Ro'zador kishi halim bo'lishi, o'zgalar bilan urishib tortishmasligi, jahli chiqqan vaqtda ham o'zini qo'lga ola bilishi ro'zaning odoblaridan hisoblanadi. Bu haqida payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ، أَنَّ النَّبِىَّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: » الصِّيَامُ جُنَّةٌ إِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ صَائِمًا فَلاَ يَرْفُثْ وَلاَ يَجْهَلْ فَإِنِ امْرُؤٌ قَاتَلَهُ أَوْ شَاتَمَهُ فَلْيَقُلْ إِنِّى صَائِمٌ إِنِّى صَائِمٌ «. رَوَاهُ اَبُو دَاوُدَ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ro'za qalqondir. Qachon birortangiz ro'zador bo'lsa yomon gap gapirmasin, johillik qilmasin. Agar biror kishi u bilan urushsa yo uni haqorat qilsa: “Men ro'zadorman, men ro'zadorman”, desin”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.
Hadisi sharifdagi “qalqon” deya tarjima qilingan “junnatun” kalimasi lug'atda “to'suvchi”, “himoya qiluvchi” kabi ma'nolarni anglatadi. Shunga ko'ra ulamolar ushbu kalimadan qanday ma'no ko'zlangani haqida quyidagilarni aytganlar:
– Ro'za, gunoh ma'siyatlardan himoya qiluvchidir. Chunki u tufayli ro'zador tanasidagi shayton yuradigan yo'llar bo'lgan taom va qon yo'llari torayadi. Ana shu e'tibordan ro'za uni gunohlardan himoya qiluvchi bo'ladi;
– Ro'za, do'zaxdan to'suvchidir. Chunki iymon va savob umidida tutilgan ro'za ro'zadorning oldingi gunohlari mag'firat qilinishiga sabab bo'ladi. Ana shu e'tibordan u do'zaxdan to'suvchi bo'ladi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so'zlarining davomida ro'zadorga “yomon gap gapirmasin”, deya tayinlaganlar. Ya'ni, birovni haqoratlash, birov ustidan kulish, la'nat aytish va fahsh gaplarni gapirish kabi shariat man qilgan gaplardan qaytarganlar. Demak, ro'zador kishi halim bo'lishi, o'zgalar bilan urishib tortishmasligi, jahli chiqqan vaqtda ham o'zini qo'lga ola bilishi ro'zadorning odoblaridan hisoblanadi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ro'zadorning yana bir sifatini ta'kidlab “johillik qilmasin”, deganlar. Ya'ni, ro'zador shariat man qilgan noto'g'ri so'zlarni gapirmasin va noto'g'ri ishlarni qilmasin. Shunga ko'ra ro'zador kishini birov urishib haqorat qilgan taqdirda ham: “men ro'zadorman, men ro'zadorman” deyishi va uning haqoratiga “javob” qaytarishdan o'zini tiyishi lozim. Ana shunda u ro'zaning hurmatini saqlagan hamda mazkur hurmat sababli o'ziga johillik qilayotgan beodob kimsani ham odobga chaqirgan bo'ladi.
Demak, ro'zador kishi agar mazkur holatlarga tushib qolsa, eshitiladigan darajada “men ro'zadorman, men ro'zadorman” deyishi kerak. Ana shunda, avvalo, o'zining ro'zador ekanini yodga olib, shunga munosib bo'lishga harakat qiladi. Qolaversa, unga johillik qilayotgan kimsaga ham ro'zaning hurmati tufayli uning beadabchiligiga sabr qilishini, yomonligiga yarasha javob bermasligini bildirib qo'yadi.
E'tibor beriladigan bo'lsa aslida ro'za bo'lmagan paytlarda ham uni qilish mumkin bo'lmagan ishlardan ro'zada ta'kidlab qaytarilgan. Buning hikmati haqida ulamolar shunday deganlar: “Inson bir narsadan uzluksiz bir oy o'zini saqlasa, o'sha narsa uning odatiga aylanib mazkur muddatdan keyin ham doimo undan saqlanadigan bo'lib qoladi”.
Shu ma'noda hozirgi kunimizda ham ayrim muhim xavfsizliklarni insonlarning odatlariga aylantirish maqsadida ba'zi oylarni “harakat xavfsizligi oyligi”, yoki “yong'in xavfsizligi oyligi” kabi nomlar bilan atalayotgani barchaga ma'lum bo'lgan oddiy haqiqatdir.
Zero ro'zadan ko'zlangan asosiy maqsad boshqa payt iste'mol qilish mumkin bo'lgan eyish-ichish kabi narsalardan saqlanishdangina iborat emas, balki nafsni jilovlash malakasini hosil qilishdir.
Demak Ramazon oyida mazkur qaytariqlarning ta'kidlanishi faqatgina uning boshqa oylardan afzal ekanini bildirib qo'yish uchun emas, balki bu oyda odatga aylangan ishlar boshqa barcha oylarda ham bardavom bo'lishi uchundir. Shunga ko'ra Ramazonda o'zlashtirilgan sifatlarni odatlariga aylantirib olganlarning oilalarida va bunday oilalardan tashkil topgan jamiyatda tinchlik, totuvlik va xayru baraka butun yil bo'yi davom etadi.
Alloh taolo barchalarimizni dunyoda gunohlardan, oxiratda do'zaxdan qalqon bo'ladigan darjadagi ro'za tutish baxtiga muvaffaq qilsin.
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg'ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo'lsin!
Abdulqodir Abdur Rahim
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.