Soxta salafiylarning Hanafiy mazhabiga zid asosiy da'volariga ko'ra har qanday yangilikni “bid'at” deb hisoblab, uni rad etadilar.
“Bid'at” so'zi lug'atda “o'xshashi bo'lmagan yangi narsani paydo qilish, diniy aqidalarga kiritilgan o'rinsiz isloh”, – degan ma'noni bildiradi. Istilohda esa Alloma Izziddin ibn Abdussalom shunday ta'riflaganlar:
اَلْبِدْعَةُ فِعْلُ مَا لَمْ يُعْهَدْ فِي عَصْرِ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ
“Bid'at – Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida bo'lmagan narsani amalga oshirishdir”
Demak, ibodatlarda asri saodatda uchramagan, balki, keyinchalik dinda yangi paydo bo'lgan amallar bid'at hisoblanar ekan.
Binobarin, bid'at deganda, asosan shar'iy hukmlarga oid bo'lgan va sha'riy manbalarda qayd etilmagan, keyin joriy etilgan yangi amallar tushunilgan. Bunda dunyoviy ishlar nazarda tutilmagan. Ya'ni ilm-fan taraqqiyoti, texnika va texnologiyalar yutuqlari kabi zamon yangiliklaridan foydalanish qaytarilgan ish hisoblanmaydi. Ba'zilar avto ulovdan foydalanish, elektr energiyasini ishlatish kabilarni ham bid'at deb hisoblaydi va ularga “bid'ati hasana” deb nom qo'yadilar. Ya'ni “yaxshi bid'at deb nomlaydilar.
Shariatga yangilik kiritish bid'at bo'ladi. Masalan, namoz rakatlariga, ro'za hukmlariga, hajning ruknlariga o'zgartirish kiritish mumkin emas. Chunki bu masalalar aniq belgilab qo'yilgan. Masalan, namozning bir rakatida ikki marta sajda qilinadi. Kimki savobni ko'paytiraman deb uch marta sajda qilsa bid'atchi bo'ladi.
Ulamolarimiz bid'atni ikki qismga bo'lganlar: bid'ati hasana (yaxshi bid'at) va bid'ati sayyia (yomon bid'at).
Bid'ati hasana – shariatda asli bo'lgan amalni shu aslga tayanib, uni shakllantirish uchun joriy qilingan qo'shimcha amallarga aytiladi. Bunga hazrati Umar raziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo'lgan Taroveh namozini Rasululloh sallallohu alayhi va sallam jamoat bilan o'qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrlarida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o'qishni joriy qildilar va: “Qanday yaxshi bid'at bo'ldi”, – dedilar.
Shunga binoan diniy ilmlar o'rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sallohu alayhi vasallamni go'zal siyratlarini targ'ib qilish uchun mavlid o'qish singari din asoslariga zid bo'lmagan amallar bid'ati hasana bo'ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid'ati sayyia esa – shar'iy asosga ega bo'lmagan biror amal yoki e'tiqodni joriy etishdir. Bunday bid'at ayni zalolat bo'lib, uni shariatimizda rad etilgandir. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
“مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ” (رَوَاهُ الإمام البُخَارِيُّ وَالإمام مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ).
ya'ni: “Kim bizning dinimizda unda bo'lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadis sharhida bunday deydilar: “Bu – dinni soxtalashtirib, buzishdan asrovchi hadislar jumlasidan bo'lib, muhim qoidani o'z ichiga olgan. Ya'ni, dinga zid va dinning dalillari, qoidalariga xilof bo'lgan har qanday bid'atni rad qilish lozim ekanligini ifodalaydi. Ammo dinga zid bo'lmagan, shu bilan birga, uning asoslariga tayangan holda keyinchalik dinni himoyalash uchun joriy qilingan amallar rad etilmaydi” (“Fathul boriy sharhi sahihil Buxoriy” kitobi).
Hanafiy mazhabining muhaqqiq olmlaridan Mulla Ali Qori shunday deydilar:
ومعنى الحديث : أن من أحدث في الإسلام رأياً لم يكن له من الكتاب والسنة سند ظاهر أو خفي ، ملفوظ أو مستنبط ، فهو مردود عليه
ya'ni: “…Hadisning ma'nosi, kim Islomda bir “fikr” o'ylab topsa, unga Qur'ondan ham, sunnatdan ham, ochiq oydin yoki maxfiy, lafziy yoki mustanbat (ijtihod qilib topilgan) asos bo'lmasa, u (fikr yoki amal) rad qilingandir” (“Mirqotul mafotih” kitobi).
Ulamolarimiz bid'ati hasana va bid'ati sayyia o'rtasini ajratib olish uchun asosiy mezon bu – shariatimizning umumiy qoidalaridir, deganlar. Ya'ni, Payg'ambar alayhissalom davrlarida kuzatilmagan biror bir amal ushbu shariat qoidalariga muvofiq kelsa, zalolatga boshlovchi bid'at sanalmaydi. Aksincha, maqtalgan, yaxshi bid'at sanaladi.
Demak, Payg'ambarimiz alayhissalom davrilarida bo'lmagan har bir amal ham yomon bid'at bo'lavermaydi. Balki, shariatimizning umumiy qoidalariga zid bo'lgan yoxud unga asoslanmagan har qanday amal yoki e'tiqod zalolatga boshlovchi bid'at sanaladi. Har bir musulmon aynan ushbu bid'atdan saqlanishi lozim bo'ladi.
Avazbek To'rayev
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati