundagi musulmonlarning turli xil ixtilof qilishlari, bir-birlarini kufrda ayblashlari, fitna-fasod tarqatishlari Shayton chorlab turgan yo'llardir. Shayton chorlab turadigan yo'llardan ehtiyot bo'lib, Alloh taoloning haq yo'lida harakat qilishimiz lozim.
Alloh taolo barchamizni Shayton chorlab turgan yo'llardan saqlanib, O'zining to'g'ri yo'lida bardavom qilsin!
R, Akbarov,
O'MIning Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi
Tili va dili bilan iymon keltirib, uning taqozosiga ko‘ra go‘zal hayot kechirgan inson komil mo‘min deyiladi. Bunday kishilar do‘zax yuzini ko‘rmay, Allohning fazli-marhamati ila to‘g‘ri jannatga kiradilar. Tili va dili bilan iymon keltirib, katta gunohlar qilib, tavba qilmay vafot etgan inson fosiq mo‘min hisoblanadi...
Tili bilan iymon keltirib, qalbida iymoni bo‘lmagan kimsa munofiq hisoblanadi. Bunday kishiga dunyoda mo‘minlarga o‘xshab muomala qilingani bilan oxiratda ular uchun hech qanday nasiba bo‘lmaydi, Alloh asrasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZARning “Rabboniy nidolar” kitobidan