...Shunga binoan diniy ilmlar o'rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sallohu alayhi vasallamni go'zal siyratlarini targ'ib qilish uchun mavlid o'qish singari din asoslariga zid bo'lmagan amallar bid'ati hasana bo'ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid'ati sayyia esa – shar'iy asosga ega bo'lmagan biror amal yoki e'tiqodni joriy etishdir. Bunday bid'at ayni zalolat bo'lib, uni shariatimizda rad etilgandir. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
“مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ” (رَوَاهُ الإمام البُخَارِيُّ وَالإمام مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ).
ya'ni: “Kim bizning dinimizda unda bo'lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadis sharhida bunday deydilar: “Bu – dinni soxtalashtirib, buzishdan asrovchi hadislar jumlasidan bo'lib, muhim qoidani o'z ichiga olgan. Ya'ni, dinga zid va dinning dalillari, qoidalariga xilof bo'lgan har qanday bid'atni rad qilish lozim ekanligini ifodalaydi. Ammo dinga zid bo'lmagan, shu bilan birga, uning asoslariga tayangan holda keyinchalik dinni himoyalash uchun joriy qilingan amallar rad etilmaydi” (“Fathul boriy sharhi sahihil Buxoriy” kitobi).
Hanafiy mazhabining muhaqqiq olmlaridan Mulla Ali Qori shunday deydilar:
ومعنى الحديث : أن من أحدث في الإسلام رأياً لم يكن له من الكتاب والسنة سند ظاهر أو خفي ، ملفوظ أو مستنبط ، فهو مردود عليه
ya'ni: “…Hadisning ma'nosi, kim Islomda bir “fikr” o'ylab topsa, unga Qur'ondan ham, sunnatdan ham, ochiq oydin yoki maxfiy, lafziy yoki mustanbat (ijtihod qilib topilgan) asos bo'lmasa, u (fikr yoki amal) rad qilingandir” (“Mirqotul mafotih” kitobi).
Ulamolarimiz bid'ati hasana va bid'ati sayyia o'rtasini ajratib olish uchun asosiy mezon bu – shariatimizning umumiy qoidalaridir, deganlar. Ya'ni, Payg'ambar alayhissalom davrlarida kuzatilmagan biror bir amal ushbu shariat qoidalariga muvofiq kelsa, zalolatga boshlovchi bid'at sanalmaydi. Aksincha, maqtalgan, yaxshi bid'at sanaladi.
Demak, Payg'ambarimiz alayhissalom davrilarida bo'lmagan har bir amal ham yomon bid'at bo'lavermaydi. Balki, shariatimizning umumiy qoidalariga zid bo'lgan yoxud unga asoslanmagan har qanday amal yoki e'tiqod zalolatga boshlovchi bid'at sanaladi. Har bir musulmon aynan ushbu bid'atdan saqlanishi lozim bo'ladi.
Avazbek To'rayev
Bu oyat taqvodorlarga va’da qilingan jannatni sifatlab berish ma’nosida bo‘lishi mumkin. Oyat “taqvodorlarga va’da qilingan jannat kofirlarga va’da qilingan do‘zaxga o‘xshash bo‘ladimi?” degan ma’noda bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni jannat bilan do‘zax birbiriga o‘xshash emas.
Alloh taolo boshqa bir oyatda jannat haqida bunday marhamat qiladi: “Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli: ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilar uchun lazzatbaxsh xamrli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va Rabbilaridan mag‘firat bordir. Ular do‘zaxda mangu qoladigan, o‘ta qaynoq suv bilan sug‘orilib, ichaklari titilib ketadigan kimsa (kofirlar)ga o‘xsharmidi?” (Muhammad surasi, 15-oyat).
Alloh taolo bu oyatda bunday demoqda: “Sifati shunday doimiy ne’matlar ichra bo‘lgan kishilar mudom azoblanadigan, sifatlari ana unday bo‘lgan kimsalar kabi bo‘lurmi?” Ya’ni jannatiylar do‘zaxiylar kabi bo‘lmaydi. Shundan oldin kelgan oyat ham ushbu oyatga qiyos qilinadi.
“Uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari doimiydir”. Ya’ni jannatning mevalari doimiy bo‘lib, aslo tugab qolmaydi. Ular dunyo mevalari va uning ne’matlariga o‘xshamaydi. Dunyo mevalarining har qanday turi vaqti bilan tugab qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo oxirat jannatining mevalari va undagi jamiki ne’matlar uzluksiz, doimiy ekanini hamda kofirlarga oxiratning azobi ham bardavom ekanini xabar qildi.
“Va soyalari…” Alloh taolo jannatning soyasi ham uzluksiz ekani, unda botishi bilan soyasi ham yo‘qoladigan quyosh bo‘lmasligini bayon etib, undagi barcha ne’matlarning davomiyligi va manfaatli bo‘lishini bildirdi. Soyada manfaat bor, lekin zarar yo‘q, quyoshda esa foyda bilan birga zarar ham bordir. Xuddi shunday, dunyo hayotida barcha narsalarda foydali taraflari bilan birga zararli jihatlar ham bo‘ladi. U ne’matlar kelishi vaqti bilan to‘xtab, zavol topadi. Alloh taolo oxiratdagi soya, jannatdagi barcha ne’matlar zararsiz, uzluksiz, boqiy bo‘lishini va ular dunyodagi soyaga va ne’matlarga o‘xshamasligini xabar qildi.
“Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Bu oyat ning zohirini e’tiborga oladigan bo‘lsak, go‘zal oqibat shirkdan saqlanganlarga bo‘lishi aytildi. Chunki Alloh taolo kofirlarning oqibati do‘zax ekanini zikr qildi. Ya’ni ular ning oqibati, jazosi do‘zaxdir. Jannat esa shirkdan saqlanganlarning mukofotidir.
“Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Yoki ushbu iboraning ma’nosi: “Taqvo qilganlar ning oqibati jannatdir, kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”.
Mufassirlardan ba’zilari Alloh taoloning “Bu taqvo qilganlarning oqibatidir” oyatining ma’nosini bunday bayon qiladi: “Ularning amallari, yaxshiliklarining oqibati jannatdir. Alloh taoloning yagonaligiga kufr keltirgan kimsalar amallarining oqibati esa do‘zaxdir”.
Imom Abu Mansur MOTURIDIYning “Ta’vilotul Qur’on” asaridan
Abdulatif ALLOQULOV tarjima qildi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws