بسم الله الرحمن الرحيم
ZAKOT – MOLIYaVIY IBODAT
Muhtaram jamoat! Islom nuqtai nazarida insonga berilgan mol-mulk ham sinovlardan biridir. Odam molu davlatini Alloh taolo va Payg'ambari ko'rsatganidek sarf qilsa, to'g'ri yo'lga va ezgulikka ishlatsa, mol-mulk unga berilgan ne'mat bo'ladi. Agar mol-mulkini gunohga va er yuzida buzg'unchilik qilishga sarflasa, bu uning uchun azobga aylanadi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
إِنَّمَا أَمْوَالُكُمْ وَأَوْلَادُكُمْ فِتْنَةٌ وَاللَّهُ عِنْدَهُ أَجْرٌ عَظِيمٌ
ya'ni: “Sizlarning mol-mulklaringiz va farzandlaringiz faqat bir sinovdir. Ulug' mukofot esa Allohning huzuridadir” (Tag'obun surasi 15-oyat).
Mol-dunyo fitnasi mo'min uchun katta sinovdir. Bu sinovni hamma ham engib o'ta olmaydi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu haqda shunday deydilar:
﴿إِنَّ لِكُلِّ أُمَّةٍ فِتْنَةً، وَإِنَّ فِتْنَةَ أُمَّتِي الْمَالُ﴾
ya'ni: “Har bir ummatning sinovi bor. Ummatimning sinovi moldir” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Imom Ahmad rahimahulloh aytadilar:
اُبْتُلِيْنَا بِالضَّرَّاءِ فَصَبَرْنَا، وَابْتُلِيْنَا بِالسَّرَّاءِ فَلَمْ نَصْبِرْ
ya'ni: “Qiyinchilik bilan imtihon qilinganda sabr qildik. Kengchilik bilan sinalganda, sabr qila olmadik”.
Dinimizda mol-dunyoning muhabbati qalbni egallamasligi uchun turli sadaqalar va infoq-ehson qilib turishga buyuriladi. Mana shu sadaqalarning boshida boylarga farz bo'lgan zakot turadi. Sadaqalar ichida eng savoblisi ham zakotdir. Chunki amallar ichida eng savobi ko'pi farz amallardir. Nafl sadaqalar undan keyin turadi.
Zakot – Islomning besh farzidan biri, moliyaviy ibodatdir. Uning “o'sish”, “salohiyat” va “poklash” kabi ma'nolari bor. Istilohda esa, boy kishi ma'lum bir mollardan zimmasiga vojib bo'lgan miqdorni kambag'alga mulk qilib berishidir. Zakot berishda nisob (boylikning eng kam miqdori) va yil o'tishi e'tiborga olinadi. Zakot bir yilda bir marta beriladi.
Zakotning farzligiga Qur'oni karim, hadisi shariflar va ummatning ijmosi dalolat qiladi. Alloh taolo shunday deydi:
وَأَقِيمُوا الصَّلاَةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ
ya'ni: “Namozni qoim qiling va zakotni bering...” (Baqara surasi 43-oyat). Qur'oni karimda xuddi shu buyruq sakkiz marta takrorlangan.
Payg'ambarimiz alayhissalom Islom besh narsa ustiga qurilganini zikr qilib ularni ichida zakotni ham sanadilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
U Zot atrofdagi musulmonlarning zakot mollarini yig'ish uchun xodimlar jo'natar edilar. Jumladan, Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuni Yamanga jo'nata turib:
﴿أَعْلِمْهُمْ أَنَّ اللَّهَ افْتَرَضَ عَلَيْهِمْ صَدَقَةً فِي أَمْوَالِهِمْ تُؤْخَذُ مِنْ أَغْنِيَائِهِمْ وَتُرَدُّ عَلَى فُقَرَائِهِمْ﴾
ya'ni: “Ularga ma'lum qilingki, Alloh taolo ularning molida boylaridan olinib kambag'allariga qaytariladigan bir sadaqani vojib qilgan”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Zakotni bermaydiganlarni Alloh taolo qattiq azob bilan ogohlantiradi:
وَالَّذِينَ يَكْنِزُونَ الذَّهَبَ وَالْفِضَّةَ وَلَا يُنْفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَبَشِّرْهُمْ بِعَذَابٍ أَلِيمٍ
ya'ni: “...Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo'lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida «xushxabar» bering!” (Tavba surasi 34-oyat).
Zakot berganda nafaqat mol poklanadi, balki bu bilan mo'minning qalbi ham poklanadi. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا وَصَلِّ عَلَيْهِمْ إِنَّ صَلَاتَكَ سَكَنٌ لَهُمْ وَاللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ
ya'ni: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling va ular (haqqi)ga duo qiling! Albatta, duoingiz ularga taskin (tasalli)dir. Alloh eshituvchi va biluvchidir” (Tavba surasi 103-oyat).
Demak zakot bergan kishi gunohlardan poklanadi.
“Mo'minun” surasida zikr qilingan, Firdavs jannatini meros qilib oluvchi mo'minlarning bir sifati zakot beruvchi ekanidir. Bu haqida shunday deyiladi:
وَالَّذِينَ هُمْ لِلزَّكَاةِ فَاعِلُونَ
ya'ni: “Ular zakotni ado etuvchidirlar” (Mo'minun surasi, 4-oyat).
Bu zakot ibodati bizdan avvalgi ummatlarga ham farz bo'lgan edi. Qur'oni karimda Ibrohim, Lut, Ishoq, Yaqub, Ismoil, Muso va Iso alayhimussalomga zakot farz qilingani haqida bayon qilinadi. Demak, zakot ham qadimiy ibodatlardan biridir. Qur'oni karimda Iso alayhissalom tilidan aytiladi:
وَجَعَلَنِي مُبَارَكًا أَيْنَ مَا كُنْتُ وَأَوْصَانِي بِالصَّلَاةِ وَالزَّكَاةِ مَا دُمْتُ حَيًّا
ya'ni: “Yana meni qayerda bo'lsam barakotli qildi va modomiki, hayot ekanman, menga namozni va zakotni (ado etishni) buyurdi” (Maryam surasi 31-oyat).
Muhtaram jamoat! Zakot berish oltin-kumush, tijorat uchun boqilayotgan hayvonlar, xom ashyo, ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi yarim tayyor mahsulotlar va tayyor mahsulotlar, qog'oz pullar, do'kondagi sotiladigan atir-upa, kiyim-kechak va boshqa shularga o'xshash narsalardan o'zi yoki qiymatini chiqarish bilan bo'ladi. Asliy hojatga kiradigan narsalar zakot beriladigan mollarga qo'shilmaydi. Kundalik (asliy) hojatiga yashashi uchun hojatini chiqarib turgan narsalar: uy-joy va uy jihozlari, avto-ulov, sog'in sigir, har bir kasb egasiga o'sha kasb asboblari, eyish uchun saqlab qo'yilgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Bulardan zakot berilmaydi.
Demak, kimning moli nisob (85 gr tilla yoki qiymati)ga etib, bir yil to'lsa, unga zakot farz bo'ladi. Ana shu molning qirqdan birini haqdorga chiqarib beradi. Zakotni ajratayotganda yoki berayotgan paytida zakot berishni niyat qilishi farzdir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi 2022 yil uchun nisob miqdorini 34 mln so'm deb belgiladi. Demak, odamning zaruriy hojatlaridan tashqari mablag'i va tijorat mollari 34 mlndan oshsa, u boylik darajasiga etgan bo'ladi. U endi boshqalardan zakot ola olmaydi. U shu yilning o'zida qurbonlik qilishi, o'zi va balog'atga etmagan bolalariga fitr sadaqasi berishi vojib bo'ladi. Bir yil o'tgach esa boyligi nisobdan kamaymagan bo'lsa, mablag'ining qirqdan birini zakot qilib beradi.
Moli birinchi marta nisobga etgan bo'lsa, bir yil o'tsa ham nisobdan kamayib ketmasa, zakot berishi farz bo'ladi. Doim zakot berib yurgan kishilar, yil davomida qo'shilgan boyligi bir yil aylanishini kutib o'tirishmaydi. O'sha qo'shilgan yilining o'zida qo'lidagi boyligiga qo'shib hisoblab, zakot chiqaradi.
Tijorat uchun sotib olingan har qanday mol mulkni zakot hisobiga qo'shiladi. Agar mol-mulk sotish niyatida olinmagan bo'lsa, qiymati harchand baland bo'lsa-da, undan zakot berilmaydi. Masalan, biror mahsulot ishlab chiqaradigan tsex – korxona va undagi qimmatbaho uskunalardan zakot berilmaydi. Balki ularni ishlatib topgan pulidan zakot beradi.
Kumush, qog'oz pullar va tijorat mollarining zakoti bir-biriga qo'shib hisoblanadi. Lekin chorva mollarining zakoti bularga qo'shilmasdan, alohida hisoblanadi.
Zakot beriladigan chorva mollari yilning ko'p qismida (6 oydan ko'proq) daladan o'tlab yurgan bo'lishi kerak. Qo'lda boqiladigan hayvonlardan, modomiki tijorat maqsadida boqilmayotgan bo'lsa, zakot berilmaydi. Tijorat maqsadida olib boqilayotgan har qanday hayvonlarning qiymati tilla-kumush, qog'oz pul va tijorat mollari qiymatiga qo'shib hisoblanadi.
Zakot beriladigan chorva hayvonlari: qo'y-echki, sigir, tuya va ot. Bu chorvalarning turlari ham bir-biriga qo'shib hisoblanmaydi. Alohida-alohida nisobga etishi shart bo'ladi. Qo'y qirqtaga etsa, bitta qo'y; sigir o'ttiztaga etsa, bitta bir yoshni to'ldirgan buzoq; tuya beshtaga etsa, bitta qo'y; urg'ochi yoki erkak-urg'ochi otlar aralash bo'lganda, otning har bittasidan qiymatining 1/40 i zakot qilib beriladi. Bu hayvonlarning soni ortib borgan sari zakotga beriladigan soni o'zgarib boradi. Ularni batafsil bilib olish uchun fiqh kitoblarga murojaat qilish kerak. Bunda hayvonning o'zidan ham, qiymatini ham berish mumkin. Qaysi hayvon bo'lsa ham, faqat bolalarining o'zi bo'lsa, undan zakot berilmaydi, lekin kattalari bilan aralash bo'lsa, kichiklarini ham hisobga qo'shiladi.
Muhtaram azizlar! Zakot olishga haqdor kishilar asosan kambag'al va miskinlardir. Zakot berishni kambag'al aka-uka, opa-singil va ularning farzandlari, amaki-amma va ularning farzandlari, tog'a-xola va ularning farzandlaridan boshlash afzaldir. Yuqorida sanalganlar ichida haqlilar topilmasa, yon qo'shni, keyin mahalla aholisi, keyin shahar ahliga beradi.
Zakotni nisob miqdoricha moli bo'lgan boy kishiga, o'zining ota-onasi, bobo-momosiga, o'zining o'g'il-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berish mumkin emas.
Shuni eslatib o'tamizki, haqdorlarni topa olmaydiganlar zakot va fitr sadaqalarini masjidlarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi uchun qo'yilgan alohida zakot qutilari orqali ado qilishlari maqsadga muvofiqdir. Zakot va fitr sadaqasi uchun maxsus jamg'arma tashkil qilingan bo'lib, mablag'larning haqdorlarga etib borishi shaffof ko'rinishda olib boriladi.
Azizlar! Quyida O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining milodiy 2022 (hijriy 1443) yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo'yicha qarorini bayon qilamiz:
Shunga ko'ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 34000 000(o'ttiz to'rt million) so'm va undan ortiq pul mablag'i yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moliga ega bo'lgan musulmon kishi, jami mablag'ining qirqdan biri (1/40)ni ajratib, uni zakot niyatida kambag'al va faqirlarga beradi.
Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi o'rtacha narxlari 1 kg. bug'doy – 5 ming, 1 kg. arpa – 4 ming, 1 kg. mayiz – 50 ming va 1 kg. xurmo – 40 ming so'm ekanligini inobatga olib, bu yilgi FITRsadaqasining miqdori quydagicha etib belgilandi:
Har kim o'z imkoniyatiga qarab ushbu to'rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi.
Eslatma: Mazkur qiymatlar Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat o'z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.
Barchamizga Ramazon oyi muborak bo'lsin! Uni g'animat bilib, yaxshiliklar bilan o'tkazishni barchamizga nasib qilsin! Omin!
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.
Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.
O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.
Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.
Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.
– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.
– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.
Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.
– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati