Islomda turli aqidaviy-siyosiy firqa va guruhlarni tashkil toptirish, ularga bo'linish va Islom ummati jamoasidan ajralib chiqish Qur'on, sunnat va ulamolar ijmo'siga binoan haromdir. Bunda ularning ko'zlagan maqsadlariga e'tibor qilinmaydi!
Buning dalillari:
Avvalo Qur'on oyatlarida:
“Barchangiz birgalikda Allohning arqonini mahkam ushlangiz va firqalanib ketmangiz” (Oli Imron 103)
“Ularga ochiq-oydin bayonotlar kelgandan keyin ham firqalanib ixtilofga tushganlar kabi bo'lmangiz. Albatta ular uchun ulkan azob bordir” (Oli Imron 105)
“(Ey Payg'ambar) Dinlarini tafriqa qilib, o'zlari guruhbozlik qilganlar bilan hech bir aloqang yo'q. Albatta, ularning ishi Allohning O'ziga havola. So'ngra qilgan ishlarining xabarini berur” (An'om 159)
Ushbu oyatlar tafsirida Imom Nasafiy rahimahulloh o'zlarini “Madorikut tanzil va haqoiqut ta'vil” nomli tafsirlarida quyidagilarni aytganlar: “Bo'linib ketmangiz va bo'linishni keltirib chiqaruvchi holatlardan ham uzoqda bo'lingiz. Haq borasida (ya'ni Qur'on, hadis va ummat ijmo'si borasida) yahudiy, nasroniylar firqalanib ketganlari kabi yoki Islomdan avval johiliyatda mutaassib qabilachilik qilganingiz kabi bo'linib olmang”.
Guruhga bo'linish harom bo'lgach guruh tuzishning hukmi ham harom, guruhga a'zo bo'lishga chaqirish ham harom bo'ladi.
Imom Tabariy rahimahulloh Qatoda raziyallohu anhudan quyidagi qavlni keltirganlar: “Alloh sizlar uchun firqachilikni yomon ko'rdi... sizlarni undan hazar qilishga chaqirdi va undan nahy qildi. U zot sizlar uchun .... jamo'atni yaxshi ko'rdi va rozi bo'ldi. Bas, Alloh siz uchun rozi bo'lgan narsaga siz ham rozi bo'ling”.
Imom, alloma Zamaxshariy rahimahulloh ushbu oyatlar tafsirida quyidagicha deganlar: “...shuningdek “bu oyatlar ushbu ummatning bida'tchi toifalari haqida nozil bo'lgan” deb ham aytilgan”.
Hadislardan dalillar:
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Yahudlar etmish bir firqaga bo'lindilar. Nasorolar etmish ikki firqaga bo'lindilar. Ummatim esa, etmish uch firqaga bo'linadi. Ularning barchasi jahannamda, illo bittasi najot topadi. O'sha najot topuvchisi “buyuk qoralik”.
Hadisda Islom ummatining jamoa'si najot topishi ochiq-oydin aytilgan. Hech bir sog'lom aql egasi “hadisda keltirilgan “buyuk qoralik” (katta olamon) bu “Hizbut-tahrir” yoki “Salafiylar” va yo boshqa xususiy laqablar bilan jamo'atdan ajrab chiqqan toifalardir deb ayta olmaydi. Shuningdek hadisda bizlardan avval dinda adashgan yahudiy va nasroniylarning eng katta adashishlari bu—firqalarga bo'linib ketganligi ekaniga ham ochiq ishora bor.
Imom Muslim Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadislarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Alloh sizlar uchun uch narsaga rozi bo'ldi: o'zigagina ibodat qilib Unga hech narsani shirk keltirmasligingiz, Uning arqonini (Qur'onni) mahkam ushlashingiz va firqalanib ketmasligingiz”. deganlar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam ushbu hadislarida firqalanib ketmaslikni farz ekanligida shak-shubha yo'q narsalar bo'lgan tavhid va Qur'onni mahkam ushlash bilan bir qatorda zikr qilmoqdalar va Allohning roziligini shu narsalarga bog'liq ekanligini ta'kidlamoqdalar.
Tolibjon Sharipov.
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi