Imom A'zam nomi bilan mashhur zot Abu Hanifa No''mon ibn Sobit ibn Zutiy 80-xijriy sanada Ko'fada tavallud topganlar. Bu zot Hanafiy mazhabiga asos solganlar. Otalari Sobit ibn Zutiy. Asli fors bo'lganlar. Bobolari esa Qobullik bo'lganlar.
Otalari Termizda ham yashaganlar. Oxiri oilalari bilan Ko'faga kelib, Imom A'zam shu erda tavallud topganlar. Otalari Sobit hazrati Ali roziyallohu anhu bilan uchrashganlar va o'zlariga, zurriyotlariga baraka tilab, u kishidan duo olganlar. Imom A'zam yoshliklarida so'ngi sahobalardan ilm va tarbiya olganlar va 22 yoshlarida Hammod ibn Abu Sulaymonga shogird bo'ladilar. So'ngra vafotlarigacha 18 yil davomida shu zotdan ilm va tarbiya oladilar. Islom olamida fiqh ilmi markazi bo'lgan Ko'fa va Basra shahri ulamolariga etakchilik qiladilar.
Iroq voliysi Muhammad ibn Hubayr Abu Hanifani qozilikka taklif qiladi. Ul zot bu ishga xolis bo'lish qiyin deb, qozilikdan bosh tortadilar. Iroq voliysi u kishini majburan qozi qilmoqchi bo'lganida, Abu Hanifa xafa bo'lib ketib qoladilar, Abu Hanifa shu sababli Iroqni tark etib, Hijozga va Makkai Mukarramaga yul oladilar , u erda fiqh , hadis, tarixga doir ko'pgina asarlarni yozadilar. Halifalik tepasidan Muoviya avlodlari ketib, Abbosiylar kelgach, Abu Hanifa yana Iroqqa qaytadilar. Bag'dodga kelib qoziyul-quzzot bo'lishlikka chaqirishadi. Abu Hanifa bu davlat mansabidan ham bosh tortadi.
Halifa Al-Mansur Abu Hanifani bu ishdan bosh tortgani uchun jazolab, zindonband etadi. Abu Hanifaning "Fiqhul Akbar" yoki "Asl at Tavhid" nomli asarlari musulmon qonunshunosligida dastlabki yozma manbalardan hisoblanadi. Imom A'zam bu asarlarida Alloh taoloning birligi,zoti va sifatlari, kalomi, qudrati, irodasi, iymon, qazo va qadar, xayr va savob, gunoh va azob, fazoilu nubuvvat, zuxd va taqvo masalalalaridagi ilohiy hukmlarni bayon etadi. Abu Hanifa hukm chiqarish uchun Qur'oni Karim hukmlariga muvofiq keluvchi qiyos va ijmo', istihson va urf kabi xuquqiy qoidalarni kashf etdilar va hayotga tatbiq etdilar. Imom A'zam "Fiqhul Akbar" kitoblarida shuningdek, murji'a va mu'tazila oqimlariga o'z munosabatlarini bildirib, ularda falsafa va huquqqa oid chigal masalalarini hal etishning to'g'ri yullarini ko'rsatdilar.
Alloh barchamizni bu zotning mazhablarida sobit qadamlardan qilsin.
Muhammadxon Nuriddinov
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati