Jihod so'zi lug'atda “g'ayrat qilmoq”, “harakat qilmoq”, “intilmoq”, “zo'r bermoq”, “bor kuchini sarflamoq”, “kurashmoq”, “mehnat qilmoq” kabi ma'nolarni ifodalaydi.
Hozirgi vaqtda buzg'unchi toifalar o'zlari ilgari surayotgan g'oyaga erishish va g'o'r yoshlarni ergashtirish maqsadida yangi “jihod” turlarini o'ylab topib, ulardan foydalanishga urinmoqdalar. Ular ko'pgina musulmonlarning Islom ahkomlarini bilmasligi, ilmiy saviyaga ega emasligidan foydalanib, “jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ'ib qilib, nohaq qon to'kilishiga sababchi bo'lishadi. Bunga ularning dunyoning turli chekkalarida “jihod” niqobi ostida sodir etayotgan qo'poruvchilik harakatlari misol bo'la oladi. Ular nafaqat boshqa din vakillari, balki musulmonlarga qarshi zo'ravonlik, qo'poruvchilik hamda bosqinchilik xatti-harakatlarini asoslash va oqlash uchun «jihod» tushunchasidan foydalanmoqdalar.
Jihod haqidagi oyatlarning barchasi o'rganib chiqilganida shu narsa ma'lum bo'ladiki, Islomda jihod hukmi sharoitga qarab o'zgarib turadi.
Jihod ikki qismdan iborat: talab va mudofaa. Talab jihodi hozir yo'qligiga ulamolar ijmo' qilishgan. Chunki hozirda hamma davlatlar urushmaslikka kelishganlar va o'zaro aloqalar o'rnatib, elchixonalar ochganlar. Mudofaa jihodi dushmanlar musulmon yurtga urush qilib, bostirib kirsalar, himoya uchun bo'ladi.
Qur'oni karimda begunoh odamlarning joniga qasd qilish qoralanadi. Jumladan, “Niso” surasining 93-oyatida bunday marhamat qilinadi: “Kimda-kim qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g'azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo'ygay”.
Hadislarda ham bu borada ko'plab xabarlar kelgan. Jumladan, Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning nazdida bir musulmon kishining nohaq qatl etilishidan ko'ra, yorug' dunyoning barbod bo'lib ketishi engilroqdir”, dedilar”.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytganlar: «Qo'li bilan va tili bilan o'zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Alloh yo'lida jihod qilgan kishidir».
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, bizning vatanimiz O'zbekistonda bu kabi noto'g'ri fikrlarning tarqalishining oldini olishimiz kerak. Ulamolarimizdan so'rab, o'rganmay turib internet tarmog'iga ishonib qolmasligimiz kerak. Umuman, g'arazgo'ylarning aldoviga yoshlarimiz ilinib qolmasliklari uchun barcha choralarni ko'rishimiz lozim.
Akbarali Yusufjanov
Uchqo'rg'on tuman Saidxon eshon jome' masjidi imom xatibi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati